Қутлуғ қон. Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
ko‘zi bunda! Uzoqdan qaraydi, qorasi o‘chguncha tikilib qoladi. Odamzodning ko‘zi yomon bo‘lar ekan, uka. Bir kun Eski Jo‘vada xo‘jayinni kutib to‘xtagandim. Bozor kuni, odam qalin. Hamma ko‘zini lo‘q qilib otga qaraydi. Tak, tak. Pashsha talayaptimi, hozir hammasini jahannamga yuboramiz qoracham! —pashshalarni ezib davom etdi Jo‘ra.
– Haligi yerda bir mo‘ysafid kelib, hassasiga suyalib, tikildi-qoldi. O‘zi ilgari asli qallob ekan. «Mallaxondan beri yashayman, bolam, ne-ne xonlarning, ne-ne beklarning otlarini ko‘rganman, ne-ne otlar o‘z qo‘limdan ham o‘tgan. Ammo, bu otjon ekan. Qaysi boyniki, bahosi qancha?» – dedi. «Otni yeding» dedim ichimda. «Boshqasi bo‘lsa, qamchi bilan solar edim, lekin soqoling oqini hurmat qildim», dedim…
– Ertasiga ot og‘rib qolsa bo‘ladimi! Kapalagim uchib ketdi. Yaxshiki mendan bo‘lak hech kim payqamadi. Xo‘jayinim otni tariqcha ham tushunmaydi. Kishi molini saqlash benihoyat qiyin, uka. O‘lib-netib qolsa baloga men qolaman. Xo‘jayin baqiroq odam. Yuvosh kishi ham xo‘jayin bo‘lgandan keyin, o‘zini bilmay ketadi, ko‘rganmiz. Xususan xizmatkorga o‘dag‘aylashni yaxshi ko‘rishadi. Nima qilish kerak? Boshim qotdi. Lip etib, bir azayimxon domlanikiga bordim. Nafasi o‘tkir deb eshitar edim.
– Pup, pup, pup… changga botibsan, jonivor. Hozir hammomdan chiqqan qizday yaltiratib qo‘yaman… – ha, domlaga nima dedim? Uyimizda bir bechora bemor bor, shaytonlab yotibdi. Taqsir, borib dam solib keling, shoyad nafasingizdan shifo topsa… Xo‘p, deb yonimga tushdi domlam. Otxonaga boshlab kirdim. Taqsir, mana bemor, dedim. Domla kuldi. Hech bokisi yo‘q, kecha gavmush sigirga ham dam solgan edim, dedi. Keyin duo o‘qib, otga dam urdi, sufladi. Isiriq tutat, dedi. Domlaga o‘z yonimdan bir so‘lkovoy qistirdim, ketdi. Ammo ko‘zimga uyqu kelmadi. Qoq yarim kechada enam oldiga bordim. Birgina kampir enam bor, uka. Yoshim qirqqa kirdi. Na xotin, na bola-chaqa. Dunyodan toq o‘tdik hisob. Enam kinna solishga, kuf-sufga chaqqon. Kampirni uyg‘otib: «Tur, karomatingni ko‘rsat», dedim. Voqeani tushuntirdim. Kampir bilan jo‘nadik. Qish kechasi. Sovuq. Yer oynaday. Boyoqish enam sirpanib, necha yerda yiqildi; harsillab, nafasi bo‘g‘ilib, axir yetib bordi. Tong otguncha enam bechora otga kinna soldi. Gap shunday, uka. Izvoshda «kataysa» qilish rohat. Lekin, nafsilamrda bizga o‘xshash otboqarga, haydovchiga qiyin, juda qiyin. Chu, nari tur, arzandam, tagingni tozalab qo‘yay endi.
