Қор одам. Ганс Христиан Андерсен

Қор одам - Ганс Христиан Андерсен


Скачать книгу
dersen

      Qor odam

      BOTQOQLIK SHOHINING QIZI

      Laylaklar o‘z bolalariga botqoqlik va baliqchilar haqida ko‘p ertak aytib berishar ekan. Albatta, bu ertaklar ularning yoshiga, tushunchasiga mos qilib aytilarkan. Bordiyu, eng kichkina laylakchalarga ular yeydigan botqoq jonivorlari nomi zikr etilgan ertaklarni aytsangiz, juda qiziqib tinglasharkan, biroq yoshi kattaroq laylakchalar esa ertaklarda ko‘proq u-bu narsalar bo‘lishini, hech bo‘lmaganda o‘z xususiy oilalari haqida gap borishini talab qilishar ekan. Laylaklar orasida ma’lum va mashhur bo‘lgan eng qadimiy va uzun ertaklardan birini biz ham bilamiz. Unda onasi savatga solib, Nil daryosiga tashlagan Moiseyni fir’avinning qizi topib olib, tarbiyalagani haqida hikoya qilinadi. Keyinchalik u ulug‘ odam bo‘lib yetishgan, biroq qayerga dafn qilingani noma’lum. O‘zi ko‘pincha shunaqa bo‘ladi.

      Boshqa bir ertakni bizning yurtimizda to‘qilgani uchun hali hech kim bilmaydi. Mana, ming yillardan beri bu ertak og‘izdan-og‘izga o‘tayapti, ona laylaklar boshqalarga aytib beryapti, har bir ona laylak uni tobora yaxshiroq qilib aytyapti, endi biz ulardan ham durustroq qilib aytamiz.

      Mana shu ertakni to‘qigan va ertakdagi voqealarda o‘zlari ham ishtirok etgan dastlabki bir juft laylak yozni Daniyadagi bog‘larda, aniqrog‘i, Yutlandiyaning shimolidagi Iyoring viloyatiga qarashli Venyussel shahrining yovuz botqoqligiga yaqin joylarida o‘tkazishar ekan. Laylakning uyasi viking uyining yog‘och tomida ekan. O‘sha joyda hozir ham juda katta botqoqlik bor, buni muzofot haqidagi ma’lumotlardan ham bilib olish mumkin. O‘sha ma’lumotda aytilishicha, bu joylar bir vaqtlar dengiz tubi bo‘lgan ekan, keyinchalik ko‘tarilib, endilikda bu yerlarda bir necha kvadrat mil botqoqlik maysazori, balchiqzor, buta va yakkam-dukkam daraxtlar o‘sgan torf botqoqligi paydo bo‘lgan ekan. Ana shu joyni hamisha qalin tuman qoplab turar ekan. Ming yil muqaddam bu yerlar qanday bo‘lganini tasavvur qiling! O‘sha zamonlarda ham ko‘p narsalar hozirgi ko‘rinishga ega bo‘lgan. Masalan, to‘q binafsharang gulli qamishlarning bo‘yi hozirgiday baland, tanasi ko‘m-ko‘k bo‘lgan; oq qayinlarning tanasi ko‘zni qamashtiradigan darajada oqarib turgan, mayda yaproqlari shabadada raqsga tushgan, bu yerda yashaydiganlarga kelsak, pashshalar o‘sha zamonda ham hozirgiday tiniq ko‘ylaklar kiyib yurishgan, laylaklar hozirgiday ola-bula rangni juda yoqtirishgan, qizil paypoqlarni afzal ko‘rishgan, o‘sha zamonda faqat odamlargina boshqacha kiyinishgan. Har qanday odam, kimligidan qat’i nazar, ming yil ilgari ham hozirgiday balchiqqa ag‘anab ketishi mumkin bo‘lgan, axir, omonatroq qadam bosilsa bas, darhol kishi o‘zini botqoqlik saltanatida ko‘radi! Uni balchiq podshosi deb atasa ham bo‘laveradi-yu, lekin botqoqlik shohi deyilgani ma’qul. Buning ustiga laylaklar ham uni ana shunday ulug‘lashadi. Botqoqlik shohining idora qilish usuli ko‘plarga ma’lum emas, ma’lum bo‘lmagani ham yaxshi.

