Mehrobdan chayon. Abdulla Qodiriy

Mehrobdan chayon - Abdulla Qodiriy

Скачать книгу
nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir6. Otangiz marhum – nikohlanaman deb aytkan bo‘lsalar ham nikohlandim, deb aytmaganlar. Bas, amiralmo‘minin mazkurani xud nafslariga7 aqdi sha’riy8 qilsalar joiz va durustdir. Vallohi a’lam bis savob”, deb fatvonomani “binni mufti marhum”, “binni mudarris marhum”, “binni Hoqandiy marhum” – muhri bahaybatlari bilan qalashdirib beradirlar va Madalixon to‘y va tomoshalar bilan murod-maqsadig‘a yetadir…

Kimlarning vositasi bilandir mazkura go‘zal kanizning ta’rifi Buxoro amiri – amir Bahodir – (Botur)9 xong‘a yetib, ul ham ilgaridan haligi kanizga g‘oyibona oshiq bo‘lg‘an edi. Ammo qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham shu kanizni qo‘lg‘a kirgizish fikrida bosh og‘ritib, nos chakib yurgan Bahodirxon qulog‘iga bu xabari jonso‘z yetib dumog‘idan dud chiqadir va darhol Buxoroning zabardast ulamo, mufti, a’lam, hokazo va alo-hozalqiyos peshvolarini o‘z huzuriga chorlab, darg‘azab voqi’ani so‘zlaydir va ulardan darhol bir “fatvoyi bahaybat”ni talab qilg‘anida ulamoyi kirom ham daron botahorat-betahorat, masalani eshitar-eshitmas fatvo yozadirlarkim:

“Bir jamoa mo‘minlarga amir bo‘lg‘an zotning vazifai shar’iysi shuldurkim, islomda ustivor turg‘ay, ahkomi islomni10 kamokon11 ijro qilg‘ay. Har bir amirikim arkoni islomdan12 zarracha yuz o‘gursa, ul kimarsa jamoai islom ustiga amir emas, sharirdir13. Nauzanbillahkim Farg‘ona va Turkiston mamlakatining alhol14 amiri bo‘lg‘an Muhammadalixon volidining15 mankuhasi16, ya’ni volidai ayni va rizo’isini17 o‘z aqdig‘a olibdir, nauzanbillahi, nauzanbil- lahi. Oyat va ahodisi sharifa va ba chahori mazhab18 va ba nazdi mujtahidini kirom va ulamoi zul-ehtirom19 muttafaqun20 alayhi kofirdir. Kazolika21 o‘shandog‘ murtadning qatli avvalo digar22 islom amirlariga va ba’d az23 barcha mo‘minlarga farzi ayndir!”

Darvoqi’ “xolisona” bu fatvoga amir Bahodirxon “betarafona” qiymat berib, “din yo‘lida xolis bir jihodi akbar”24 deb jami’i qo‘shunlari bilan Farg‘ona ustiga yurish qiladir. Amiri Bahodirning bu “xolisona” jihodi Turkiston xonlig‘i tomonidan qanday muqovamatlarga25 uchradi va ikki tarafdan qancha boshlar kesildi, albatta bu to‘g‘rida bizning ishimiz yo‘qdir. Faqat bu mojarodan bizga keraklik nuqta shundakim, natijada Madalixon shikast topdi, ham amiri Bahodir tomonidan qatl qilindi. Madalixong‘a fatvo yozib bergan Qo‘qon ulamolaridan bir nechalari had uruldilar26 va bir nechalari qochib qutuldilar. Amiri Bahodirxon bo‘lsa Farg‘ona hukumatiga o‘z kishisini qo‘ydi, fathu nusrat27 bilan kanizni olib Buxorog‘a qaytdi.

