Allamjonov aybdor. Komil Allamjonov

Allamjonov aybdor - Komil Allamjonov


Скачать книгу
uni shunchalik yomon koʻrardim. Hammaning oldida meni haqorat qilishi yoki arzimagan xatoyim uchun studiyadan haydab solishi mumkin edi. Hech qachon salomimga alik olmasdi, xuddi bu bilan biror joyi kamayib qoladigandek. Eslasam, haliyam tushunmayman, nahotki bir ogʻiz soʻrashish shunchalik malol kelgan boʻlsa?!

      «Davr tongi»ga Sevara Nazarxon sevishganlar kunida konsert bergani haqida kichkina lavha tayyorlab, rosmana baloga qoldim.

      – Qanaqa sevishganlar? – chinqirdi u. – Jinnimisan? Sevishganlaring nimasi?! Menga nimani tiqishtiryapsan?

      Baqir-chaqiri butun MTRKga eshitildi. Shundan keyin iloji boricha uning koʻziga koʻrinmaslikka harakat qildim. Hech kim tahririyatning qoidalari, siyosatini, umuman, televideniуening yozilmagan qonunlarini oʻrgatmasdi. Lekin ishni xuddi tajribali odamdan soʻragandek talab qilishardi. Alam qiladigani shu edi. Ishimni qoyil qilib bajarishga harakat qilganim sari soʻkish eshitardim. Men oʻzimga boshqacha bir munosabat talab qilmayman. Lekin doʻq-poʻpisa, haqoratni umuman koʻtara olmayman. Gap eshitmaslik uchun hamma ishni astoydil, oʻz vaqtida bajaraman.

      Hozirgacha nima ish qilsam, xuddi tepamda Furqat Zokirov aftini burishtirib, «Tahririyatdan haydayman!» deb oʻdagʻaylayotgandek tuyulaveradi. Hamma loyihalarim pishiq-puxta chiqishi shundan boʻlsa kerak.

      

      Furqat Zokirov meni haydab yuborgan «Davr» studiyasining montaj koʻrikxonasi hamda «Davr tongi» dasturi ijodiy guruhi.

      Lavhalarni hammadan yashirincha, eng asosiysi, direktorga koʻrsatmasdan tayyorlashga toʻgʻri kelardi. Kamerani yalinib olib, kechalari montaj qilardim. Shundayam televideniуeda bemalol koʻrsatsa boʻladigan yaxshi material chiqardi. Masalan, «Qutqaruv-050» xizmatiga bagʻishlangan qisqagina lavhamdan hatto Furqat Zokirov ham kamchilik topolmay, efirga qoʻygan.

      Keyin FVV3 haqida koʻrsatuv tayyorladim. Binoyidek material boʻldi, shunchalik oʻzimga yoqqanidan FVV ofisiga borib, oʻzlariga koʻrsatishga qaror qildim.

      Peshona deb shuni aytsalar kerak: men «qaydasan FVV» deb yoʻlga chiqqanimda matbuot xizmati boshligʻi kapitan Begmatov yangi tayinlangan vazir Botir Parpiуevning qabulida oʻtirib, dakki eshitayotgan boʻlgan. Axborot xizmati ishlamayapti, vazifasini bajarmaydi, yangiliklar eʼlon qilmaydi, televizorda koʻrinmaydi… Kapitan Begmatov peshonasidan duv-duv oqayotgan terni roʻmolchasi bilan artgancha, boshi qotib oʻtiravergan. Vazir haq edi.

      Qabulxonadan chiqqan Begmatovga FVV binosida axborot xizmatini qidirib yurgan yosh yigitcha, yaʼni men roʻpara kelib qoldim. Kapitan rosa xursand boʻlib ketdi.

      – Menga xuddi shu kerak edi! – dedi u, tayyorlagan koʻrsatuvimni koʻrib. Keyin ust-boshimga gʻalatiroq qaradi-da (kalta ishton – shortikda edim): «Ertaga tuzukroq kiyinib kel. Shim, koʻylak… Ministrning oldiga kiramiz», – dedi.

      Ertalab FVV eshigiga yetib kelganimda ish kuni boshlanishiga hali oʻn besh daqiqa bor edi. Vazirning xonasiga kirdim. Forma kiygan Botir Rahmatovich kattakon stol ortida nimadir oʻqib oʻtirardi. Oʻziyam qoyadek salobatli. Menga bir qarab qoʻydi.

      – Assalomu alaykum… – ikkilanib, sekingina stol tomon yurdim. Shu payt kutilmagan voqea boʻldi. Men Furqat akaning salomimga alik olmasligiga oʻrganib qolgan ekanman. Vazir oʻrnidan turdi. Stolni aylanib oʻtib, menga qoʻlini uzatdi.

      – Vaalaykum. Yaxshimisiz? – u shunday deb, oʻtirishga ishora qildi.

      Nimaga kelganim ham esimdan chiqib ketdi. Oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Kimsan vazir men – oddiy bir talaba bilan soʻrashish uchun oʻrnidan turdi-ya! Bu odamni oʻsha kundan hurmat qila boshladim. Haligacha koʻnglimda ana shu minnatdorlik hissi bor.

      Botir Rahmatovich materialni koʻrib, juda mamnun boʻldi. Ishim unga yoqdi.