Quyosh anchagina ko‘tarilgan edi. Mehmonlar o‘rinlaridan turib, kiyinib, gulzor atrofida o‘zaro gaplashib, kulishib beparvo yurishar edi. Ularning gaplari, muomalalari, yurish-turishlari Yo‘lchiga tamom begona tuyuldi. Ularga yaqinlashuv emas, hatto uzoqdan qarashga ham botinmadi. Jo‘ra o‘z ishini bitirgandan so‘ng, mehmonlar tomonga bemalol yurib bordi, hatto ba’zilari bilan ikki-uch og‘iz so‘zlashib, ko‘chaga chiqib ketdi. Yo‘lchi mehmonlardan uzoqda qo‘rg‘on ichidan oqib chiqayotgan ariq labida, daraxtga suyanib cho‘qqaydi.
Qo‘rg‘on eshigidan Mirzakarimboy chiqdi. Yo‘lchi o‘rnidan turib salom berdi. Boy unga qaramasdan «vaalaykum» deb o‘tib ketdi. Bir ozdan keyin mehmonlar oldidan qaytdi-da:
– Bu yoqqa yurchi, jiyan, – dedi.
Boy ariqdan tetik hatlab, oldinda yurdi. Uning yangi amirkon kavushi yumshoq g‘irchillar, shohi yaktagi quyoshda jivir-jivir tovlanib, uchqunlanib yaltirar edi. U bog‘ning tashqariga qaratilgan kichkina eshigiga kirdi. Yo‘lchining ko‘ziga «jannatday» katta bog‘ manzarasi ochildi, tomosha qilib, keksa tog‘aning orqasidan yuraverdi. Orasidan Qo‘qon arava bemalol yuradigan keng, uzun ishkomlar ikki tanobdan mo‘lroq yerni ishg‘ol etgan. Ko‘m-ko‘k tok barglari ertalabki quyoshda jilvalanadi. Bog‘ning to‘rt tomonini o‘ragan baland, yangi paxsa devor bo‘ylab shaftolilar o‘sadi. Ko‘plariga tirgovichlar qo‘yilgan bo‘lsa ham, mevaning ko‘pligidan shoxlari sinib, yerga tegib yetadi. Bog‘ning quyisida katta olmazor… Yo‘lchiga shunisi qiziq tuyuldiki, bu yerda qay tomondan qaramang, hamma daraxtlar bir chiziq ustida, tekis saf tortib turadi, daraxtlar o‘rtasidagi masofa ham baravar. Daraxtlar tani pakana, mevasi mo‘l va yirik. Lekin hozir deyarli hammasi ko‘m-ko‘k. Bundan tashqari, bog‘ning turli joylarida har xil mevali daraxtlar – nok, o‘rik, behi, jiyda va hokazo anchagina.
Mirzakarimboy bog‘ni aylanib, bir yerda to‘xtadi va kulib:
– Ishga tobing bormi, jiyan? – dedi.
– Ishga chanqovmiz-da, – deb javob berdi Yo‘lchi.
– Xo‘p, bog‘ning shu ikki tomonidagi zovurni tozalaysan, ishkomni yaxshilab chopasan. Lekin bularni shunchalik aytib qo‘ydim-da. Oldin qilinadigan boshqa ish bor. Yur, uni ko‘rsataman.
Ular bog‘dan chiqish oldida, bir yigitga duch keldi. Yo‘lchi uni tog‘asining kichik o‘g‘li Salimboyvacha ekanini payqadi. U ingichka, rangpar, qisiq ko‘zli, quyuq payvasta qoshli, peshonasi torroq yigit edi. Yoshi yigirma beshdan oshmagan bo‘lsa ham, qarimsiq ko‘rinar edi. Uning boshida yap-yangi tagdo‘zi do‘ppi, ustida cho‘ntaklari qop-qoqli, qaytarma yoqali uzun oq jujun kamzul, oyoqlarida ixcham, yangi etik. U to‘xtab gapirdi:
– Dada, bu yigit jiyaningizmi? Qalaysan, eson-omonmisan? Durust, durust…– ko‘zlaridagi kinoya, labidagi sun’iy iljayish bilan Yo‘lchiga qo‘l uchini berdi va bir zumda bog‘ ichida g‘oyib bo‘ldi.
Mirzakarimboy kechagi bedazorning etagida to‘xtadi.
– Ko‘rdingmi bu to‘nkalarni?
