Tom Soyerning boshidan kechirganlari. Марк Твен
bilan goho qora ip bilan, uning qanday ip bilan tikkani esimda turadimi? Koshki, u bir xil ip bilan tiksa!… Har holda bu qilgan ishi uchun Sidning ta’zirini beraman-a!
Tom ibrat bo‘ladigan odobli bola emas edi. Ammo kim ibratli bola ekanligini u yaxshi bilar va undaylarni ko‘ra olmas edi.
Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas, u, o‘zining butun xafachiliklarini unutib yubordi. Bu xafachiliklar odatda katta kishilarni qiynaydigan xafachiliklarga qaraganda og‘ir bo‘lgani uchun emas, balki xuddi shu daqiqada uning boshiga katta qayg‘u tushib, xafachiliklarni siqib chiqargani uchundir. Katta kishilar biror narsa bilan qiziqsalar, ular ham shuningdek xafachiliklarni unutib yuboradilar.
Tomni hozirgi vaqtda ko‘rkam bir ish qiziqtira boshladi. U o‘ziga tanish bo‘lgan bir negrdan g‘alati qilib hushtak chalishni o‘rgandi, shu ish ustida bemalol mashq etishni xohlar edi. Negr qush ovoziga o‘xshatib hushtak chalar va u juda g‘alati chiqar edi. Buning uchun tilni tanglayga tez-tez tegizib olish kerak edi.
U, ko‘chada quvonib, shaxdam qadamlar bilan gurs-gurs yurib borar edi. Og‘zini to‘latib-to‘latib, yoqimli, ohangdor hushtaklar chalar va qalbi minnatdorchilik bilan to‘la edi. U o‘zini, osmonda yangi sayyora kashf etgan astronom kabi his qilar, ammo uning quvonchi o‘ziga xos edi.
Yoz kunlarining kechki paytlari ancha uzoq bo‘ladi. Hali kun yorug‘ edi. Tom birdan hushtagini to‘xtatdi. Uning oldida o‘zidan kattaroq, begona bir bola turar edi. Kichkina, qashshoq shaharcha – Sankt-Peterburgda2 paydo bo‘lgan har bir yosh-dagi yangi odam Tomni qiziqtirar edi. Buning ustiga bola, bayram bo‘lmasayam yaxshigina kiyingan! Mana shu ahvol kishini juda ham hayron qoldirardi-da! Uning boshida chiroyli qalpoqcha, ustidagi ko‘k movutdan tikilgan nimchasi ham shimiga o‘xshab qaddi-qomatiga juda kelishgan, butun tugmalari qadalgan, yap-yangi va ozoda edi. Oyoqlariga chiroylikkina kavush kiygan. Hattoki bo‘yniga och rang lentadan galstuk ham taqib olgan. Umuman, shaharning olifta yigitlariga xos qiyofasi bilan Tomning g‘ashini keltirar edi. Tom bu ajoyib qiyofali bolaga qancha tikilib qarasa, u shuncha tumshug‘ini yuqoriroq ko‘tarar va uning ustidagi kiyimlarini mensimagandek bo‘lardi, Tomga esa o‘zining kiyimlari avvalgisidan ham eskiroq ko‘rinar edi. Ikkov bola ham bir-birlariga churq etishmay turaverdilar. Biroq ularning biri bir qadam siljishi bilan, ikkinchisi ham uning yon tomoniga bir qadam qo‘zg‘alib qo‘yar edi. Shu zayilda ular, bir-birlarining ko‘zlariga tikilishib, yuzma-yuz turaverdilar. Nihoyat, Tom:
– Olishsam, seni urib tashlayman, – dedi.
– Qani, urib ko‘r-chi!
– Nima qilar eding, uraman!
– Urib bo‘psan!
– Uraman!
– Yo‘q, urolmaysan!
– Yo‘q, uraman!
– Yo‘q, urolmaysan!
Ular o‘rtasidan bir nafas g‘arazli jimjitlik hukm surdi. Nihoyat, Tom:
– Sening oting nima? – deb so‘radi.
– Ishing nima?
Shoshmay tur, men senga ko‘rsatib qo‘yaman!
– Kuching yetsa, nimaga qarab turibsan?
– Yana ikki og‘iz so‘z aytib ko‘r-chi, adabingni berib qo‘yaman.
– Ikki og‘iz so‘z! Ikki og‘iz so‘z! Ikki og‘iz so‘z! Ana, aytdim! Xo‘sh?
– Ajab chaqqon ekansanmi! Agar men seni urishni xohlasam, qo‘limning bittasini orqamga bog‘lab qo‘yib, bitta qo‘lim bilanoq urib tashlar edim.
– Xo‘sh, nega endi urmaysan?
– Shunday qilib g‘ashimga tegabersang, albatta, uraman-da!
– Eh-e-e! Sendaylarning ko‘pini ko‘rganmiz!
