Қор одам. Ганс Христиан Андерсен

Қор одам - Ганс Христиан Андерсен


Скачать книгу
qurbonlik toshi ustida birinchi marotaba inson qoni to‘kilishi lozim ekan.

      Xelga xudo va xalq tasviriga qurbonlik qonini sachratish uchun ijozat so‘rabdi, pichog‘ini qayrab, yonidan chopqillab o‘tib ketayotgan judayam barvasta, qopog‘on itning biqiniga shaxt bilan pichoq uribdi.

      – Sinab ko‘rdim-da! – debdi qiz, vikingning xotini esa yovvoyi, yovuz qizga tashvish bilan tikilibdi. Kechasi odatdagiday Xelganing qiyofasi o‘zgarishi bilanoq uni ta’nali so‘zlar bilan koyibdi, bu ta’na so‘zlari og‘zidan qanday chiqib ketganini o‘zi ham bilmay qolibdi.

      Badbashara, trollga o‘xshash mudhish qiyofali baqa unga qayg‘uli qo‘yko‘zlarini tikib turaveribdi, onasining har bir so‘zini aqlli odam singari tushunayotgandaymish.

      – Sendan o‘tgan alam haqida hech kimga, hatto erimga ham lom-mim demadim! – debdi vikingning xotini. – Senga shunchalik rahm qilaman deb o‘zim ham o‘ylamagandim! Ehtimol, onalik mehri beqiyosdir, ammo qalbing mehr nimaligini bilmaydi! Ko‘ngling o‘zing bino bo‘lgan sovuq balchiqqa o‘xshaydi!

      Bu so‘zlar uning tanasini ruhi bilan bog‘laydigan qandaydir ko‘rinmas bir ipga ta’sir etganday badbashara jonivor titrab ketibdi; baqaning ko‘zidan yirik tomchilar dumalab tushibdi.

      – Seni sinaydigan vaqtlar ham keladi! – davom etibdi vikingning xotini. – O‘shanda mening boshimga ham katta kulfat tushadi! Oh, jajjigina paytingda ko‘chaga chiqarib tashlasak bo‘lmasmidi; tungi sovuq joningni olsa ham mayli edi!

      Shu payt vikingning xotini achchiq-achchiq yig‘labdi, qalbi g‘azab va alamga to‘lib yog‘ochga ilingan, devor vazifasini o‘tayotgan yirtqich hayvon terisidan tikilgan parda orqasiga o‘tib ketibdi.

      Baqa qunishib, burchakda yolg‘iz o‘tiraveribdi: sukunatni faqat uning og‘ir, bo‘g‘iq xo‘rsinishlarigina buzib turibdi: baqa qalbining to‘rida iztirob ichida yangi hayot paydo bo‘layotganday bo‘libdi. To‘satdan u eshik tomon yuribdi, biroz quloq solibdi, keyin yana yo‘lida davom etib, ojiz panjalari bilan eshikning vazmin murvatiga tirmashibdi, uni sekin halqadan chiqaribdi. Qarasa, mehmonxonada tungi sham yonib turganmish; baqa uni olib tashqariga chiqibdi: kimningdir qudratli irodasi unga madad berayotgandaymish. Mana, u temir murvatni halqadan chiqarib, uxlab yotgan asirga yaqinlashibdi va uni sovuq, yopishqoq qo‘li bilan turtibdi. Asir uyg‘onibdi, qarshisidagi badbashara hayvonni ko‘rib, yovuz ruhning yo‘ldan ozdiruvchi ko‘lankasi oldida turganday qo‘rquvdan titrab ketibdi. Lekin baqa uning qo‘l-oyog‘i bog‘langan arqonlarni kesibdi, orqamdan yur, degan ishorani qilibdi.

      Asir duo o‘qibdi – yovuz ruh g‘oyib bo‘lmabdi, shunda u:

      – Bu jonvorlarga oqilona munosabatda bo‘lgan kishi tangri inoyatiga sazovordir. Parvardigor qiyomat kuni bundaylarga karam qilgusidir!.. – debdi. Kimsan o‘zing! Nahotki, hayvon qiyofasidagi mavjudot qalbida shuncha rahm-shafqat, achinish bo‘lsa?

