Tom Soyerning boshidan kechirganlari. Марк Твен
qoldi shekilli, qorni bilan yerga yotib oldi. Qo‘ng‘iz uning oyoqlari oralarida qoldi; it boyagiday harakatlarini davom ettirdi, bo‘lmadi. Keyin u, o‘zining bu ishidan zerikdi-da, erinchakligi tutib, mudray boshladi. Uning boshi sekin-asta yerga engashib, iyagi qo‘ng‘izga tegib ketdi, qo‘ng‘iz uni chaqib oldi. Pudel angillab, boshini silkitgan edi, qo‘ng‘iz undan ikki qadam nariroqqa borib yana chalqanchasiga tushib qoldi. Yaqin o‘rtada o‘tirganlar buni ko‘rib, kulgilarini ichlariga sig‘dirolmay o‘tirar edilar. Ko‘plari esa iljaygan yuzlarini yelpig‘ich va ro‘molcha bilan bekitib olgan edilar. Tom bundan benihoyat mamnun va xursand edi.
Pudelning ko‘rinishi anqovroq edi, – aftidan, u o‘zining ahmoq bo‘lib qolganini o‘zi ham sezgan bo‘lsa kerak, – shunday bo‘lsa ham uning yuragida keki bor va o‘ch olishni istar edi. Shuning uchun u sekin-asta qo‘ng‘izning yoniga kelib, ehtiyotlik bilan unga hamla qila boshladi. Goh u, goh bu tomondan qo‘ng‘izning ustiga tashlanar, shunda uning oldingi oyoqlari qo‘ng‘izga tegay-tegay der, ba’zan uning atrofida yurib tishlarini shaqillatar, boshini qimirlatganida, quloqlari shalpillar edi. Nihoyat, uni bu ish ham zeriktirdi; u, oldida uchib yurgan pashshalar bilan shug‘ullanib ko‘rmoqchi bo‘lgan edi, lekin bu ham uni uncha qiziqtirmadi. Tumshug‘ini yerga tegizay-tegizay deb, birdan yurib ko‘rdi, lekin ko‘p o‘tmay bundan ham zerikdi; bir-ikki marta esnab, ijirg‘anib, og‘ir nafas oldi-da, qo‘ng‘izni butunlay esdan chiqarib yuborib, uning ustiga o‘tirib oldi. Shu vaqt ajoyib bir hodisa yuz berdi. Pudel jonining boricha akillab cherkov ichida yugura boshladi. Xuddi mehrobning oldidan yugurib o‘tib, eshikka chopdi, akillab vovullashdan bir nafas to‘xtamay, eshik oldidan yana orqasiga yugurdi. Chunki, qo‘ng‘iz uning qornidan mahkam tishlab olganicha, jag‘larini bo‘shatmay yopishib yotar edi. U qancha ko‘p urinib yugursa, qornining og‘rig‘i shuncha kuchayar edi, natijada it hech tinmay aylana berishidan junlari hurpayib, misli ko‘rilmagan sur’at bilan uchib yuruvchi bir quyruqli yulduzga aylangan edi. Ish shuning bilan tugadiki, aqldan ozgan it, jon achchig‘ida o‘zini bir tomonga tashlab, o‘z xo‘jayinining tizzasiga borib yiqildi, xo‘jayini bo‘lsa, uni derazadan tashqariga otib yuborgan edi, uning angillagan ovozi sekin-asta uzoqlashib borib, keyin o‘chdi.
Cherkovdagilarning hammasi qizarishib, o‘zlarini qahqahlashdan zo‘rg‘a tiyib qolgan edilar. Hatto domla ham, o‘qiyotgan duolaridan yanglishib ketgan; garchi, u o‘z so‘zlarini o‘sha ondayoq tuzatib olgan bo‘lsa ham, endi uning so‘zlari avvalgidek silliq eshitilmas, dam-badam tutilib qolar, o‘z so‘zlarining kishilarga ta’sir etishiga ishonchsizlik sezib turar edi. Tinglovchilar bo‘lsa uning eng jiddiy va ta’sirli so‘zlarini ham kursi orqasidan turib, biror qiziqchilik so‘z eshitayotgandek kulimsirab tinglab o‘tirar edilar.
Nihoyat, shunday qiyin holatlar tamom bo‘lib, va’z so‘zlari tugab, «omin» deyilar ekan, o‘tirganlarning hammasi, bir og‘ir ishdan qutulgandek, chehralari ochilib, bir xo‘rsinib qo‘ydilar.
Tom Soyer shod va mamnun holda uyiga qaytib kelar ekan: «Agar ibodat vaqtida biror qiziq yangilik kirgizib turilsa, ba’zan cherkov ibodati ham uncha ko‘ngilsiz bo‘lmas ekan» deb o‘ylar edi. Faqat uning shodligi orasida bir narsa qora dog‘dek bo‘lib, uni xafa qilib turar, u ham bo‘lsa qo‘ng‘izning yo‘qolishi edi. Itning «chaqag‘on qo‘ng‘iz» bilan o‘ynashganiga qarshiligi yo‘q, lekin qo‘ng‘izni o‘zi bilan birga olib ketgani nimasi? Itning bu ishi albatta insofdan emas edi.
Oltinchi bob
TOM BEKKI BILAN TANISHADI
Tom Soyer, dushanba kuni ertalab uyqudan uyg‘onarkan, o‘zini juda baxtsiz his qildi. Har bir dushanba kuni erta bilan uning ahvoli hamisha shunday bo‘lar, chunki uning maktabda kechiradigan azob-uqubatlari haftasi shu dushanba kunidan boshlanar edi. U hatto kechagi kunning bayram bo‘lganligi uchun ham achinar, chunki ozodlikda yurgandan keyin, yana erksizlikka duchor bo‘lish undan ham og‘irroq edi.
