Soliqlar va soliqqa tortish. Ulug'bek To'lakov
soliq, miqdori 1 dinordan 10 dinorgacha bo‘lgan, aholining barcha tabaqasiga tatbiq etilib, moddiy boylik darajasiga qarab belgilangan;
– xiroj – temuriylar va ulardan keyingi davrlarga taalluqli asosiy yer solig‘i. U yig‘ib olingan hosilning uchdan bir qismiga teng bo‘lib, pul yoki mahsulot shaklida undirilgan;
– sar daraxt – mevali daraxtlar va uzumzor uchun to‘lanadigan soliq, pul shaklida olingan;
– dudi – tutun solig‘i, har bir uy yoki hovlidan o‘z ehtiyojlari uchun tayyorlagan o‘tindan foydalanganligi uchun soliq bo‘lib, mahsulot shaklida, keyinchalik esa pul shaklida olingan;
– avariz – favqulodda soliq, shahar yoki qishloq aholisidan urush chiqimlarini va saroyda o‘tkaziladigan bayramlarni qoplash maqsadida olingan;
– uloq – davlat xizmatidagi odamlarga beriladigan ot;
– mir hazaron – ma’lum bir joyda yashovchi aholidan shu yerdagi qo‘shinni moddiy ta’minlashga olinadigan soliq.
Amir Temur pul siyosatini olib borgan holda, bu siyosatni Movarounnahrni iqtisodiy rivojlantirish bilan mutanosiblashtirishga katta ahamiyat bergan. Shuning uchun u aholi uchun og‘irligi tushmaydigan soliq siyosatini olib borgan. Ayrim hollarda dehqonlar xiroj solig‘idan butunlay ozod etilganlar. Masalan, Temur o‘z tuzuklarida shunday yozgan edi: «Agar dehqon yangi ochilgan yerda ekin eksa yoki tashlab qo‘yilgan yerni obodonlashtirsa, u birinchi yil soliq to‘lashdan butunlay ozod etilgan, ikkinchi yil qancha xohlasa shuncha soliq to‘lagan, uchinchi yili esa umumiy soliq to‘lash qoidasi bo‘yicha soliq to‘lagan».
Tarixan soliqlar, davlatni saqlab turish uchun zarur bo‘lgan majburiy to‘lovlar sifatida, davlat paydo bo‘lishi bilan vujudga kelgan. Soliqlar davlat faoliyat ko‘rsatishining moddiy asosini tashkil etadi, ularning iqtisodiy tabiati xuddi shu yerdan kelib chiqadi.
Bozor munosabatlarining shakllanishi davrida soliqlar korxonalarning iqtisodiy faoliyatini tartibga solishning ham bilvosita quroli hisoblanadi.
Soliqni to‘lash xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolar bilan davlat o‘rtasida yangidan yaratilgan qiymatni taqsimlashning asosiy vositasi hisoblanadi. Biror-bir jamiyatni soliq tizimisiz tasavvur qilish mumkin emas. Shunki soliqlar budjet daromadlari (pul fondi) ni tashkil etishning asosiy vositasi bo‘libgina qolmay, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga, ishlab chiqarishni rag‘batlantirishda investitsiyalarni ko‘paytirishga, raqobatbardosh mahsulotni ko‘paytirishga, kichik biznesni rivojlantirishga, xususiy korxonalar ochish bilan bog‘liq bo‘lgan bozor infratuzilmasini barpo qilishga, umumdavlat ehtiyojlarini qondirishga va shu kabilarga xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat o‘zining ichki va tashqi vazifalarini, har xil ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning asosiy qismini soliqlar orqali to‘playdi. Jumladan, soliqlar respublika va mahalliy budjetlar daromadini shakllantiradi, davlat ijtimoiy dasturlari uchun moliyaviy negiz yaratadi, soliq to‘lovchi shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini boshqaradi, ularning tabiiy resurslardan unumli foydalanishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantiradi, narx belgilashga ta’sir ko‘rsatadi, aholining turmush darajasini tartibga solib turadi, imtiyozlar yordamida esa aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni tashkil etishga yordam beradi.
1.3. Soliq elementlari.
Soliqqa tortish tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan soliq elementlari soliq solishda ifodalanadigan tushunchalar bo‘lib, ular soliq to‘lovchilar va davlat budjeti o‘rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda namoyon bo‘ladi.
