Қайлардасан, болалигим. Худойберди Тухтабоев

Қайлардасан, болалигим - Худойберди Тухтабоев


Скачать книгу
oshirib, jahlini chiqarib yubordi:

      – Endi sizga hecham she’r o‘qib bermayman! – dedi to‘satdan.

      Omonboyning yig‘lamsirab turishi shofyor amakining xayollarini qochirib, o‘zini hushyor qilib qo‘ydi.

      – Voy-bo‘y, hali sen she’r o‘qishni ham bilasanmi? – dedi u qiziqqanidan o‘rnidan turib.

      – Nima desam, yo‘q-yo‘q, deydilar…

      – Omonboy, men rostdan ham she’rni yaxshi ko‘raman, qani, birortasini o‘qib ber-chi!

      – Aldayapsiz!

      – Aldasam… har narsa bo‘lay, qani-qani!

      Omonboy shu zahotiyoq alamini unutib, o‘zidan-o‘zi zavqlanib, ikki qo‘lini yoniga tushirdi-da:

      – Davronboy xo‘ja, Bulturgi jo‘ja.

      Bola ochadi, Tashlab qochadi! – deb kimdandir eshitgan she’rini dona-dona qilib, o‘qib berdi.

      Shofyor amakiga she’r yaxshigina ta’sir qildi, shekilli, qah-qah otib kulib yubordi. Shunaqangi qattiq kuldiki, hovlida donlab yurgan tovuqlar cho‘chib, har tomonga qochib qolishdi.

      – Obbo, Omon mirzo-ey, – dedi oxiri. – Beri kel, bir achomlashaylik, barakalla! Menga o‘g‘il bo‘lasanmi?

      – Voy, sizga o‘g‘il bo‘lsam, o‘zimning dadam yetimcha bo‘p qoladi-ku! – qoshlarini kerib, taajjubdan ko‘zlarini katta-katta ochib dedi Omonboy.

      Shofyor amaki yana kulib yubordi. Kulisha-kulisha, o‘rtaga tuzluqni qo‘yib olib, to‘ygunlaricha tuxum yeyishdi, ketidan qora qumg‘onda choy qaynatib, ichishdi, eng oxirida og‘ilxonadagi bitta yo‘g‘on yog‘och olib chiqib, qiyshayib borayotgan quvurlarning o‘ng tomoniga tirab ham qo‘yishdi.

      – Ish degan mana bunday bo‘libdi, – dedi shofyor amaki mamnun bo‘lib, – Davronboy, sen esli bolasan, shundaymi?

      – Men ham esliman, – akasidan oldin javob qaytardi Omonboy.

      – Ikkovlaringga bitta muhim topshiriq bor, juda ham muhim… Men hozir yo‘lovchi mashinalardan biriga o‘tirib, bir joyga borib kelaman. Men borib kelguncha mashinani poylab o‘tira olasizlarmi?

      – Poylab o‘tira olaman! – baravariga javob qaytarishdi aka-ukalar.

      – Hech kim kabinaga yaqin bormasin, xo‘pmi!

      – Xo‘p.

      – Demak, sizlarga ishonsam bo‘ladi-a?

      – Bo‘ladi, – dedi Davronboy, – hamma javobgarlikni o‘z zimmamga olaman, faqat qaytayotganingizda bizga bir chelak gaz olib kelib berasiz, bo‘ptimi?

      – Menga ikki chelak olib kelasiz! – deb topshiriq berib yubordi Omonboy ham.

      Shofyor amaki yo‘lovchi mashinaga o‘tirayotganda yana bir marta:

      – Sizlarga qattiq ishondim, begona odamlarni mashinaga yo‘latmanglar, – deya iltimos qilib ketdi.

      Davronboy bilan Omonboy bir so‘zli, va’dasining ustidan chiqa oladigan azamat bolalar edi. Shuning uchun ham ulkan mashina va uning ustidagi mashinadan ham ulkan quvurlarga begona bolalarni yaqin yo‘latmaslik choralarini ko‘ra boshlashdi. Aka-ukada qurol-yarog‘lar juda mo‘l edi: plastmassadan yasalgan ikki xanjar, og‘iga olmaning danagini solib otsa, har qanday yovni qirib tashlay oladigan ikkita miltiq va yana o‘sha plastmassadan yasalgan bo‘lsa ham, chinakam tanklardan hech qolishmaydigan «T-34» markali ikkita tanklari bor edi. Dadalarining uvadasi chiqib ketgan eski to‘nini mashinaning soyasi tushib turgan tomonga to‘shab qurol-yarog‘larni shay qilib, poyloqchilik qilishga kirishishdi.

      – Mahmud olako‘z kelib mashinaga tegsa, o‘ldiraman, – deb qo‘ydi Davronboy.

      – Men-chi, aka, miltig‘im bilan otib tashlayman, xo‘pmi? – dedi Omonboy ham dadillanib. – Aka, shu mashina meniki-a?

      – Yo‘q, ikkovimizniki.

      – Hecham-da, yuk mashinalar meniki edi-ku?

