Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Unisidan xotirjam bo‘l, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan jiddiy tusda, ammo u «Dunkan»da qamchin bilan jazolash taqiqlangani to‘g‘risida hech narsa, demadi.
«Dunkan»dagi yo‘lovchilar ro‘yxatini tugallash uchun mayor Mak-Nabbsni ham eslatib o‘tish lozim. U elliklarga kirgan, chiroyli va xotirjam yuzli, ajoyib tabiatli, kamtarin, indamas, beozor va soddadil kishi edi. Mak-Nabbsni qayerga boshlasangiz ketaverar, hech vaqt birov bilan tortishib o‘tirmas, hech kim bilan aytishmas, aslo achchig‘lanmas edi. U xarob etilgan transheyalarga ham o‘z yotoqxonasiga chiqayotgandek bamaylixotir ko‘tarilar, uni hech narsa, hatto bomba ham hayajonga keltirolmas va yo‘lidan qaytarolmas edi; u butun umrida bir marta ham achchig‘lanmay o‘lib ketsa kerak. Mak-Nabbs faqat jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan kishilarga xos jangovar jasoratga, jismoniy quvvatgagina emas, balki bundan ham qimmatliroq bo‘lgan fazilatga, ya’ni bukilmas ma’naviy quvvatga ham ega edi. Uning birdan-bir kamchiligi butun borligi bilan shotlandiyalik bo‘lishi, shotlandiyalik ham emas Kaledoniyaning chin farzandi bo‘lishi, o‘z vatanining qadimiy urf-odatlariga qattiq amal qilishi edi. Shuning uchun u hech vaqt Angliyaga xizmat qilishni istamadi, o‘zining mayorlik unvonini esa komanda sostavi nuqul shotlandiyalik dvoryanlardan iborat bo‘lgan 42-gvardiyachi tog‘ polkida oldi. Mak-Nabbs Glenarvanning yaqin qarindoshi bo‘lgani uchun Malkolm-Kestlda yashardi, mayor bo‘lgani tufayli esa «Dunkan»da safarga chiqishni tabiiy deb topdi.
Kutilmagan sabablarga ko‘ra zamonamizning eng ajoyib sayohatlaridan biriga otlanayotgan kemaning yo‘lovchilari ana shunday kishilar edi.
«Dunkan» Glazgodagi paroxod pristanida paydo bo‘lgan paytdan boshlab hammaning diqqatini o‘ziga tortdi. Har kuni odamlar to‘p-to‘p bo‘lib uni tomosha qilishar edi: hamma «Dunkan» to‘g‘risida gapirar, unga qiziqar edi. Bu esa ko‘p kapitanlarga xush kelmas, shu jumladan, pristanda «Dunkan» bilan yonma-yon turgan va Kalkutta safariga tayyorlanayotgan «Shotlandiya» nomli ko‘rkam paroxodning kapitani Bertonga ham yoqmas edi. Haqiqatan ham bu kattakon paroxodning kapitani o‘zining kichkina qo‘shnisi «Dunkan»ni nazar-pisand qilmaslikka haqli edi. Shunga qaramay, xalqning kundan-kun oshib borayotgan nazar-e’tibori Glenarvanning kemasiga qaratilmoqda edi.
«Dunkan»ning jo‘nab ketish payti yaqinlashib kela boshladi. Jon Mangls mohir va g‘ayratli kapitan ekanini ko‘rsatdi. Kema Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tgan kundan bir oy keyin ko‘mir, oziq-ovqat bilan ta’minlanib, uzoq safarga zarur bo‘lgan barcha asbob-uskuna bilan jihozlangach, «Dunkan» dengizga chiqishga tayyor edi. 25-avgustda jo‘nab ketadigan bo‘ldilar. Demak, kema janubiy kengliklarga taxminan bahorning boshlanishiga yetib borar edi.
