Tom Soyerning boshidan kechirganlari. Марк Твен
qimirlatib qo‘yar va Tomga qarab: «Bir kun qo‘limga tushib qolarsan» deb do‘q qilar edi. Tom esa uni masxara qilib kularkan, o‘zining g‘alabasidan xursand bo‘lib, uyiga qarab jo‘nadi.
Biroq u yo‘liga qayrilib ulgurmagan ham ediki, haligi begona bola bir tosh bilan uning yelkasiga tushirdi-da, o‘zi kiyikdek sakrab-sakrab qochib ketdi. Tom uning izidan tushib, uyigacha quvlab bordi va uning uyini ko‘rib oldi. U o‘z dushmanini qaytadan urushga chaqirib, eshigining og‘zida ancha vaqt qarab turdi, lekin dushmani derazadan aft-basharasini burishtirib masxara qildi va uning oldiga chiqishni istamadi. Nihoyat, dushmanining onasi chiqib, Tomni axloqsiz, yaramas bola deb qarg‘ab, tezlikda bu yerdan ketishini buyurdi. Tom ketmoqchi bo‘ldi, ammo ketish oldida uni poylab yurishini bildirdi.
U uyiga juda kech qaytib keldi; tovush chiqarmaslik uchun, sekingina derazaga chiqdi. Lekin deraza tagida uni xolasi poylab turgan ekan. Xolasi uning ust-boshlarini ko‘rar ekan, bayram kuni qamab qo‘yish to‘g‘risida qattiq qarorga keldi.
Ikkinchi bob
USTA SUVOQCHI
Yakshanbaning ertasi ham kelib yetdi, yozgi tabiat esa – yangi, qaynoq hayot bilan bezandi. Hammaning qalbida ashula jaranglay boshladi. Hamma quvnoq, har kimda qanot paydo bo‘lgan.
Oq akatsiya daraxtlari gullarga burkangan, havoda atir hidi burqiraydi. Shahar chetidagi Kardif tog‘i ko‘m-ko‘k ko‘katlar bilan qoplangan.
Bu tog‘ xuddi shunday bir masofada ediki, go‘yo uzoqdan bir narsani va’da etgandek, mag‘rur va jilvagar, g‘alvasiz hamda xayolga cho‘mgan bir dunyo singari ko‘zga chalinar edi.
Tom bir chelak ohak bilan uzun dastalik bir cho‘tkani ko‘tarib ko‘chaga chiqdi. U devorga bir qarab qo‘yar ekan, o‘sha ondayoq tevarak-atrofni qorong‘ulik bosib, uning dilini chuqur xafachilik o‘rab oldi. O‘ttiz yard3 keng devor, balandligi to‘qqiz fut! Shu damda hayot uning uchun ma’nosiz bir narsa, keraksiz bir yuk bo‘lib ko‘rindi. Og‘ir bir entikib, cho‘tkani chelakka botirib oldi-da, yuqorigi taxtaga uzunasiga bir surkadi, yana bir surkadi, yana bir. Shundan keyin to‘xtab qaradi: uning oqlagan devori, oqlanmagan kattakon, uzun devorga nisbatan juda ham oz edi. U xafa bo‘lib, gul tuvakka kelib o‘tirdi. Jim, qo‘liga chelak ko‘targani holda sakrab-sakrab, «Buffalo qizlari» ashulasini aytib, darvozadan yugurib chiqib qoldi. Shahar qudug‘iga borib suv olib kelishni Tom har doim yomon ko‘radi. Biroq, hozir bu ishni jon-u dili bilan qilishga tayyor edi. U quduq yoniga suvga borgan vaqtlarini xotirlay boshladi. U yerga juda ko‘p kishilar yig‘ilishadi: negrlar, mulatlar4, oqlar, o‘g‘il bolalar, qizlar o‘z navbatlarini kutib, dam olib o‘tiradilar, bir-birlari bilan urishib ketadilar, qo‘g‘irchoqlarini ayirboshlash to‘g‘risida savdolashadilar, to‘rg‘aydek cho‘ldirashib ashulalar aytadilar. O‘z uyi bilan quduqning orasi yuz ellik qadam kelar-kelmas yer bo‘lsa hamki, Jim suvga borganida aqalli bir soatsiz qaytib kelmas, shunda ham uning orqasidan birov axtarib borishi lozim edi.
– Menga qara, Jim, agar xo‘p desang, sen bu yerda birpas devorni oqlab tur, sening o‘rningga men suvga borib kelayin, nima deysan?
Jim boshini chayqab qo‘ydi.
– Yo‘q, Tom boyvachcha, oyim meni suvga yuborayotganida: «To‘g‘ri bor, hech kim bilan yo‘lda so‘zlashma», – deb tayinlab qolgan. U menga «Tom boyvachcha seni devor oqlagani chaqirar, men buni yaxshi bilaman, sen uning so‘ziga quloq solmay, o‘z ishingga bor», deb qayta-qayta tayinlagan. U yana: «Tomning devor oqlayotganini o‘zim borib ko‘rib kelaman» ham dedi.
