Soliqlar va soliqqa tortish. Ulug'bek To'lakov
islohotlarning birinchi bosqichidagi dolzarb masalalarning muvaffaqiyat bilan hal etilishi, ishlab chiqarishni barqarorlashtirishni ta’minlash, inflyatsiyani cheklash 1996 yildan boshlab soliq tizimi rivojlanishining yangi pog‘onasiga ko‘tarilishga imkon yaratdi.
Ikkinchi bosqich (1996—2005 yillar) – soliq tizimining bozor munosabatlariga moslashtirilishi. Hukumat tomonidan xususiy biznesni erkinlashtirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosatning olib borilishi iqtisodiyotning o‘sishiga, soliq to‘lovchilar sonining ortishiga va soliq solish bazasining kengayishiga yordam berdi. Birinchi bosqichdan farqli o‘laroq, davlatimiz soliq solishning fiskal va qayta taqsimlash vazifalari bilan bir qatorda uning rag‘batlantiruvchi funksiyasini ham faol tarzda ishga soldi.
Mamlakatimiz hukumati undiruvning yuqori darajasi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va xodimlarning qonuniy faoliyat ko‘rsatishini rag‘batlantirmasligini hisobga olgan holda, soliq yukini bosqichma-bosqich tushirib borish yo‘lini tanladi. Mazkur davrda QQS stavkasi (30 foizdan 20 foizga), foyda solig‘i (37 foizdan 15 foizga), savdo korxonalarining yalpi daromadidan soliq (50 foizdan 20 foizga), JShDS (50 foizdan 29 foizga), ijtimoiy jamg‘armalarga to‘lovlar (40 foizdan 25 foizga) tushirildi.
Bu bosqichni soliq tizimida soliqlarni ixchamlashtirish konsepsiyasining boshlanish davri deb atash mumkin. Kichik biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor berildi. Uning uchun 8—10 ta soliq turini bittaga almashtiruvchi soliq solishning soddalashtirilgan tizimlari joriy etildi. 1998 yildan boshlab uni qishloq xo‘jaligidan tashqari iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi kichik korxonalar to‘lashmoqda. 1999 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari yagona yer solig‘i to‘lovchilariga aylanishdi. Oqibatda 2006 yilga kelib, soliqlarning YaIMdagi ulushi 1990 yillar boshidagi 40 foizdan 23 foizga tushdi.
Soliq tizimi o‘z rivojlanishining ikkinchi bosqichida ancha barqarorlashdi. Bozor iqtisodiyoti tamoyillariga javob bermaydigan soliq va to‘lovlar bu tizimdan chiqarib tashlanmoqda, ilg‘or mamlakatlarning tajribasi kengroq qo‘llanila boshlandi. Daromad solig‘i o‘rniga o‘z mablag‘larini yangi texnologiyalar va ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltirayotgan korxonalar uchun imtiyozlarni nazarda tutuvchi foyda solig‘i joriy etildi. Bir nechta daromad manbaiga ega bo‘lgan fuqarolardan JShDSni hisoblash va to‘lashning deklaratsiyalanadigan shakllari joriy etilishi boshlandi. Davlat budjeti daromadlarining tarkibi ijobiy tarzda o‘zgardi – to‘g‘ridan-to‘g‘ri va resurs soliqlarining ulushi ortib bordi.
Maskur bosqich 1998 yilda birinchi Soliq kodeksi va «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi bilan bog‘liq. Ushbu bosqichda soliq tizimini bir tizimga solishga ilk urinish bo‘ldi, biroq ushbu qonunlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilmas – qonunosti hujjatlar ustunlik qilar edi.
Soliq boshqaruvida to‘plangan tajriba 1998 yildan boshlab soliq solish sohasidagi bir nechta qonun hujjatlaridan bitta – Soliq kodeksiga o‘tishga imkon berdi. Soliq organlari ishida to‘plangan tajribani aks ettirib, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega mamlakatlarning soliq solish dastaklarini o‘zida mujassam etib, Kodeks O‘zbekiston soliq qonunchiligi va soliq solish tizimini xalqaro darajaga yaqinlashtirdi. Bu hujjatning qabul qilinishi faoliyat tarmoqlari, miqyoslari va turlarining xususiyatini hisobga olgan holda soliq solishning bir nechta tizimlarini shakllantirishga, ularning rag‘batlantiruvchi vazifasini kuchaytirishga, soliqlarning rolini oshirishga va ularni birxillashtirishga imkon yaratdi.
