Қутлуғ қон. Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
-line/>
Oybek
ASARLAR
O‘N TOMLIK
UCHINCHI TOM
QUTLUG‘ QON
Roman
Redkollegiya:
SARVAR AZIMOV, ABDULLA QAHHOR, IZZAT SULTON, MIRTEMIR, ZULFIYA, HOMIL YOQUBOV, LAZIZ QAYUMOV, MATYOQUB QO‘SHJONOV, QO‘CHQOR XONAZAROV, XOLIDA SULAYMONOVA.
BIRINCHI BOB
I
Vaqt peshindan oqqan edi. Iyul oyining quyoshi hamma yoqni olov seli bilan to‘ldirgan, havo allaqanday oq alanga bilan jimgina yonganday… Keng dala yo‘lida qatnovchilar siyrak: eski kir qalpog‘ini burniga qadar tushirib, issiqdan mudragan va horg‘in oriq otining yalqov qadamiga bardosh qilib shahardan qaytayotgan chetan aravali dehqon ikki oyog‘i bilan eshakning qorniga niqtab, muttasil «xix-xix» bilan halqumini qirgan bir mo‘ysafid uzumchi, qatig‘ini pullab, xurmachalarini orqalagan, issiqqa qaramay, goh aravaga osilgan, goh qush uyasini qidirib daraxtlarga ko‘z tikkan ust-boshi kir-chir sho‘x bolalar… Issiq tobora ortar, «g‘ir» etgan shamol yo‘q, ot-arava ko‘targan chang havoda uzoq vaqt qimirlamay turib qolar, yuzlarga qizigan temir uchquni kabi yopishar, nafasni bo‘g‘ar edi.
Qahraton qishda yalang oyoq muz bosib, saratonda qizigan qum kechib issiqda, sovuqda obdan pishgan bizning yigitni ham (katta masofani piyoda bosgani uchunmi) kun xiyla betoqat qilgan edi. U kuyib yotgan bilq-bilq yumshoq tuproqda salmoqli oyoqlarini ildam va yirik-yirik bosar, ko‘zlagan joyiga tezroq yetishga oshiqib o‘tkinchilardan so‘rar edi:
– «To‘pqayrag‘och»ga yaqin qoldimi?
– Hali bor. Ko‘prikdan keyingi guzar.
Uning ochiq yoqali uzun ko‘ylagi, ustidagi olacha yaktagi suvga pishganday jiqqa ho‘l bo‘lgan; ba’zan g‘ashi kelib, badaniga yopishgan ko‘ylakni ko‘chirar va yelpinar edi.
Ko‘prikdan o‘tish bilanoq guzar boshlandi: ko‘chaning ikki tomonida bir-biriga qarshi ikki choyxona, bir qassob do‘koni, buning yoniga suqulgan kichkina baqqolchilik.
Ko‘cha iflos, lskin suv qalin sepilgan; har yoqqa tarvaqaylab o‘sgan beso‘naqay, qari tollarning ko‘lankasi quyuq.
Yigit so‘l yoqdagi choyxonaning karavotiga o‘tirdi. Chang va terdan hosil bo‘lgan kirni yaktak etagi bilan yuzidan sidirib tashladi. Kichkina xaltani yoniga qo‘yib, choy so‘radi. Samovarchi chuvak yuzli, eti suyagiga yopishgan, jikkak va shu bilan baravar g'irt ko‘sa odam edi. U ustaning qo‘liga tusha-tusha xo‘p ezilgan, qorni pachaq, chirkin katta samovarning oldida yog‘och yelkasini qisib o‘tirar, kelgan-ketgan odamlar bilan unchalik ishi yuq; is bosgan kir latta bilan dam samovarni, dam yonida qalashgan piyola-choynaklarni artar, har kuni ming martalab qo‘lida tutadigan piyolalarni olib, go‘yo birinchi daf’a ko‘rganday, ko‘zini aylantirar, tovushini baland qo‘yib, o‘zicha valdirar edi: «Odamlarga hayronman-da! Agar sig‘sam edi, samovarning otashdoniga tushib, ko‘mir o‘rniga yonar edim. Jabbor ko‘sadan bir hovuch kul qolgan bular edi. Shu ham tirikchilikmi? Mana bu xumsaning ham labi uchgan! Mana bunisi darz ketibdi… Hoy, aravakash bola, otingni tort, naq tezagini do‘ppingga solib beraman!»
Nihoyat, shang‘i samovarchi jo‘mragi uchiga jez qoplangan choynakni va bir piyolani yigitning oldiga do‘q etib qo‘yib ketdi.