Soliq nazariyasida soliqqa oid munosabatlarni to‘liq va teranroq ifoda etish uchun iqtisodiy voqeliklarning har bir kichik guruhlari muayyan nomdagi iboralar bilan izohlanadi. Soliq elementlari ham xuddi shunday soliqqa oid iqtisodiy hodisalarni izohlashga xizmat qiluvchi yaxlit tushuncha hisoblanadi. Soliq elementlari tushunchasi soliq solish tizimining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uning o‘zi ham kichik tizimni tashkil etadi, ya’ni soliq elementlari ham bir necha iqtisodiy kategoriyalarning yaxlit holdagi harakatini bildiradi.
Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida soliqning barcha elementlari aniqlab qo‘yilgan taqdirdagina ushbu soliq belgilangan deb hisoblanadi.
Bunday soliq elementlariga quyidagilar kiradi:
1) soliq solish ob’ekti;
2) soliq bazasi;
3) soliq stavkasi;
4) soliq davri;
5) soliqni hisoblab chiqarish tartibi;
6) soliq hisobotini taqdim etish tartibi;
7) soliqni to‘lash tartibi.
Soliqni belgilashda soliq imtiyozlari va ularning qo‘llanilishi uchun asoslar nazarda tutilishi mumkin.
Soliq solish ob’ekti mol-mulk, harakat, harakat natijasi yoki qiymat, miqdoriy yoki fizik xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holat bo‘lib, u mavjud bo‘lganda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari soliq to‘lovchida soliq majburiyatini vujudga keltiradi.
Soliq solish ob’yektiga foyda yoki daromad, muayyan tovarlar qiymati, yer maydoni, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklari, tabiiy resurslardan foydalanish miqdori va boshqalar kiradi. Soliq solish ob’yekti aslida jamiyatdagi mavjud moddiy va ma’naviy boyliklarning ayrimlariga qonun yo‘li bilan ulardan foydalanuvchi, egalik qiluvchi va tasarruf qiluvchi soliq sub’yektlarining huquqlariga soliq solishni ifodalaydi. Binobarin, moddiy yoki ma’naviy boyliklarga mulkiy huquqqa ega bo‘lgandagina soliq solish ob’yekti yuzaga keladi. Masalan, egasiz imoratga soliq solinmaydi, chunki egasiz imoratga nisbatan soliq sub’yekti mavjud emas, vaholanki, bo‘lgan taqdirda ham soliq solish ob’yekti sifatida imorat emas, balki ushbu imoratga bo‘lgan mulkiy huquqqa soliq solinadi. Shu jihatdan aytish mumkinki, soliq solish ob’yekti aslida yuridik va jismoniy shaxslarning mulkiy huquqi va daromadiga qaratiladi.
Soliq bazasi soliq solish ob’ektining qiymat, fizik yoki boshqa xususiyatini ifodalaydi.
Hisoblanadigan soliq miqdori nafaqat soliq stavkalarining miqdoriga, shu bilan birgalikda soliq stavkasi qo‘llaniladigan ob’yektning miqdoriga ham bog‘liq. Soliq solinadigan bazaning miqdori qonunchilikda soliqqa tortilishi lozim bo‘lgan soliq solish ob’yektidan ruxsat etiladigan chegirmalarga bog‘liq ravishda o‘zgarib turishi mumkin. Soliq solish bazasini soliq to‘lovchilarning mazkur toifasiga taqdim etiladigan soliq imtiyozlariga muvofiq ravishda kamaytirishga ruxsat etiladi.
Soliq stavkasi soliq bazasining o‘lchov birligiga nisbatan hisoblanadigan soliqning foizlardagi yoki mutlaq summadagi miqdorini ifodalaydi.
Soliq stavkalari Soliq Kodeks bilan yoki Ozbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
Ilk marotaba 2020 yildan aksiz solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va qat’iy belgilangan summada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonuni bilan belgilandi. Aksiz solig‘ining stavkalari, mahsulot narxi dinamikasidan va realizatsiya qilish hajmidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan yil davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Mustaqillikning ilk davridan 2005 yilgacha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi qarori bilan, 2005 yildan toki 2019 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi qaroribilan belgilangan.
Soliq stavkalari foizlarda yoki mutloq summada belgilanishi mumkin. Soliq stavkasi soliq elementlari ichida eng ko‘p amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan unsurdir. Shunki soliq stavkalarini o‘zgartirish orqali davlat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatiga ta’sir etadi.
Soliq stavkalari, undirilishga, mohiyatiga va amal qilishi nuqtai nazaridan bir necha turlariga ajratiladi:
Soliq stavkalarining biri proporsional soliq stavkasi