      Baqa yana bosh qimirlatibdi. Asirni torgina yo‘lakdan devoriga gilamlar qoqilgan otxonaga boshlab kiribdi va otlardan birini ko‘rsatibdi. Asir otga minibdi. Baqa ham uning oldiga sakrab chiqib, otning yolidan mahkam ushlab olibdi. Asir baqaning maqsadiga tushunibdi va bir o‘zi hech topa olmaydigan aylanma yo‘lga chiqib, ot qo‘yibdi.

      Ko‘p o‘tmay baqaning badbasharaligini ham unutibdi, bu maxluq xudoning inoyati deb o‘ylabdi. U to‘xtovsiz kalima keltirib, duo o‘qiyveribdi. Baqa bu duolardanmi yoki tong salqinidanmi titrab ketibdi. Qalbida qandaydir tuyg‘ular tug‘yon uribdi. To‘satdan u ot ustida tik turib, otni to‘xtatmoqchi va pastga sakramoqchi bo‘libdi. Xristian baqani mahkam ushlab olibdi va yovuz sehr-jodu ustidan g‘olib chiqish niyatida baland ovoz bilan duo o‘qishda davom etibdi. Ot yurishini tezlatibdi, tong yorisha boshlabdi. Mana, dastlabki quyosh tig‘i bulut bag‘rini yorib chiqibdi. O‘sha lahzadayoq mo‘jiza yuz beribdi: baqa jin qalbli yosh, chiroyli qizga aylanib qolibdi. Yosh xristian bag‘ridagi go‘zal qizni ko‘rib qo‘rqib ketibdi, otni to‘xtatib, yerga sakrab tushibdi. Ruhoniy, qarshimda yangi jodu paydo bo‘ldi, deb o‘ylabdi. Lekin Xelga ham ko‘z ochibyumguncha yerga sakrab tushibdi: uning kalta ko‘ylagi tizzasiga ham yetmasmish; qiz yonidan pichoq chiqarib, hayratdan qotib qolgan xristianga tashlanibdi.

      – To‘xta! – debdi qiz. – To‘xtab tur, pichoqni bu yog‘ingdan suqib, u yog‘ingdan chiqaraman. Bo‘zday oqarib ketganini qara-ya buning! Kul! Ko‘sa!

      Qiz bilan asir o‘rtasida olishuv boshlanib ketibdi, lekin yosh xristianga ko‘rinmas kuchlar yordam berayotganday bo‘libdi. U qizning qo‘lini qattiq ezibdi, yo‘l chetidagi qari eman daraxti qizni batamom yengishga ko‘maklashibdi: Xelganing oyoqlari yerdan chiqib turgan dub ildizlariga kirib qolibdi. Xristian uni mahkam ushlaganicha o‘sha joydagi buloq oldiga olib boribdi. Qizning ko‘krak va yuzlariga buloq suvini sepib, unga mahkam yopishib olgan jinlarga qarshi afsun o‘qibdi, boshidan but aylantiribdi, biroq kishining dilini e’tiqod bilan yuvmay turib, suv bilan cho‘qintirishning o‘zi kifoya qilmas ekanda.

      Harholda xristianning sirli harakati va so‘zlarida odamning kuchidan zo‘r qandaydir qudrat bor ekan, ana shu qudrat Xelgani yengibdi. U qo‘llarini tushiribdi, yosh yigitga hayajondan bo‘zday oqarib ajablanib qarabdi. Yigit uning ko‘ziga sirli bilimlarni suv qilib ichgan qudratli afsungar bo‘lib ko‘rinibdi. Axir u boshi ustida sirli ishoralarni chizib, afsun o‘qibdi-da! Agar uning boshida o‘tkir bolta yoki pichoqni aylantirishganda, miq etmas ekan-u, negadir yigit peshonasi va ko‘ksida xoch belgisini chizganda qiz ko‘zlarini yumib olibdi. Boshini quyi solib, o‘rgatilgan qushday yuvosh bo‘lib qolibdi.

