Soliqlar va soliqqa tortish. Ulug'bek To'lakov
davlat budjeti kamomadi 50 foizgacha miqdorni tashkil etgan.
Ma’muriy-rejali boshqaruvda aslida soliq tizimi mavjud bo‘lmagan. Davlat barcha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar: ish haqi, ishlab chiqarish hajmlari, narxlar, foyda darajasini qat’iy nazorat ostiga olganligi sababli xo‘jalik faoliyatini tartibga solishning soliq dastaklariga ehtiyoj sezmagan. Tarmoqlar va korxonalar bo‘yicha belgilanadigan mavjud majburiy to‘lovlar (daromad, qishloq xo‘jaligi, inshootlarga va boshqalar) xo‘jalik mexanizmining markazlashtirilgan tizimiga kiritilgan va o‘ziga xos vazifalarni bajarar edi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda soliq qonunchiligiga «nol”dan asos solishga, faoliyat yurituvchi soliq organlarini tashkil etish, soliq to‘lovchilar deb atalmish hamjamiyatni o‘qitish va shakllantirishga to‘g‘ri keldi. Bularning bari ijtimoiy hayotda keskin o‘zgarishlar yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun soliqlar kelib tushishini majburiy ta’minlash sharoitida amalga oshirildi.
O«zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritishi bilan soliq tizimi shakllantirila boshladi. Davlatchilikni o‘rnatish sharoitida soliqlarni undirishning ahamiyati juda katta – yosh suveren davlatning taqdiri ko‘p jihatdan ushbu vazifa samarali hal etilishiga bog‘liq bo‘ladi. Juda qisqa davr ichida ikkita vazifani birdaniga bajarishga to‘g‘ri kelgan. Birinchidan, navqiron davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sharoitlariga mos keluvchi soliq tizimini shakllantirish, zarur huquqiy hujjatlarni qabul qilish. Ikkinchidan, soliq ma’muriyatchiligining tegishli tizimini yaratish.
Mustaqil davlatni tarkib toptirish va rivojlantirishning barcha bosqichlarida soliq tizimi budjetga zarur moliyaviy mablag‘larning kelib tushishi, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning ta’minlanishi bo‘yicha oldida turgan vazifalarni muvaffaqiyat bilan hal qilib kelgan bo‘lsada, mazkur sohada bir maromda iqtisodiy o‘sishga, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirishga, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligi zaruriy darajasini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar borligini ko‘rsatdi. Mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Shulardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyaviy jozibadorligi va davlat budjetining daromad qismi muntazam o‘sishini rag‘batlantiruvchi zamonaviy soliq tizimini yaratilishiga sabab bo‘ldi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini yangi bosqichga ko‘tarilishiga olib keldi.
2018 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatimiz soliq tizimining rivojlanishi taniqli iqtisodchi olimlarimiz tomonidan uch bochqichga bo‘lib o‘rganilgan7. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi milliy soliq tizimining rivojlanishida evolyutsion tusga ega bo‘lgan to‘rtta asosiy bosqichni ajratib ko‘rsatsa bo‘ladi.
Birinchi bosqich (1991—1995 yillar) – soliq tizimining shakllanishi bosqichidir. Soliq tizimi murakkab iqtisodiy sharoitlarda shakllandi: xo‘jalik aloqalaridagi uzilishlar, resurslar markazlashtirilgan tarzda taqsimlanadigan bir sharoitda bozor munosabatlariga o‘tish, inflyatsiyaning yuqori darajasi. Bularning barchasi xo‘jalik faoliyatining natijalarida, pirovard oqibatda esa budjetga tushumlarda o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.
Iqtisodiy vaziyat quyidagi vazifalarni zudlik bilan hal etishni soliq tizimining oldiga ko‘ndalang qo‘ygandi:
1) budjetning kamomadi kuchaygan, inflyatsiya ildamlab borayotgan, ishlab chiqarish hajmlari pasayayotgan va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalar soni ortib borayotgan bir sharoitda budjetga tushumlarni ta’minlash. Shakllanib borayotgan soliq tizimining tor soliq bazasi sharoitida mazkur vazifani faqatgina xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar zimmasiga ko‘proq soliq yukini solish hisobidan hal etsa bo‘lar edi. Soliq stavkalari nihoyatda yuqori bo‘lgan. 1990 yillarning boshida daromad (foyda) solig‘i eng yuqori stavkada – 38 foiz, JShDS – 40—50 foiz, QQS – 30 foiz, ish haqi fondiga – 40 foiz bo‘lgan. Natijada soliq undiruvlari ulushi YaIMning 40 foiziga yetgan;
2) moliyaviy mablag‘larni ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, strategik zaxiralar bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga erishish, tub tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish hisobidan qayta taqsimlash. Buning uchun QQS, foyda solig‘i, aksizlar, mol-mulk va yer solig‘i singari odatiy soliq turlarining o‘zidangina foydalanilgani yo‘q. Soliq tizimi noan’anaviy soliq turlari – xom ashyo resurslarini olib chiqishga soliq, korxonalar daromadidan soliq, amortizatsiyadan ajratmalar va boshqalardan ham foydalandi;
3) narx-navo ko‘tarilishi va ishlab chiqarishning pasayishi sharoitida turmush tarzi va ijtimoiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash. 1991—1995 yillarda o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqa budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdorlarini ko‘tarish to‘g‘risida 19 marta qarorlar qabul qilingan. Buning uchun esa o‘sib borayotgan summalarda soliqlarni yig‘ishga to‘g‘ri kelgan.
