Ko`rinmas odam. Герберт Уэллс

Ko`rinmas odam - Герберт Уэллс


Скачать книгу
Xollning ijarachisi portlovchi moddalar yasaydigan anarxist emish. Gould ishdan bo‘sh vaqtini noma’lum kishini ta’qib etishga bag‘ishlamoqchi bo‘ldi. Uning ta’qibi asosan noma’lum kishi bilan uchrashib qolganida, unga tikilib qarash va hech mahal uni ko‘rmagan odamlardan uning kimligini surishtirishdan iborat edi. Shunga qaramay, janob Gould hech narsani aniqlay olmadi. Firensaydning «u odam chovkar yoki shunga o‘xshash allanima balo» degan uydurmasining tarafdorlari ham ko‘p edi. Masalan, Saylas Dergan «agarda noma’lum kishi yarmarkada o‘zini ko‘rsatishga jur’at etganida, katta mablag‘ orttirgan bo‘lardi», derdi va hatto bu gapning isboti uchun «Tavrot»da yozilgan, o‘z talantini yerga ko‘mgan odam voqeasini misol qilib keltirardi. Boshqalar esa noma’lum kishi telba bo‘lsa kerak, deb yurishardi. Bu taxminning fazilati shunda ediki, hamma narsani birdaniga ochiq-oydin qilib qo‘ya qolardi.

      Ayping jamoat fikridagi bu asosiy oqimlarning og‘ishmas tarafdorlaridan bo‘lak, ikkilanuvchi va yon bosishga tayyor kishilar ham bor edi.

      Susseks grafligi aholisi xurofotga uncha ishonmaydigan odamlar edi. Noma’lum kishining mo‘jizaviy tabiati haqidagi gumonlar esa aprel voqealaridan keyin paydo bo‘ldi, lekin bunga ham faqat xotinlargina ishondilar.

      Biroq bu odam haqida Aypingdagi kishilarning fikri qanchalik har xil bo‘lmasin, uni hamma birday yomon ko‘rardi. Uning aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan shaharlik odamga tushunarli bo‘lgan jizzakiligi og‘ir-vazmin Susseks aholisining jig‘iga tegardi. Uning achchig‘lanib qo‘l silkishi, shiddat bilan yurishi, tunda sayr qilib, eng xilvat joylardan, qorong‘ilik quchog‘idan kutilmaganda chiqib qolishi, gapga solmoqchi bo‘lganlarning so‘zini beodoblik bilan shartta bo‘lib ketib qolishi, eshikni doim qulflab yurishi, darpardani tushirib, sham va chiroqni o‘chirib qo‘yishga, ya’ni qorong‘iga ishqibozligi bilan kim ham chiqisha olardi, deysiz.

      Noma’lum kishiga ko‘chada yoki boshqa biror joyda duch kelgan odamlar undan o‘zlarini olib qochishardi. Aypinglik hazilkashlar esa paltolarining yoqasini ko‘tarib, shlyapalarini bostirib kiyishar va uning asabiylashib yurishiga hamda sirli xatti-harakatiga taqlid qilib, orqasidan mazax qilishardi. O‘sha mahalda «Arvoh odam» degan qo‘shiq xalq orasida juda keng tarqalgan edi. Miss Stetchel mazkur qo‘shiqni cherkovga chiroq olish maqsadida mablag‘ to‘plash uchun maktabda uyushtirilgan konsertda ijro etgan edi. Shundan so‘ng noma’lum kishi ko‘chada ko‘rindi deguncha, biror kimsa o‘sha qo‘shiq kuyini hushtak qilib chala boshlardi. Hattoki bolalar ham ba’zida kechqurun uylariga shoshilib borar ekanlar, uni ko‘rib qolishsa, orqasidan: «Arvoh odam!» – deb qichqirishar, so‘ng qo‘rquv va quvonchdan yuraklari ichlariga sig‘may ura qochishardi.

      Aypinglik vrach Kass bu sirdan voqif bo‘lishga urinib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay yurardi. Bint bilan o‘rab tashlangan bosh uning professional qiziquvini uyg‘otardi; ming bir shisha haqidagi ovozalar esa unda hasadomuz ehtirom uyg‘otardi. Butun aprel va may oylari davomida Kass noma’lum kishi bilan suhbatlashish uchun vaj axtardi. Nihoyat, sabr kosasi to‘ldi-yu, troitsa bayrami arafasida kasalxonada kasal boquvchi bo‘lib ishlaydigan kambag‘al ayol foydasiga pul to‘plash varaqasini to‘ldirish bahonasi bilan noma’lum kishi huzuriga borishga jazm qildi. U, missis Xoll o‘z ijarachisining ismini bilmasligini eshitib hayron bo‘lib qoldi.

      – Ijarachi ismini aytgan edi, – dedi missis Xoll (bu gap tamomila asossiz edi), – biroq men yaxshi eshita olmadim, – ijarachisi o‘z nomini aytishni xayoliga ham keltirmaganini e’tirof etish missis Xoll uchun juda o‘ng‘aysiz edi.

      Kass mehmonxonaning eshigini taqillatdi-da, ichkari kirdi. U yerdan g‘o‘ldirab so‘kingan ovoz eshitildi.

      – Bunday bostirib kirganim uchun afv etishingizni so‘rayman, – dedi Kass, shundan so‘ng eshik yopildi-yu, missis Xoll keyingi gaplarni eshitolmay qoldi.