      Botqoqlikka yaqin joyda, Lim-fiordning naq yuqorisida vikingning uch qavatli, minora va tosh yerto‘lali yog‘och qasri qad ko‘targan ekan. Qasr tomiga laylaklar uya qurishgan ekan. Urg‘ochi laylak katta umidlar bilan tuxum bosib yotar ekan!

      Kunlarning birida laylakning eri qayerdadir hayallab qolibdi. Uyasiga hurpaygan, qattiq hayajonlangan holda qaytibdi.

      –Hozir senga bir gap aytaman! Turgan-bitgani dahshat! – debdi u xotiniga.

      –Oh, iltimos, bas qil bu gaplarni! – debdi xotini. – Tuxum bosib o‘tirganimni, qo‘rqib ketishim mumkinligini, bu esa bolalarimga yomon ta’sir qilishini unutma.

      – Quloq solsang-chi! Misrlik xo‘jamizning qizi bir iloji qilib yetib kelibdi! Shunchalik xatarli safardan qo‘rqmabdi! Endi uning ismini bir eslab ko‘r-chi!

      – Nima? Misr malikasimi? Axir u hurlar zotidan-ku! Qani, tezroq, tezroq gapira qol! Tuxum bosib o‘tirganimda betoqatlanishim zararli ekanligini yaxshi bilasan-ku!

      – Ko‘rdingmi, demak u shifokorlarning, botqoqlikda o‘sadigan gul otang dardiga shifo bo‘ladi, degan gaplariga laqqa tushibdi. Esingdami, buni o‘zing aytib bergan eding? Shunday qilib, u ikkita malika bilan birga patli kiyimda bu yoqqa uchib kelibdi. Bular esa har yili yasharish uchun shimolga cho‘milgani kelishadi. Uchib kelishga kelibdiyu, him-m…

      – Voy, muncha ezmalanding! – debdi ona laylak. – Axir tuxumlar sovib qolishi mumkin! Hayajonlanishim oqibati yomon bo‘ladi.

      – Hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim! – deb davom etibdi laylak. – Bugun kechki payt balchiq qattiqroq joylardagi qamishlar orasida yursam uchta oqqush uchib ketyapti. Ularning oqqushligi uchishidan bilinib turardi. O‘sha zahoti o‘zimga-o‘zim, bular haqiqiy oqqush emas, ular patdan kiyim kiyib olishgan bo‘lsa kerak, dedim! Onasi, sen ham juda ziyraksan! Nima gapligini darhol payqaysan!

      – Bu to‘g‘ri! – debdi laylakning xotini. – Menga malika haqida gapir, pat kiyimlar haqidagi gaplaring jonimga tegdi!

      – Botqoqlikning o‘rtasida, o‘zingga ma’lum, uncha katta bo‘lmagan ko‘lga o‘xshash joy bor. Sal bo‘ylansang, shu yerdan ham uning qirg‘og‘i ko‘rinadi! O‘sha joyda o‘sgan qamishzorda zirk daraxtining to‘nkasi bor. Oqqushlar o‘sha to‘nkaga qo‘nishdi, qanotlarini qoqishdi, atrofga nazar tashlashdi; keyin ulardan biri egnidagi oqqush kiyimni yechdi, men Misr malikasini darrov tanidim. Uning egnida hech qanaqa kiyimi yo‘q ekan, uzun sochlari butun tanasini yopib turibdi. Suv tagida ko‘ringan gulni olib chiqqunga qadar pat kiyimlarini qo‘riqlab turishni dugonalaridan iltimos qilganini ham eshitdim. Ular va’da berishdi, keyin uning pat kiyimlarini olishdida, osmonga ko‘tarilishdi. «Eh-he, bular qayoqqa yo‘l olishdi ekan?» deb o‘yladim. Ehtimol, malika buni o‘zi iltimos qilgandir? Lekin buning sababi tezda ravshan bo‘ldi. Ular osmonga ko‘tarilgach, malikaga: «Sho‘ng‘iyver, sho‘ng‘iyver! Endi oqqush bo‘lib uchib bo‘psan! Yurtingni ham ko‘rib bo‘psan! Botqoqlikda o‘tiraver!» deb qichqirishdi, pat kiyimlarni to‘zitib tashlashdi! Patlar osmonda qor uchqunlariday uchib yurdi, yaramas malikalar esa ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi!