Glenarvanning rejasi odamlarga ma’lum bo‘lib qolgach, ko‘p kishilar uni bunday sayohatning qiyin va xavfli ekani to‘g‘risida ogohlantira boshladilar. Lekin Glenarvan bu so‘zlarga zarracha ham e’tibor bermadi, u kapitan Grantni topib kelish maqsadidan aslo qaytmadi. Glenarvanning bu ishini qoralagan kishilarning ko‘pi ayni vaqtda ichdan unga qoyil bo‘lardilar. Borib-borib, butun afkor-omma ochiqdan-ochiq Glenarvanni yoqlab chiqdi, shuning uchun ham hukumat gazetalaridan tashqari barcha matbuot admiralteystvodagi lordlarni bir og‘izdan qoraladi. Glenarvan esa maqtovlarga ham, qoralashlarga ham e’tibor bermasdi – u o‘zining burchi deb hisoblagan ishni amalga oshirmoqda, boshqasi bilan uning nima ishi bor?
24-avgustda Glenarvan, Elen, mayor Mak-Nabbs, Meri va Robert Grantlar, kema styuardi32 mister Olbinet, uning Elen Glenarvanga xizmat qiluvchi xotini missis Olbinet Malkolm-Kestldan jo‘nab ketishdi. Glenarvan oilasiga sodiq bo‘lgan xizmatkorlar ularga butun yurakdan oq yo‘l tilab, xayrlashdilar.
Bir necha soatdan so‘ng sayohatchilar «Dunkan» bortiga chiqdilar. Tinch, rohat turmushidan kechib, halokatga uchragan baxtsizlarni qutqarishga oshiqqan mard xotin Elenni Glazgo aholisi mehr bilan qizg‘in tabrikladi.
Glenarvan bilan Elenga ajratilgan kayutalar «Dunkan»ning yut qismida bo‘lib, ikki yotoqxona, mehmonxona va kiyinibyuvinish uchun ajratilgan ikkita kichkinagina bo‘lmadan iborat edi. So‘ngra kemada yana bir umumiy kayut-kompaniya bo‘lib, unga oltita kayutaning eshigi ochilar edi, undan beshtasini Meri va Robert Grantlar, mister va missis Olbinetlar va mayor Mak-Nabbs egallagan edilar. Jon Mangls bilan Tom Ostinning kayutalari kemaning tumshuq tomonida joylashgan bo‘lib, eshigi palubaga ochilardi. Komanda esa palubalar o‘rtasidagi kayutalarga joylashtirilgan edi; joy keng va butun qulayliklari bor edi, chunki kemada ko‘mir, oziq-ovqat va quroldan boshqa hech qanday yuk yo‘q edi. Shunday qilib, kapitanning ixtiyorida joy juda ko‘p edi, u esa bundan ustalik bilan foydalandi.
«Dunkan» 25-avgust erta tong soat uchlarda, suv qayta boshlaganda dengizga chiqishi kerak edi.
Kechqurun soat o‘n birda hamma kemada bo‘ldi. Kapitan bilan komanda jo‘nab ketish uchun oxirgi tayyorgarlik ishlarini ko‘ra boshladilar. Yarim kechada bug‘ qozonlariga o‘t yoqildi. Kapitan o‘tga tezroq ko‘mir tashlash to‘g‘risida buyruq berdi, ko‘p o‘tmay kema trubalaridan chiqqan qop-qora tutun tungi tumanga ulanib ketdi. Janubi-g‘arb shamoli esayotgani uchun yelkanlardan foydalanib bo‘lmas edi – dudlanib qolmasligi uchun ularni kanop g‘iloflar bilan yaxshilab o‘rab qo‘yildi.