Maqsadg‘a kelsak, Madalixong‘a fatvo yozib berishda ishtirok qilg‘an va Bahodir tomonidan had urulg‘an ulamolarning biri shu bizning Solih maxdumning otasi edi. Had urulg‘andan so‘ng ko‘b yasholmadi, o‘ldi va shuning bilan bu oilaning burung‘i imtiyoz va sharafi ham bitdi. Chunki mundan so‘ng Turkiston taxtiga o‘lturgan xonlarning hammalari deyarlik Buxoro amirining himoyasida kabi edilar. Va Madalixonning fatvosiga ishtirok qilg‘an ulamolar hamisha e’tiborsiz, mardud28 bo‘lib qoldilar.

3. MAXDUMNING UYLANISHI VA MAKTABDORLIG‘I

Solih maxdum otasining vafotida yigirma yoshliq talaba edi. Otasi marhum bo‘lg‘andan so‘ng o‘zidan bir necha yosh kattaroq og‘asi Marg‘ilong‘a imom bo‘lib oilasi bilan ko‘chib ketdi. Solih maxdum onasi va o‘n olti yoshliq Na’ima ismlik singlisi bilan Qo‘qonda qoldi. Birar joydan kelim bo‘lmag‘anliqdan bu oila ko‘b tanglikka tushib oxirda Solih maxdum tahsilni tark etishka, qorin to‘ydirarliq bir kasb izlashka majbur bo‘ldi.

Albatta, Solih maxdum og‘irroq kasbni uxda qilolmas, imomatka bo‘lsa soqoli chiqmag‘anliqdan yarolmas edi. Ko‘b ozor chekib nihoyat qorindosh-urug‘ va mahalla ki-shilarining kengashlari bilan o‘z uyiga maktab ochdi, mahalladan besh-o‘nta bola yig‘di va yeng shimarib maktabdorliqqa boshladi.

Bir necha yil maktab rivojga minmadi, ya’ni bolalar o‘n besh-yigirmatadan narig‘a o‘tmay, “panjshanbalik” arang it azobi ro‘zg‘org‘a yetib turar edi. Maxdum va oilasining shundan boshqa daromad manba’lari bo‘lmag‘ani uchun har-holda, yana shunga qanoat qilmoqqa majbur edilar.

O‘g‘ul yigirmaga, qiz o‘n beshka yetdimi – onalarning dardi kelin va kuyav savdosi bo‘lib qoladir. Shunga o‘xshash maxdumning onasi Mohlar oyimning kasali qo‘yo “dard ustiga chipqon” edi: maxdumning yoshi yigirmadan oshti, Na’ima ham o‘n sakkizga to‘ldi, ya’ni kelin ham kerak, kuyav ham. Na’ima to‘g‘risidan tashvish yo‘q, husn, odob, yumish, hammasidan ko‘ngil to‘q, bek bo‘lmasa – bekzoda, mudarris bo‘lmasa – mukarrir29.

Ammo maxdum masalasi biroz mushkilroq edi: topish-tutish ma’lum, otasidan qolg‘ani faqat ichki ashqi havli, mundan boshqa hech gap. Bas, Mohlar oyim o‘z tirikligida maxdumning “boshini ikki” qilmasa, o‘zidan so‘ng uning uylana olishi amri mahol. Shuni ko‘zda tutib Mohlar oyim maxdumning uylanishiga mazkura Na’imani vosita qilmoqchi bo‘ldi. Ya’ni Na’imani uzatib evaziga uzatilgan joydan kelin olmoqchi edi. Qarshi quda bo‘lmoq uchun qizliq va o‘g‘ulliq havlini uchratish va buning ustiga “nasl-u nasabda tekislik”, olinadirg‘an kelinning silliqina bo‘lishi – ana shunday mushkilotlar orqasida ikki yil chamasi Na’imaning umri sarg‘ayib o‘tdi. Yurt emasmi, degandek yurtchilikda yurak og‘rig‘ig‘a davo topilmay qolmas. Shunga o‘xshash Mohlar oyimning yarasi ham nihoyat uchunchi yilda davosini topdi:

Xon o‘rdasining mutavaffo30 mirzolaridan bittasining madrasada o‘qub yurg‘an o‘g‘li bor edi va uyida chaqich chaynab o‘lturgan o‘n olti yoshliq qizchasi ham bor edi. Bu oila Mohlar oyimning taklifini ma’almamnuniyat31 qabul etdi. Chunki o‘xshatmay uchratmas” degandek narigi taraf ham Mohlar oyimning bittasi edi. Sovchilar Na’imani yoqtirib, Mohlar oyimning taklifini qabul qilib ketdilar. Mohlar oyim marhum mirzoning uyiga qiz ko‘rgali borib ul ham “qizi jajjigina ekan” deb keldi. Kuyavlar ko‘rulib ular ham zararsiz topildilar. Shart-u sharoit so‘zlashildi: ikki orada qalin-palin degan gaplar yo‘q, har kim o‘z ulushiga tushkan osh-suvini qiladir, kelinni o‘rab chirmab oladir, vassalom.

“Hay etti, huy etti, ikki koski to‘y etti” deganlaridek har ikki to‘y ham bir hafta ichida o‘tti, Na’imaxonim uyoqqa ketib, Nigorxonim buyoqqa keldi. Shunday qilib Solih maxdum xotinliq bo‘ldi.

Solih maxdumning maktab ishi ham uchunchi yildan boshlab biroz jonlang‘an, bolalar ham o‘ttuz qirqqa yetkan edilar.

Solih maxdum o‘ttuz yoshlarg‘a borg‘anda maktabdorlig‘i ham yaxshig‘ina shuhrat topadir, shogirdlar soni bir yuzga yetadir. Mehmonxona torliq qilg‘anliqdan maktab uchun maxsus bino yopadir, imlo, insho va husnixat mashqi uchun alohida xona ayiradir. Mahdum yolg‘iz shuning bilangina qanoatlanmay xotini Nigorxonimni ham ishka soladir, ya’ni uning savodini tuzatib “otin bibi” qiladir. Ikki-uch guzarning qizlari Nigorxonimning sabog‘ig‘a yig‘iladirlar. Qisqasi, maxdum

Скачать книгу

6

Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir – hurmatga loyiq din allomalarining nazaricha asosiy e’tibor shariat qonunlariga qaratilishi kerak.

7

Xud nafsiga – o‘z nafsiga.

8

Aqdi sha’riy – shar’iy nikoh.

9

Amir Bahodir (Botur) – Nasrulloxon (1826–1860-yillarda xonlik qilgan) nazariga aytiluvchi laqab.

10

Ahkomi islom – islom hukmlari, qonunlari.

11

Kamokon – bekam-u ko‘si.

12

Arkoni islom – islom ruknlari, asoslari.

13

Sharir – yomonlik qiluvchi, zararkunanda.

14

Alhol – hozirgi, bugungi.

15

Volid – ota.

16

Mankuha – nikohli xotin.

17

Volidai ayni va rizo’i – o‘z va emizgan onasini olibdir… (mual.).

18

Va chahori mazhab – sunniylik yo‘nalishidagi shari’atning xanafiya, malikiya, shofi’iya, hanbaliya mazhablari.

19

Zul-ehtirom – ehtirom egasi.

20

Muttafaqun – kelishilgan.

21

Kazolika – shuning uchun.

22

Digar – boshqa, o‘zga.

23

Ba’d az – keyin, so‘ng.

24

Jihodi akbar – ulug‘ yurish, urush.

25

Muqovamat – qarshilik.

26

Had urmoq – huquqsizlantirmoq.

27

Fathu nusrat – g‘alaba.

28

Mardud bo‘lmoq – haydalmoq, quvilmoq.

29

Mukarrir – assistent.

30

Mutavaffo – vafot etgan.

31

Ma’almamnuniyat – mamnuniyat bilan.