      – Qanday dahshat! – debdi xotini. – Eshitishga ham madorim qolmadi! Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?

      – Malika yig‘lab, faryod cheka boshladi! Ko‘zyoshlari to‘nka ustiga ariq-ariq bo‘lib oqdi, to‘satdan to‘nka qimirlab ketdi! Bu to‘nka emas, balki balchiqda yashayotgan o‘sha botqoqlik shohi ekan. Uning qanday o‘girilganini ko‘rdim, qarasam, to‘nka emas! U loy va balchiqqa bulangan qo‘llarini malikaga cho‘zdi. Bechora shunaqayam qo‘rqdiki, sakrab tushib, balchiq ustidan qocha boshladi. Qayoqqa qocha olardi! Men o‘zim balchiq ustidan ikki qadam yura olmayman! Malika pastga cho‘kib ketdi, uning orqasidan botqoqlik shohi ham sho‘ng‘idi. Axir uni cho‘ktirgan ham o‘sha-da! Suv betida pufakchalar paydo bo‘ldi, vassalom! Bechora malika botqoqlikka tiriklayin ko‘mildi. Endi gul olib, o‘z vataniga qayta olmaydi. Oh, bu manzarani o‘zing ko‘rganingda toqat qilolmasding, xotinjon!

      – Bunaqa hodisalarni menga aytmaganing ma’qul edi! Bu tuxumga ta’sir qilishi mumkin! Malika falokatdan qutuladi! Uni xalos qilishadi! Bordiyu, mening yoki sening, yo bo‘lmasa o‘zimiznikilardan birortasining boshiga shunday kun tushsa, adoyi tamom bo‘lardik.

      – Harholda hushyor bo‘lib turaman! – debdi laylak, shunday qilibdi ham.

      Oradan ko‘p vaqtlar o‘tibdi.

      Kunlarning birida laylak qarasa, botqoqlikning tubidan uzun, ko‘m-ko‘k poya bo‘y cho‘zib chiqibdi, keyin suv betida yaproq paydo bo‘libdi; u o‘sib, tobora kattalasha boribdi. So‘ng suvdan g‘uncha ko‘rinibdi, laylak botqoq ustidan uchib o‘tayotganda quyosh nurlarida g‘unchaning ochilganini, gulning kosasida go‘yo hozirgina cho‘milib chiqqandek jajji qizchaning o‘tirganiga nazari tushibdi. Qizcha Misr malikasiga juda-juda o‘xsharmish, laylak avvaliga bu yana kichkina bo‘lib qolgan malika deb o‘ylabdi, lekin durustroq bosh qotirib, u Misr malikasi bilan botqoqlik shohining qizi bo‘lsa kerak, degan fikrga kelibdi. Shuning uchun ham u gulkosada o‘tiribdi-da.

      «Uning bu yerda qolishi mumkin emas! – deb o‘ylabdi laylak. – Bizning uyamiz ham tang-u tor! To‘xta, to‘xta, topdim! Vikingning bolasi yo‘q, bola kerakligi haqida ko‘p gapirgan… Baribir meni birovlarning uyiga bola tashlab ketadi, deyishadi, shu vajdan chindan ham qizchani vikingning xotiniga eltib bersam, rosa xursand bo‘lardi!»

      Laylak qizchani olib, vikingning uyiga uchib boribdi, derazani tumshug‘i bilan ochib, bolani vikingning xotini oldiga qo‘yibdi, keyin uyasiga qaytib, bo‘lgan voqeani xotiniga aytib beribdi. Bu gaplarni bolalari ham eshitibdi, ular ancha katta bo‘lib qolishgan ekan-da.

      – Mana, ko‘rdingmi,


Скачать книгу