Shuning uchun soliq tizimi shakllanishining mazkur bosqichi soliqlarning xazinaviy ahamiyatini oshirishi bilan xarakterlanib, budjetga tushumlarni ta’minlash (fiskal vazifa), iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni saqlash (qayta taqsimlash vazifasi) uning asosiy vazifalariga aylangan. Soliqlarning boshqaruvchi vazifasi ko‘proq iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun emas, balki mehnatga haq to‘lash fondini nazorat qilish orqali inflyatsiya darajasini ushlab turish, xom ashyo zahiralarining arzon narxlarda chetga chiqib ketishining oldini olish, inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun qo‘llanilgan.
Tadbirkorlikka erkinlik berish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlari sharoitida soliq tizimiga nisbatan muayyan talablar qo‘yildi. Soliq to‘lovchilar soni keskin tarzda ko‘paydi. Yuridik shaxslar – 28,3 mingdan 113,7 mingtaga, yakka tartibdagi tadbirkorlar – 49,4 mingdan 217,6 ming nafargacha oshdi. Huquqiy savodxonlik darajasi uncha yuqori bo‘lmagan va soliqlardan bo‘yin tovlash holatlari avj olgan bir sharoitda soliqlarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlashning birdan-bir ishonchli dastagi yalpi soliq nazorati bo‘ldi. Soliq organlari oldiga barcha korxonalarni har yili tekshirish vazifasi qo‘yilgan edi. Masalan, 1992 yilda deyarli 42 mingta soliq to‘lovchi – yuridik shaxs tekshiruvdan o‘tkazildi. 1993 yilga kelib esa soliq organlari 60 mingta soliq to‘lovchini «g‘alvirdan o‘tkazishga» ulgurishdi.
Soliq solish ob’ektlari ham o‘zgardi. Masalan, davlat korxonalari mehnatga haq to‘lash shakl va miqdorlarini mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ldilar. Natijada mehnat haqi keskin ko‘tarila boshladi, foyda esa soliq solish ob’ekti sifatida keskin kamayib bordi yoki umuman yo‘q bo‘ldi. Davlatning munosabati ham shunga mos bo‘ldi – foyda solig‘ining o‘rniga daromad solig‘i joriy etildi (foyda + mehnatga haq to‘lash fondi).
Mazkur davrda soliq tizimining oldiga qo‘yiladigan ba’zi an’anaviy talablarga – o‘zgarishlarning bosqichma-bosqichligi, barqarorlik va soliq to‘lovchilar uchun oddiy va tushunarli bo‘lishlikka rioya qilish qiyin kechdi. Hayotning o‘zi soliqchi va soliq to‘lovchilarning ortiqcha taraddud-tayyorgarligisiz, o‘qib-o‘rganishisiz yangi soliqlarni zudlik bilan joriy etishni taqozo etardi. Masalan, bozor iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda uning moslashuviga 3 yildan 7 yilgacha muddat talab qilinadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i O‘zbekistonda bir necha oy oralig‘ida joriy etilgan edi. Qisqa muddatlar ichida soliq tizimiga boshqa o‘zgartirishlar ham kiritib borildi. Bu yo‘nalishda uchraydigan qiyinchiliklarni soliq organi xodimlarining ham, soliq to‘lovchilarning ham yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi.
90-yillar boshida asosan qonunosti hujjatlar – yo‘riqnomalar, nizomlar, tartiblar, ba’zan Vazirlar Mahkamasi hujjatlari dastak sifatida qo‘llandi. Soliq to‘lovchining huquqlari to‘g‘risida hech kim o‘ylab ham o‘tirmadi. Soliq organlari va soliq to‘lovchilarning tayyorgarligi quyi darajada qolaverdi.
Yuzaga kelayotgan iqtisodiy vaziyatga tezkor munosabat bildira borib, davlatimiz soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga tezkorlikda
7
Jo‘rayev A., Toshmatov Sh., Abduraxmonov O. Soliqlar va soliqqa tortish. O‘quv qo‘llanma. – Toshkent: Norma. 2009. -183-b.