Tom o‘ylanib yotardi. Birdan unga o‘zini kasallikka solish va shuning bilan maktabga bormay, uyda qolish istagi ma’qul tushdi. Chindan ham bu oliyjanob ish bo‘lar edi-da! U o‘z vujudini tekshirib ko‘rdi. Hech bir yeri og‘rimaydi va u, o‘z tanasining turli yerlarini yana bir qayta qo‘li bilan ushlab ko‘rdi.
Unga qorni sanchib og‘riyotgandek tuyuldi va keyinroq bu og‘riq kuchayib ketar degan umid bilan juda sevingan edi. Biroq, aksincha, qornining og‘rig‘i pasayib, sekin-asta butunlay yo‘qolib ketdi. Tom yana o‘yga botib turar ekan, birdan tishining qimirlab qolgani esiga tushdi. Bu uning uchun juda qulay bir narsa bo‘lib chiqdi, va u, endi ingramoqchi bo‘lgan edi. Birdan esiga shunday narsa kelib qoldi, agar tishim, deb og‘zimni ochdim degunimcha, xolam darhol tishimni sug‘urib olib tashlaydi, bu esa juda alamli bo‘lar, deb o‘yladi. Shuning uchun u, tish og‘rig‘ini bir tomonga qo‘yib turib, boshqa biror hiyla topishga urinmoqchi bo‘ldi. Biroz vaqt hech narsa o‘ylab topolmay turdi. Keyin u, bir kishining ikki-uch hafta kasal bo‘lib yotgani va unda barmog‘idan ajralish xavfi tug‘ilgani to‘g‘risida bir doktorning qilgan hikoyasini esladi. Bola darhol ko‘rpaning ostidan oyog‘ini chiqarib, bosh barmog‘ini tekshirib ko‘ra boshladi. Lekin u o‘sha kasalning qanday belgilari bo‘lishini bilmas edi. Shunday bo‘lsa ham bir sinab ko‘rsam zarar qilmas, deb o‘zidan o‘zi ingray boshladi.
Sid uyg‘onmay yotar edi.
Tom qattiqroq baqirishga tutindi va unga endi chindan ham barmog‘i og‘riy boshlagandek tuyuldi.
Sid esa hech qimirlamay, uxlab yotardi.
Tom baqiraverib, hansirab qoldi. U, biroz damini olib nafasini rostlagandan keyin, bir necha marta juda g‘alati qilib baqirdi.
Sid xurrak otishdan to‘xtamasdi.
Sidning uyg‘onmay yotishi Tomning jahlini chiqardi. U, bir-ikki marta «Sid! Sid!» deb chaqirib, ukasining yelkasidan ushlab silkib qo‘ydi. Tom yana qattiqroq ingray boshladi. Sid bir esnadi, kerishib olgandan keyin tirsagi bilan suyanib turdi-da, burnini torta-torta Tomga tikilib qarab qoldi. Tom ingrashida davom etar edi. Sid unga qarab:
– Tom! Menga qara! Tom! – dedi.
Javob bo‘lmadi.
– Eshitayapsanmi, Tom? Tom Senga nima bo‘ldi, Tom?
Sid ham akasining yuziga tikilib qarab, uning yelkasidan ushlab silkib qo‘ydi.
Tom qattiq ingrab:
– Qo‘y, Sid! Menga tegma! – dedi.
– Senga nima bo‘ldi, Tom? Men hozir xolamni chaqiraman.
– Yo‘q, kerak emas, chaqirma. Balki bu kasal o‘zidan o‘zi tuzalib ketar. Hech kimni chaqirma, kerak emas.
– Yo‘q, yo‘q, albatta chaqirishim kerak. Buncha ingramasang-chi! Qanday yomon bu! Ko‘pdan beri og‘riydimi?
– Bir necha soat bo‘ldi. Voy! Xudo xayr bersin, Sid, menga ko‘p qattiq tegma! Sen meni o‘ldirib qo‘yasan.
– Nega meni oldinroq uyg‘otmading, Tom? Unday ingrama, jonim! Sening ingrashingdan badanlarim muz bo‘lib ketayotir. Qayering og‘riydi?
– Sid, men barcha gunohlaringni kechirdim!… (Ingraydi). Sen mening oldimda har qanday ishga aybli bo‘lsang ham, men hammasini kechirdim. Men o‘lganimdan keyin…
– Hoy, Tom, nahotki, sen o‘lib ketsang? Tom jonim, o‘lma… Qo‘y, kerak emas, balki…
– Sid, men hammaning gunohini kechirdim. (Ingraydi). Sen shuni ularga yetkiz. Mening deraza ramkam bilan bir ko‘zlik mushuk bolamni bo‘lsa, ana shu shaharga yaqinda kelgan qizga ber va unga aytginki…
Biroq, Sid shu vaqt chalvorini qo‘liga olib yugurganicha ketdi: Tom endi chinakamiga kasal bo‘lgan, uning kallasi astoydil ishlar va uning ingrashlari ham juda tabiiy, kasal kishining tovushidek eshitilar edi.
Sid zinapoyadan yugurib tushib borar ekan:
– Xola, Polli xola, tezroq keling! Tom o‘lay deb yotipti, – deb baqirdi.
– O‘lay deb yotipti, deysanmi?
– Ha, ha, nimaga qarab turasiz?