–Yo‘lchiga qarab gapirdi u.
– Bu yer chakalak edi. O‘tgan yil hammasini kesib oldik. Endi sen ishga tushib, kundalarni qo‘por, yerni tozala!
– Oldin buni bajaraymi?
–to‘nkalarni ko‘zdan kechirib so‘radi Yo‘lchi.
– Bugundan boshlayver. Bu zarur ish. Birinchidan, yer ochiladi. Ozgina yer emas bu. Taxminan chorak kam bir tanob. Yeni-veri bilan qo‘shilib, bir tanobdan mo‘l yer qo‘lga kiradi. Keyin yaxshilab chopasan. Yarmiga sabzi, yarmiga kartoshka ekasan. Shu bilan qishligimiz bemalol chiqadi. Yana bu joyda qancha o‘tin yotibdi? To‘nkalarni kavlab, bir chekadan yorilsa, talay o‘tin beradi. O‘tinsiz qozon qaynamaydi. chirog‘im. Har nimani bozordan olaversa, Sulaymonning g‘aznasi ham chidamaydi, jiyan. Ro‘zg‘orni bilish kerak. Boplab kundakov qil, ildizi qolmasin uqtingmi?
Yo‘lchi boshini qimirlatib tasdiq qildi. Shu yerda nonushta qilgandan so‘ng, bir ketmon va bir bolta keltirib ishga tushdi. U har xil og‘ir yumushlarni qilib o‘rganib ketgan bo‘lsa ham, to‘nka kavlamagan edi. To‘nkalar juda ko‘p ham bir-biriga juda yaqin. Yer esa tosh-metin. Qayrag‘och, teraklarning ildizi yer bag‘riga qattiq singgan. Yo‘lchi ishga razm solib, qaydan boshlash kerakligini o‘yladi. U avval katta kundalarning tevaragini ketmon bilan chopishga boshladi.
Ketmon yerga, naq toshga urilganday, tegadi. Yer ushalib, tosh parchalari singari atrofga sachraydi. U, bu yerga oldin suv qo‘yib, yer yumshagandan so‘ng kavlash kerakligini anglasa ham, vaqtni yo‘qotmaslik va tog‘aning amridan chiqmaslik uchun metin joyni kavlayverdi. Yer bora-bora kuchga bo‘ysunadi. Yo‘lchining zarbasi ostida to‘nkalar yalang‘ochlana, o‘zining qo‘pol, bahaybat gavdasini ko‘rsata boshlaydi. Birini qo‘porgandan keyin, ishning tiliga tushunadi. Tomog‘i qaqrasa, ariqdan suv ichib keladi, terlaydi, suvga chanqalganday ho‘l ko‘ylakni yechib, bir chekaga tashlaydi. Yo‘lchi katta to‘nkani yalang‘ochlab, ildizlarini, yo‘g‘on tomirlarini bolta bilan urib, yerdan ayirar ekan, o‘zidan o‘n besh-yigirma qadam narida, bedapoya etagida, yoniga paqirini qo‘yib, unga yashirincha tikilib turgan bir qizga ko‘zi tushdi. Qiz paranji o‘rniga churuk bir yaktak yopingan edi. Egnida eski, lekin oq chit ko‘ylak. Oyoqlarida juda eski kalish.
Yo‘lchi ishdan bir lahza bo‘lsin to‘xtamadi. Lekin bolta urish uchun qaddini ko‘tararkin, uning ko‘zlari, go‘yo unga bo‘ysunmaganday, bir necha marta o‘sha qiz tomonga tortildi… «Bu kimning qizi, qaydan keladi, qayoqqa boradi, uning boqishlarini sezdimi, yo‘qmi» – Yo‘lchi bilmas, ammo uning go‘zalligini birinchi qarashdayoq his etdi. Qiz hali yosh bo‘lsa-da, bo‘ychan edi, bichimi ingichka va sambit guli novdasiday adl edi. Oppoqqina, nozik yuzi quyoshda shunday tiniq ko‘rindiki, go‘yo u nurdan yaratilganday. Peshona va chakkasida salqigan sochlarining