      – Endi ikkovimizniki bo‘ldi.

      – Bekor aytibsan! – Achchig‘i chiqib ketdi Omonboyning.

      – Boshingga bir tushiraymi, – dik etib o‘rnidan turdi Davronboy.

      – Betingni timdalab olaman! – barmoqlarini burgut panjasidek yozib, akasining ustiga bostirib kela boshladi Omonboy.

      UCHINCHI BOB

      BU BOBNING MAZMUNINI O‘QIGANDAN KEYIN BILIB OLASIZ

      Oyilari ishdan qaytganda Davronboy bilan Omonboylar ko‘chada poyloqchilikda turishgandi.

      – Voy, o‘lmasam! – dedi oyilari boshidagi salkam bir qop o‘tni yerga qo‘ya turib, – bog‘chaga bormadinglarmi?

      – Endi hecham bog‘chaga bormaymiz, – shoshilib dedi Davronboy, – biz endi poyloqchilik qilamiz.

      – Oyi, men akam bilan urishmadim, – deb axborot berib yubordi Omonboy.

      Bir tomonda daladan horib-charchab qaytgan oyilari, bir tomonda poyloqchilik qilamiz, deb oftobning damida terga pishib ketgan va puxtagina qurollanib olgan yosh soqchilar – Davronboy bilan Omonboylar tikkama-tikka turib, rosa savol-javob qilishdi. Oyilari nima bo‘lganda ham bog‘chadan qolmaslik kerak edi, aftilaringga qarab bo‘lmaydigan bo‘lib ketibdi, o‘sha yerda ozodagina yurgan bo‘lardilaring, degan gaplarni aytdi. Yosh soqchilar bo‘lsa, aftimiz bilan ishingiz bo‘lmasin, mashinani tashlab ketishga haqqimiz yo‘q edi, degan gaplarni aytishdi. Aka-uka bir bo‘lganlari uchun, oyilari yengilib, uncha xafa ham bo‘lmay, uncha xursand ham bo‘lmay, haligi salkam bir qop o‘tni ko‘tarib, ichkariga kirib ketdi.

      Xuddi shu payt kun bo‘yi kutilgan eng dahshatli xavf – Mahmud olako‘z paydo bo‘lib qoldi. U eshagini yalang‘och qilib minib, bo‘lar-bo‘lmasga irillayveradigan, tumshug‘igacha jun bosib ketgan kuchukchasini ortidan ergashtirib, qo‘lida tuguncha, jadal yurib kelar edi, mashinaga yaqinlashgach, eshagini to‘xtatib, hayrat ichida uzoq tikilib qoldi:

      – Voy-bo‘y, kattaligini qaranglar! – dedi nihoyat ko‘zi chaqnab. – Kimning mashinasi bu?

      – Bizniki! – ataylab qovog‘ini solib dedi Davronboy.

      – Shofyor amaki bizni qorovul qilib ketgan, – qo‘shimcha qildi Omonboy. – Qaytayotganda bizga chelakda gaz olib keladi.

      – Borib-borib senlarni qorovul qildimi, a?

      – Qildi, alam qilsin!

      – Bir tepsam yetti dumalab ketasan-ku!

      Mahmud Davronboydan bor-yo‘g‘i bir yosh katta, xolos. Aka-ukalarni yolg‘iz uchratdi deguncha, albatta yig‘latib qochadi. Lekin hozir Davronboy bilan Omonboy undan zig‘ircha ham qo‘rqishmadi, nega desangiz, qo‘llarida qurollari bor! Mahmud ham mana shu xanjar-u miltiqlardan sal-pal qo‘rqdi shekilli:

      – Opamnikiga pomidor olib ketyapman, bo‘lmasa ta’zirlaringni berib qo‘yardim-a! – deb asta jo‘nab keta boshladi. Bexavotirroq joyga borib olgach, eshagining boshini tortib: «Hali kelib, mashinalaringni ustiga chiqib, quvurlarini daranglatib chalib, maza qilib o‘ynayman», deb qo‘ydi.

      Asta-sekin kech kirib, qorong‘u tusha boshladi. Bu orada oyilari, ovqat pishdi, ichib olinglar, deb ikki marta chaqirib ketdi. Keyingisida televizor qo‘yib beraman, «Olamga sayohat» bo‘lyapti, har xil hayvonlar chiqyapti, deb yolvorib ham ko‘rdi. Aka-ukalar ko‘nishmadi. Biz kirib ketsak, begona bolalar quvurlarni dumalatib ketishadi, deb turib olishdi. Uchinchi gal oyilari to‘ppa-to‘g‘ri keldi-da, hech narsa demay, Davronboyni chap qo‘ltig‘iga, Omonboyni o‘ng qo‘ltig‘iga qisib, chumchuq boladek chirqillatib uyga olib kirib ketdi. Yerga qo‘yib, ikkovining ham orqasiga – yumshoq joylariga bir tarsakidan tushirib:

      – Qaysar bo‘lmay ketgurlar! – deb urishdi.

      Davronboyga negadir juda alam


Скачать книгу