Soat ikkida «Dunkan»dagilar bug‘ qozonlarining kuchi bilan kemaning titray boshlaganini sezdilar; manometr to‘rt atmosfera bosim kuchini ko‘rsatardi; qizib ketgan bug‘ klapanlar ostidan chiyillab otilib chiqa boshladi. Dengiz suvining ko‘tarilishi to‘xtadi, suvning qaytishidan oldingi vaqtincha tinish payti boshlandi. G‘ira-shira tong otib kela boshladi, Klayd daryosining farvateri, uning tong yorig‘ida xiralasha boshlagan baken33 chiroqlari ko‘rina boshladi. Yo‘lga chiqish payti keldi. Jon Mangls buni Glenarvanga xabar qilishni buyurdi. Glenarvan tez palubaga ko‘tarildi.
Ko‘p o‘tmay suv qayta boshladi. «Dunkan»ning qattiq hushtagi yangradi: kema bog‘lab qo‘yilgan qoziqlardan bo‘shatildi va qirg‘oqdan ajraldi. Vint ishga tushdi va «Dunkan» daryo farvateridan yo‘lga chiqdi. Jon lotsman34 olmadi; Klayd daryosining farvaterini u juda yaxshi bilar, kemani ochiq dengizga hech kim undan yaxshiroq olib chiqa olmas edi. Kema o‘z kapitanining irodasiga bo‘ysunib, itoat bilan borardi. Kapitan ishonch bilan o‘ng qo‘lida mashinani va so‘l qo‘lida rulni boshqarar edi. Ko‘p o‘tmay qirg‘oqdagi eng so‘nggi zavodlar ham orqada qoldi, qirg‘oqdagi tepalar ustiga joylashgan villalar ko‘zga tashlana boshladi. Shahar shovqini orqada qoldi.
Bir soatdan so‘ng «Dunkan» Dumbarton qoyalari oldidan o‘tdi; ikki soatdan so‘ng u Klayd qo‘ltig‘iga yetib bordi… Ertalab soat oltida esa «Dunkan» ochiq dengizga chiqib oldi.
Oltinchi bob
OLTINCHI KAYUTADAGI YO‘LOVCHI
Safarning birinchi kuni dengiz ancha notinch edi; kechga borib shamol yana biroz kuchaydi. To‘lqinlar «Dunkan»ni kuchligina chayqar edi. Shuning uchun ayollar palubaga chiqmadilar. Ular kayutalardagi koykalarda yotar edilar.
Ertasiga shamolning yo‘nalishi bir qadar o‘zgardi. Kapitan Jon Mangls fok, kontr-bizan va kichik marsel yelkanlarini ochishni buyurdi. Shundan so‘ng «Dunkan»ning chayqalishi kamaydi. Elen bilan Meri Grant ertalab palubaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Glenarvan, mayor va kapitan ham shu yerda edilar.
Quyoshning chiqib kelishi juda jozibador edi. Kattakon oltin doiraga o‘xshagan quyosh nihoyatda katta galvanik vannadan ko‘tarilib kelayotgandek edi. «Dunkan» zarrin nurlar ustidan suzib borar, uning yelkanlarini shamol emas, quyosh nurlari kelib yoyayotgandek tuyulardi.
Kema yo‘lovchilari quyoshning ko‘tarilib kelishini indamay turib tomosha qildilar.
Nihoyat bu jimlikni Elen buzdi.
‒ Qanday go‘zal manzara-ya! – dedi u. – Quyoshning bunday chiqishi kunning yaxshi bo‘lishidan darak beradi. Faqat shamol o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmay, orqadan esib tursa bo‘lgani!
‒ Bundan yaxshi shamolni orzu qilish ortiqcha, azizim Elen, – dedi Glenarvan, – sayohatimizning bunday muvaffaqiyatli boshlanishidan mamnun bo‘lishimiz kerak.
‒
32
Styuard – bufetchi.
33
Baken – suv yo‘llarida xavfli joylarni va kemalar yo‘lini ko‘rsatuvchi suzg‘ich.
34
Lotsman – kemalarga yo‘l ko‘rsatuvchi mutaxassis.