      Shunda yigit uning kecha tunda ko‘rsatgan sevgi jasorati haqida, badbashara baqa qiyofasida kelib kishanlardan ozod qilgani, zindon qorong‘iligidan yorug‘lik va hayot sari olib chiqqani haqida qisqacha gapirib beribdi.

      – Lekin, sen men bog‘langan arqonlardan ham pishiqroq arqon bilan bog‘langansan, endi ana shu arqonlarni yechib, seni yorug‘lik va hayot sari yetaklab chiqish mening navbatim, – debdi yigit. Qizni hayot sari, Xedebadagi avliyo Ansgareyga olib borajagini, o‘sha xristian shahrida undagi butun sehr-jodularni olib tashlajagini aytibdi. Garchi qiz yuvosh bo‘lib qolgan bo‘lsada, uni otga mingashtirib olib ketishga jur’at etolmabdi.

      – Sen old tomonimga emas, orqamga mingash! Husning yovuz kuchga ega, undan qo‘rqaman! Biroq, Isoning qo‘llab-quvvatlashi tufayli albatta g‘olib chiqaman.

      Shu payt u tiz cho‘kib, astoydil duo o‘qibdi, o‘rmon sekin muqaddas ibodatxonaga aylanganday bo‘libdi: qushlar cherkovning yangi namozxonlariday sayrab yuborishibdi, yovvoyi yalpiz buxo‘r o‘rnini bosib, xushbo‘y hidlar taratibdi. Quyidagi muqaddas so‘zlar baland jaranglabdi:

      «Zulmatda o‘tirgan xalq yorug‘likka chiqdi, o‘lim soyasi mamlakatida o‘tiruvchilarga nur taraldi».

      Shunday qilib, ruhoniy qizga ma’naviy g‘am-g‘ussa tabiatda eng yuksak narsaga intilish haqida gapira boshlabdi, o‘ynoqi ot esa bir joyda jimgina turib maymunjonning yaprog‘ini chimchilab yeyishga tushibdi, sersuv, sershira mevalar go‘yo Xelganing chanqog‘ini qondirmoqchiday uning qo‘liga uzilib tusha boshlabdi.

      Xristian qizni otning sag‘risiga o‘tqizayotganda qarshilik ko‘rsatmabdi; Xelga tush ko‘rayotganday bo‘libdi. Xristian ikkita novdan xoch shaklida bog‘lab baland ko‘tarib olibdi. So‘ng ular tobora qalinlashib yo‘llari torayib, ba’zi joylarda esa butunlay yo‘qolib torayib, ba’zi joylarda esa butunlay yo‘qolib borayotgan o‘rmon bo‘ylab yo‘lda davom etishibdi. Tikanli butalar ularning yo‘liga g‘ov bo‘libdi, bunday joylardan aylanib o‘tishga to‘g‘ri kelibdi. Buloq suvi oqmay, bir joyda tek turadigan botqoqqa aylanibdi, uni ham aylanib o‘tishga to‘g‘ri kelibdi. O‘rmon chakalakzorlaridan kishining ko‘nglini xushnud etadigan, unga kuch-quvvat bag‘ishlaydigan va yashartiradigan shabada esibdi. Xristianning zulmat qo‘ynidan yorug‘lik va hayot sari yetaklab chiqishga ruhlantiruvchi so‘zlari, kichkina qalbi ishonch va muhabbat bilan tepayotgan qizning ham ma’sum ko‘ngliga orom bag‘ishlabdi, uni mustahkamlabdi.

      Yomg‘ir tomchisi qattiq toshni ham o‘yib tashlaydi, dengiz to‘lqinlari qoyadan qulab tushgan xarsangtoshni o‘tkirlashtiradi yo dum-dumaloq qilib qo‘yadi, deyishadi. Xelganing ruhiga sachragan ilohiy


Скачать книгу