– Oliftagarchiliging bilan juda katta kishi bo‘lib ketdim, deb o‘ylaysanmi? Qalpog‘ingni qara-yu!
– Qani, kuching yetsa shu qalpog‘imni boshimdan urib tushir-chi? Keyin mendan ta’ziringni yeysan…
– Yolg‘on aytasan!
– O‘zing yolg‘onchisan!
– Po‘pisa qilishdan boshqani bilmaysan, o‘zing esa qo‘rqoqsan!
– Ha, yaxshi, jo‘na, jo‘nab qol!
– Hoy, menga qara: agar sen yana g‘ashimga tegsang, kallangni uzib tashlayman.
– Ohho, kallamni uzib bo‘psan!
– Albatta, uzib tashlayman!
– Qani, uzib tashlay qol, nimani kutib turibsan? Do‘q qilasan-u, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, bundan chiqdi qo‘rqoq ekansan-da!
– Qo‘rqish xayolimda ham yo‘q!
– Yo‘q, qo‘rqoqsan!
– Yo‘q, qo‘rqmayman.
– Qo‘rqasan!
Yana jimjitlik hukm surdi. Bolalar bir-birlari atrofida aylanishib, yana bir-birlariga qaray boshladilar.
Nihoyat, bir-birlariga juda yaqinlashib, yelkama-yelka kelib turdilar.
– Yo‘qol bu yerdan! – dedi Tom.
– O‘zing yo‘qol!
– Men ketmayman.
– Men ham ketmayman!
Shunday qilib, ular yuzma-yuz turishdi; har birlarining oyoqlari orasidagi oraliq bir xil burchak tashkil qildi. Ular bir-birlariga g‘azab bilan tikilishib, kuchlari boricha olisha ketdilar. Lekin ikkovlari ham bir-birlarini yenga olmadilar. Ular shunchalik uzoq mushtlashdilarki, yuzlari o‘t kabi yonib, qip-qizarib ketdi. Garchi ularning har biri xezlanib tursa hamki, endi ular biroz hovurlaridan tushdilar, shu paytda Tom:
– Sen qo‘rqoq laycha kuchuksan. Qarab tur hali akam kelsa chaqaman. U seni bitta jimjilog‘i bilan yerga yotqizib, sulaytirib qo‘ya qoladi, – dedi.
– Sening akangdan qo‘rqadigan yerim yo‘q! Mening ham akam bor, u sening akangdan ham kattaroq. Akangni hov anavi devorning naryog‘iga uloqtirib yubora oladi.
Haqiqatda esa har ikkovining ham akasi yo‘q edi.
– Yolg‘on aytasan!
– Sen yolg‘on deganing bilan yolg‘on bo‘laveradimi?
Tom, oyog‘ining boshmaldog‘i bilan tuproq ustini chizib qo‘ydi-da:
– Seni shu chiziqdan o‘tkazmayman, agar o‘tsang, shunday do‘pposlaymanki, o‘rningdan turolmay qolasan, – dedi.
Begona bola shu paytning o‘zidayoq chiziqdan o‘tishga shoshildi va:
– Qani, qanday qilib meni do‘pposlar ekansan! – dedi.
– Yo‘qol! Ko‘p yopishaverma, deyman!
– Seni do‘pposlayman, deb maqtangan o‘zing-ku! Nega endi urmaysan?
– Urishim aniq. Urolmaydi deysanmi? Ikki sent bersang uraman-da!
Begona bola cho‘ntagidan ikkita chaqa olib, kulimsirab Tomga uzatdi.
Tom uning qo‘lidagi chaqalarni bir urib, yerga tushirib yubordi. Bir damda ikkala bola mushuk singari yerda ag‘anadilar. Ular bir-birlarining sochlaridan, nimcha va shimlaridan tortishar hamda chang-tuproqqa belanishib bir-birlarining burunlarini chimchilashar, tirnashar edilar. Nihoyat shu xil urush-to‘palon ichida o‘z dushmanining ustiga minib olib, uni do‘pposlayotgan Tomning gavdasi ko‘rindi, Tom:
– Qalay, endi bo‘ldimi? – der edi.
Bola qanchalik chiransa ham, undan o‘zini ajrata olmas va ko‘proq kuchsizligidan achchig‘lanib, tovushining boricha baqirardi.
– Qalay, ta’ziringni yedingmi? Mana senga! Mana senga! – Tom mushtlashda davom etar edi. – Tovba qildim de, yaramas bola!
Nihoyat,
2
Amerikaliklar o‘zlarining kichik shaharchalarini poytaxtlarning ulug‘ nomlari bilan atashni yaxshi ko‘rardilar. Ularda bir necha Parij, uch to‘rtta Quddus, Stambul bor va hokazo. Bu kitobda tasvir etilgan shaharchani ular o‘sha vaqtdagi Rossiya imperiyasi poytaxtining nomi bilan ataganlar.