Iqtisodiy islohotlarning rivojlanishiga qarab, soliq organlari ishining shakl va uslublari ham o‘zgardi, ular faoliyatiga yangicha talablar qo‘yildi. Iqtisodiyotning erkinlashtirilishi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni tekshirishni tartibga solish bilan birga olib borildi. 1990 yillarning boshida barcha korxonalarni to‘liq yillik hujjatli tekshiruvdan o‘tkazishga erishish vazifasi qo‘yilgan edi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ko‘payib borishi, soliq qonunchiligining soddalashtirilishi va tizimlashtirilishi, huquqiy savodxonlikning oshib borishiga qarab, to‘liq nazoratni o‘tkazishga zarurat o‘z ahamiyatini yo‘qotib bordi. 1996 yildan boshlab mamlakatimiz rahbariyati tadbirkorlik tuzilmalarini tekshirishni tartibga solish yo‘lidan bora boshladi8. Davlat nazorati to‘g‘risida maxsus qonun hujjati qabul qilindi9. Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tashkil etildi va rejali tekshirishlarni o‘tkazish jadvali joriy etildi10. Tekshiruvlar soni qisqardi (1990 yillarning boshlaridagiga nisbatan 2—3 baravarga), ular samaradorligi esa oshib bordi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish va soliq yukini kamaytirib borish jarayonlarining tobora avj olib borayotgan pallasida soliqlarning yig‘iluvchanligi birgina tekshiruvlar va soliq to‘lovchilarni to‘laroq qamrab olish hisobiga amalga oshirilayotgani yo‘q. Profilaktika ishlari, xronometraj va monitoringlarni o‘tkazish, tushuntirish ishlarini olib borish – zimmaga qo‘yilgan vazifalarni uddalashda soliq organlari mana shu dastaklardan faol foydalandi.
Uchinchi bosqich (2006—2017 yillar) – bozor islohotlari va iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida soliq tizimini takomillashtirish. Ushbu bosqichda iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish hamda kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ta’minlovchi bozor islohotlari soliq tizimini rivojlantirishga asos bo‘ldi.
Soliq boshqaruvi sohasida hosil bo‘lgan tajribaga asoslangan hamda mavjud bozor munosabatlarini hisobga olgan holda 2008 yilda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi ishlab chiqildi va amalga kiritildi. Kodeksning 1998 yildan beri amal qilayotgan eski tahriri uning normalariga aniqlik kiritadigan qonunosti hujjatlariga muhtoj edi. 2007 yilga kelib ularning soni 150 tadan oshib ketdi, bu soliq qonunchiligi anglanishini murakkablashtirib, ichki jihatdan ziddiyatli qilib qo‘ydi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat deb e’lon qilingan bo‘lsada, biroq amaldagi ma’muriy tizim ilgarigidek qonunosti hujjatlardan foydalanish istagidan voz kecha olmadi.
Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi, tarkibiy islohotlar, kichik va xususiy biznes rolining oshishi – bularning bari mamlakatimizning «soliq konstitutsiyasi» uzluksiz takomillashtirilishini talab etardi. 2008—2017 yillar davomida Soliq kodeksiga 41 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ular quyidagilarga yo‘naltirilgan:
– ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirishda soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirish, resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash;
– samarasiz soliqlardan (ekologiya solig‘i, atrof muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lovlar) voz kechish orqali soliq tizimini soddalashtirish hamda majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish qoidalari va to‘lash tartibini maksimal darajada birxillashtirish;
– o‘xshash daromadlarga soliq solishning yagona tartibini belgilash;
– birgina soliq bazasiga ega bo‘lgan soliqlar va majburiy to‘lovlar sonini qisqartirish;
– soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarni ularning soliq bazasini kengaytirish uchun stavkalarni pasaytirish imkoniyatini ta’minlash maqsadida birxillashtirish, qayta ko‘rib chiqish va qisqartirish.
Uchinchi bosqichda soliq tizimini takomillashtirishning asosiy sub’ekti kichik biznes hisoblanadi. Soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning aksariyati mikrofirma va kichik korxonalarga soliq solish tizimini soddalashtirishga, ularning soliq yukini kamaytirishga, rivojlanish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan edi.
Yagona soliq va budjetdan tashqari jamg‘armalarga majburiy ajratmalarni to‘lash o‘rniga mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovini to‘lay boshladilar. Bunda YaST stavkasi 13 foizdan 5 foizgacha kamaydi, bu esa real soliq yuki 2,6 baravar pasayganini bildiradi.
Pensiya jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga to‘lovlar yagona ijtimoiy to‘lovga birlashtirildi. Kichik biznes sub’ektlari uchun uning stavkasi 25 foizdan 15 foizga pasaytirildi.
YaST
8
O«zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 8 avgustdagi «Tekshirishlarni tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 1503-sonli farmoni.
9
O«zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrdagi «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida» 717-I-son Qonuni.
10
O«zbekiston Respublikasi Prezidentning 1998 yil 19 noyabrdagi «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish to‘g‘risida"gi 2114-sonli farmoni.