      – Yashang! Endi qogʻoz-qalam olib, yozing. Mana bu joyida galstuk sal qiyshayib qopti, bunisida furajkani toʻgʻrilash kerak. Manavi yerga bunaqa kirib borilmaydi, bu tomondan emas, narigi tarafdan…

      Vazirning gaplarini yoza turib, kayfiyatim tusha boshladi. Video gazeta uchun yozilgan reportajmas-ku, besh daqiqada oʻzgartirib tashlasam. Qiyshaygan boʻyinbogʻni toʻgʻrilash uchun oʻsha lavhani boshqatdan tasvirga olish kerak. U paytlari MTRKda hech kim oʻzicha kamera ololmas, texnika jurnalistlarga jadval boʻyicha, navbati bilan berilardi. Olasan, qoʻl qoʻyasan, joyiga borib, tasvirga tushirib kelasan, xullas, oʻziga yarasha tartib-qoidasi bor. Keyin hamma materialni montajda yigʻib, render qilish kerak.

      – Yozib oldingmi? Senga ertagacha muhlat.

      Qanday ulgurganimni bilmayman-u, lekin epladim. Kechasi bilan uxlamadim. Ertalab tayyor qilib bordim.

      – Barakalla! Faqat kecha manavi joyi esdan chiqibdi-da, shuniyam qoʻshib qoʻy, kechqurun koʻrsatasan.

      Vaqt kechagidan ham kam. Oʻshanda hayotimda birinchi marta umuman iloji boʻlmagan ishni qilib, kechgacha topshiriqni bajardim.

      – Ana endi hammasi joyida, – dedi vazir. – Efirga beraver!

      Kulib yuboray dedim.

      – Botir Rahmatovich, men televideniyeda kichkina odamman. MTRK raisi u yoqda tursin, muharrir ham gaplashib oʻtirmaydi men bilan. Uni hatto koʻrmayman ham. Lavha efirda ketishi uchun uning imzosi kerak.

      – Yoʻgʻ-e? – astoydil hayron boʻldi vazir. – Mayli, shuyam muammomi?..

      U telefonda Koʻchimovning4 raqamini terdi..

      – Abdusaid aka, bizni qoʻllab turganingiz uchun rahmat, yigitlaringiz zoʻr ekan, juda yaxshi koʻrsatuv tayyorlashibdi…

      Ishxonada Furqat Zokirov meni qilich yalangʻochlab kutib turgan ekan. Bu safar u butun Toshkentni boshiga koʻtarib baqirdi. Men uni bir tiyinga olmay, ruxsatsiz, navbatsiz kamera olib chiqib ketibman. «Tirrancha, dumbul, ahmoq, eshshak… Menga yuqoridan bosim oʻtkazaman, deb oʻylama!»

      Oʻsha kundan boshlab ikki oʻt orasida qoldim. FVVdagilar aytsa, lavha tayyorlab beraman, keyin direktor menga zahrini sochadi: har safar vazirlikdan qoʻngʻiroq qildirib, texnika jadvalini buzarmishman.

      Ish koʻp, MTRKdan yarim kechasi qaytardim. «Navoiy» metro bekatidan oxirgi poyezd tungi 12:03 da joʻnar, nima qilib boʻlsayam, ulgurishim kerak edi. Bunaqa paytda metroda deyarli odam boʻlmaydi, faqat farrosh xola kattakon shvabrasini perronning u boshidan bu boshiga sudrab yuradi, yana ikki militsioner mudrab oʻtiradi. Bekat boʻm-boʻsh, nimqorongʻi, ovozlar aks-sado beradi, oʻziga xos hidi bor… Metroning hidini shunaqa yaxshi koʻrardim-ki… Bu uyga qaytish hidi edi. Tonneldan keladigan shamol va yaqinlashayotgan poyezd chiroqlarini aytmaysizmi! U meni yana bir ogʻir ish kunidan ozod qilib, erkinlikka olib chiqadigandek tuyulardi. Hammasidan koʻra shu yoqimli edi.

      Mening bekatim – eng oxirgisi. Shuning uchun baʼzan yoʻlda uxlab qolsam ham, kerakli bekatdan oʻtib ketmasdim. «Beruniy5 – oxirgi bekat. Vagondan chiqayotganda buyumlaringizni unutmang». Shu soʻzlarni eshitib, uygʻonib ketardim.

      Beruniyda soat tungi oʻn ikkidan keyin jamoat transporti qatnamas, Qoraqamishga6 yetib olish uchun taksichilar turgan «pitak»ka kelardim. Oxirgi manzil – Tansiqboyev koʻchasi, toʻrt yoʻlovchi yigʻilmaguncha, mashina yurmaydi. Men oldingi oʻrindiqqa joylashib, sovuq kunlari pechkani yoqishni soʻrardim va ryukzagimni quchoqlagancha boshqalarni kutib, uxlab qolardim. Taksi birpasda toʻlardi.

      Koʻpincha oxirida men qolardim. Haydovchilar har safar: «Tansiqboyevgacha deganding-ku, tush endi!» deb men bilan tortishar, men esa yana ikki yuz metr yurishim kerak edi. Qattiq charchaganimdan «Sal nariroqqa tashlab qoʻying, aka» – deb yalinardim.

      Uxlashdan ham koʻra tezroq ovqatlansam, derdim. Oʻn ikki yoʻlakli uyimiz uzoqdan koʻzimga kattakon boʻlka non boʻlib koʻrinardi. Xayolan ustiga ikki parrak Yusupov pamildoridan qoʻyib, tuz separdim.

      Ishdan ertaroq chiqsam, trolleybusda ketib, keyin yana ikki bekat piyoda yurardim. Maktabning yonidan shoshmasdan oʻtardim, lekin panjara tugab, qabriston devori boshlanganda yugurishga tushardim – atrof vahimali, qop-qorongʻi, salgina shitirlagan tovushdan yuragim yorilay deydi. Yugurganim yaxshi.

      Oyim qornimni toʻydirish uchun ishdan kelishimni albatta


Скачать книгу