Choyxonada odam siyrak. Yigitlardan yuqoriroqda, o‘rta yoshli ikki dehqon o‘tirar, bu yil sabzi-piyozning bozori kasodligidan va ulovsizlikdan hasratlashar edi. Biri so‘zlab-so‘zlab, qamchi dastasi bilan yelkasini qashir, ikkinchisi esa qo‘nji bir qarich, churuk chorig‘ini ko‘rsatib: «Bu qachon yangi bo‘ladi? Sen ot-ulovdan gapirasan! Dehqonchilikda barakat qolmadi. Dehqonning sira mavqei yo‘q»-, deydi. Unisi: «Ha, ishqilib, bosh omon bo‘lsin, birodar», degan so‘zni takrorlar edi. Choyxonaning burchagida, kunning dahshatli yonuviga qaramay, qalin, qora jun chakmon o‘ralgan bir qozoq devorga suyalib mudrar, minut sayin ko‘zini ochib loqaydlik bilan samovarchiga buyurar edi: «Chilimni uzat!» Samovarchi nuqul kul bilan to‘lgan sarxonaga cho‘g‘ qo‘yar, burishib-turishib, chilimni olib borar va o‘dag‘aylar edi: «Tort, tort, sira haqing ketmasin!» U chilimni butun kuchi bilan, kashandalarday tortib, og‘ziga qitday tutun ilashmaganidan teskari burilib mikgar-dardi: «Sartning qudoy urg‘ani sen ekansen, o‘ngmag‘ur…»
yig‘it g‘oyat chanqagan edi, choyni quyib, puflab-puflab ichdi. Belbog‘iga tugilgan qirq tiyin chaqadan tegishlisini ayirib olib, piyola ichiga tashladi-da, o‘rnidan turdi. Lekin bir muddat taraddudda qoldi: qay tomonga qadam bosishini bilmas edi. Samovarchining «it fe’l» ekanini payqagan bo‘lsa ham, noiloj uning oldiga bordi.
– Mirzakarimboyning bog‘i qayerda, bilmaysizmi? – dedi muloyimlik bilan.
– Nima ishing bor?
– Yo‘liqmoqchi edim-da.
– Hm… Mirzakarimboyni Toshkentning to‘rt dahasi biladi. Hov anav ko‘chaga buril. Dang‘illama darvoza. Usha Iskandar Zulqarnayn ham bunaqa qo‘rg‘on solgan emas! – Samovarchi qo‘shaloq barmoqli panjasini cho‘zib bir ko‘chani ko‘rsatdi. Keyin bu begona yigitga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirib, havasi kelib gapirdi:
– Rosa muchang bor ekan, inim. Badaningdan kuch yog‘idib turibdi-ya. qayerliksan, sayramlikmi? Boy boboning omadi…
Choyxonaning ichkarisidan bir tovush yangradi:
– Tuf de, ko‘zing tegadi, kasofat! Shu so‘zingni menga aytsang, tishingni sug‘urib olardim.
– Koshkiydi manda tish bo‘lsa, sanda gavda bo‘lsa, simyon!
Yigit ularning so‘ziga bolalarday jilmayib, yo‘lga tushdi.
Yashil bo‘yoq bilan bo‘yalgan, ust tomoni o‘ymakor panjarali, katta va og‘ir darvozaga yetganda, yigitning yuragi bir oz o‘ynab ketdi. Darvozaning bir tavaqasi ochiq. U uzoqdan ichkariga qaradi. Qarshisida daraxtlar ostidagi katta supada, dastro‘molchasi bilan yelpinib o‘tirgan, qordek oppoq ko‘ylakli, oq soqoli bir tutamgina cholga ko‘zi tushdi. Yuragi yana po‘killadi. «Toshkentning to‘rt daxasi» taniydigan bu davlatmand kishining oldiga qanday kiradi? U sodda, uyatchan, kamtarin yigit edi. Lekin bir lahzada allaqanday kuch uni itarganday bo‘ldi. U darvozadan kirib, supaga o‘n-o‘n besh qadam qolganda, qo‘l qovushtirib, ta’zim bilan: «Assalomu alaykum» dedi. Faqat, salavot bosganidan, uning ovozi istagiga qarshi baland jaranglamadi. Allaqanday bo‘linib, siqilib chiqdi. Chol o‘tirgan joyidan qimir etmadi, bir qo‘lini qosh ustiga qo‘yib, keksalarga xos boqish bilan bir zum tikildi:
– Kel, chirog‘im, nima xizmat?
Yigit supa oldida to‘xtab, xaltasini qo‘ydi, uzun, baquvvat qo‘llarini cholga cho‘zdi. Supaning chetiga omonatgina o‘tirib, boshini quyi soldi: «qayerga keldim? Mirzakarimboy shu kishimikan? Balki bu boshqa birovdir deb o‘yladi.
Chol bu begona yigitning vaziyatida taraddudlanish sezib, qaytadan so‘radi:
– Xo‘sh, o‘g‘lim, nima arzing bor? Ayt…
yigit boshini ko‘tardi va unga tikilib qarab, jilmaydi.
– Mirzakarimboy siz bo‘lasizmi?
Chol boshi bilan tasdiqlagach, yigit davom etdi:
– Men Xo‘jakent qishlog‘idan keldim, jiyaningizning o‘g‘li bo‘laman.
– E, Xo‘jakentdan?
– Xushro‘ybibining o‘g‘liman.
– E, – Mirzakarimboy butun gavdasi bilan bir qo‘zg‘alib qo‘ydi , – jiyanim Xushro‘ybibining o‘g‘liman degin, barakalla. Rahmat, jiyan, yo‘qlab kelibsan. Qalay, onang baquvvatmi? Har yerda bo‘lsa, omon bo‘lsin. Oting nima, jiyan?
– Otim Yo‘lchi. Ayam, shukur, sog‘-salomat. Sizga salom deb qoldi.
– Dadang… E, Sherali qalay, bardammi?
– Dadam o‘lgan, ikki yildan oshdi chamasi. Mirzakarimboy qo‘llari bilan soqolini yengilgina siypab, marhumga fotiha o‘qigan bo‘ldi.
– Boyoqish ko‘p yaxshi odam edi; insofli, hamiyatli edi. Bir vaqtlar o‘rtada bordi-keldi bo‘lib turar edi. Dadang bu yerda ham,