      O‘n daqiqalar chamasi missis Xollning qulog‘iga g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar chalinib turdi. Keyin ajablanib xitob qilgan kishining tovushi, oyoqlarning tapir-tupuri, uloqtirib yuborilgan stulning taraqlagani, uzuq-yuluq kulgi eshitildi va ostonada rangi o‘chgan, qoni qochgan, ko‘zlari olaygan holda Kass paydo bo‘ldi. U eshikni ochiq qoldirib, missis Xollga qayrilib ham qaramay, zinapoyadan pastga tushdi va zing‘illaganicha ko‘chaga chiqib ketdi. U shlyapasini qo‘liga ko‘tarib olgan edi. Missis Xoll ochiq qolgan eshikdan ijarachining xonasiga mo‘ralamoqchi bo‘lib peshtaxtaning orqasiga o‘tdi. U elas-elas quloqqa chalinadigan kulgi ovozini, keyin esa qadam tovushini eshitdi. Ayol baribir turgan yeridan ijarachining basharasini ko‘ra olmadi. Keyin mehmonxonaning eshigi taraq etib yopildi-yu, hamma yoq jimjit bo‘lib qoldi.

      Kass to‘g‘ri vikariy Bantingning uyiga bordi.

      – Ayting-chi, men aqldan ozganmanmi? – so‘radi u hansirab vikariyning xonasiga kirishi bilanoq. – Telba bo‘lgan odamga o‘xshaymanmi?

      – Nima bo‘ldi? – so‘radi vikariy qo‘lidagi bosma qog‘oz vazifasini o‘taydigan chig‘anoqni navbatdagi va’z nasihatlari yozilgan qog‘ozlar ustiga bosib.

      – Anavi nusxa, Xollarning ijarachisi…

      – Xo‘sh?

      – Ichishga biror narsa bering, nafasimni rostlab olay, – dedi Kass stulga o‘tirar ekan.

      Kass arzon xeresdan ichib olgach (ko‘ngilchan vikariyda shundan bo‘lak ichkilik bo‘lmasdi), bir oz o‘ziga kelib, noma’lum kishi bilan uchrashuvi haqida hovliqib hikoya qila boshladi.

      – Mehmonxonaga kirdim-u, – entika-entika gap boshladi u, – kasal boqadigan ayol uchun bir oz pul berish to‘g‘risida imzo chekishni so‘radim. Men kirishim bilan u qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib, gurs etib o‘zini kresloga tashladi. «Eshitishimcha, siz ilm-fan bilan qiziqar ekansiz?» – deb gap boshladim men. «Ha», – deb javob berdi u va tomoq qirib qo‘ydi. U hadeganda tomoq qirardi. Shamollab qolgan bo‘lsa kerak. Shunday o‘ranib-chirmanib yurganidan keyin shamollaydi-da, albatta. Men kasalxonada bemorlarga qarab turadigan xotin haqida gapirdim-u, o‘zim nuqul atrofga razm soldim. Hamma yoqda shishalar va kimyoviy vositalar qalashib yotibdi. Tarozi va naychalar ham bor, xonadan esa tungi binafsha hidi keladi. «Lutfan imzo chekib bermaysizmi?» desam, «O‘ylab ko‘raman», deydi. Shunda men to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanasizmi?» – deb yana so‘radim. «Ha», – javob qildi u. «Uzoq davom etadigan ilmiy tadqiqotmi?» – so‘radim men. Uning g‘azabi qaynab ketdi. «Ha, o‘lguday uzoq davom etadigan», – deb javob berdi u zarda bilan. «Shundaymi?» – dedim. Ana shundan keyin hammasi boshlanib ketdi. Oldindanoq g‘azabi qaynab turgandi, so‘nggi savolim sabr kosasini to‘ldirib yubordi. U allakimdan retsept olgan ekan, juda muhim retsept emish: qanday maqsadda ishlatilishini ayta olmas ekan. «Tibbiyotga doirmi?» so‘radim men. «Obbo! Xo‘sh, sizning nima ishingiz bor?» – yana qo‘pollik qildi u. Men uzr so‘radim. U takabburlik bilan tomoq qirdi-da, so‘ng yana so‘zini davom ettirdi. U retseptni o‘qib berdi. Besh dori vositasining retsepti ekan. Qog‘ozni stolga qo‘yib, orqasiga qaradi. Birdan qog‘ozning shildirashi eshitildi: retseptni yelvizak uchirib ketdi. Kaminning quvuri ochiq ekan. Birdan alanga ko‘tarildi. Ko‘z ochib yumguncha retsept kuyib, kuli quvuridan chiqib ketdi. U kamin tomonga tashlandi – fursat o‘tgan edi. Ana shunaqa! Shunda u umidsizlik bilan qo‘l siltadi.

      – Xo‘sh?

      – Qo‘li yo‘q ekan – yengi bo‘m-bo‘sh edi. «Yo rabbiy, – deb o‘yladim men, – nogiron ekan-ku! Ehtimol, qo‘li yog‘ochdan bo‘lishi mumkin va boyaqish uni yechib qo‘ygandir. Har holda, – deb o‘yladim men, – bu yerda bir sir bor. Agarda ichida bir nima bo‘lmasa, nega yengi shalvirab qolmaydi?» Sizni ishontirib aytamanki, yengining ichida hech narsa yo‘q edi. To tirsakkacha tamoman bo‘m-bo‘sh. Men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, undan tashqari yengning ichi chiroq nurida yorishib turardi. «Yo parvardigori olam», deb xitob qildim men. Shunda u jim bo‘ldi va zangori ko‘zoynagi bilan avval menga, keyin o‘zining yengiga tikilib qaradi.

      – Xo‘sh?

      – Bor gap shu. Churq etib og‘iz ochmadi, faqat menga bir qarab qo‘ydi va tezlik bilan yengini cho‘ntagiga suqdi. Men retsept qanday yonib ketganida to‘xtabmidim? U


Скачать книгу