– Bo‘lmag‘ur gap! Qo‘yaver, u har doim ham shunday, og‘ziga kelganini so‘zlay beradi. Chelakni menga ber, men bir zumdayoq borib kelaman, u bilmay ham qoladi.
– Qo‘ysang-chi, men undan qo‘rqaman, juda ham qo‘rqaman, bilib qolgudek bo‘lsa, kallamni uzib tashlaydi, xudo ursin, uzib tashlaydi!
– Kim? O‘shami? U hech vaqt hech kimga qo‘lini ham tegiza olmaydi, uning qo‘lidagi angishvonasi bilan boshingga urishini aytasanmi? Shu ham kaltak yeyish bo‘ldimi, bunga kim e’tibor qilardi? To‘g‘ri, u og‘ziga kelgan vahimali so‘zlarni so‘zlab qo‘rqitaverdi, lekin uning goho yig‘lashini nazarga olmaganda, aytgan so‘zlari kishini sira ham achintirmaydi-ku! Jim, men senga marmar soqqa beraman. Senga o‘zimning oq bo‘r soqqamni ham beraman.
Jim ikkilana boshladi.
– Oq soqqamni deyapman, Jim bilasanmi, juda yaxshi oq soqqam bor-ku, o‘shani beraman!
– Bu aytganing to‘g‘ri, Tom boyvachcha, u o‘zi yaxshi narsa-ya, lekin shunday bo‘lsa ham, men oyimdan juda qo‘rqaman.
Jim, uning shunday vasvasalari ta’siriga berilib, chelagini yerga qo‘ymoqchi va qo‘liga bo‘r soqqani olmoqchi bo‘lgan ham ediki, biroq shu ondayoq chelagini qo‘liga mahkam ushlab, shaldiratib, yugurganicha chopib ketdi. Shu orada Tom g‘ayrat bilan devorni oqlashga kirishdi, Polli xola bo‘lsa, tuflisini qo‘liga ushlab, tantana bilan urush maydonidan o‘tib borar edi.
Tomning g‘ayrati uzoqqa bormadi. U bu kunni qanday xursandchilik bilan o‘tkazmoqchi bo‘lganini esiga tushirib, yana xafa bo‘ldi. Bugun bolalarning hammasi ko‘chalarda o‘ynab yuradilar. Ular albatta qiziq-qiziq o‘yinlar o‘ylab qo‘yganlar, ular hadeb Tomning shunchalik og‘ir mehnat ostida qolganidan kuladilar. Bu fikrning o‘ziyoq uni xuddi olovdek yondirib, tutoqtirib yubordi. U bor matohini chiqarib, ko‘zdan kechira boshladi. Ular singan qo‘g‘irchoqlar, marmar toshdan ishlangan soqqalar, xullas, shunga o‘xshagan arzimagan narsalar ediki, bularning hammasini yig‘ishtirib kelganda, yarim soat ozodlikka ham yetmas edi. U arzimagan narsalarning hammasini cho‘ntagiga joylab oldi-da, o‘rtoqlarini aldash fikridan qaytdi. Shunday og‘ir va umidsiz minutda birdan uning qalbida bir ilhom qaynab toshdi, miyasiga juda yaxshi, yorqin bir fikr keldi. U cho‘tkasini qo‘liga olib, tinchgina ishga tushdi. Uzoqdan Ben Rodjers ko‘rindi. Uning masxara qilib kulishidan Tom hammadan ham ortiqroq qo‘rqar edi. Ben to‘g‘ri yurib kelmay, dam irg‘ishlab, dam sakrab kelar, uning bunday harakati – ko‘nglining shodligi va shu kuni o‘zi uchun ancha xursandchilikning alomati edi. U olma yeb kelar hamda vaqti-vaqti bilan uzun, ohangdor hushtak chalib, bu hushtak orasida past ovoz bilan «din-don-don, din-don-don» deb qo‘yar, bu bilan u paroxod tovushini anglatmoqchi bo‘lar edi. U yaqinlashar ekan, qadamlarini sekinlatib, ko‘chaning o‘rtasida to‘xtadi-da, juda sekinlik va ehtiyotlik bilan burila boshladi; u mazkur harakatini butun kuchi bilan qilganligi sezilib turar, chunki u, o‘zini suv ichida to‘qqiz fut chuqurlikka botib turgan «Ulug‘ Missuri» kemasiga o‘xshatmoqchi bo‘lar edi. U o‘zini, ayni zamonda ham kema, ham undagi kapitan, ham signal berib turuvchi matrosdek his qilar, o‘z palubasida turib, o‘ziga-o‘zi buyruq berar va uni bajarar edi.
– Mashina to‘xtatilsin, ser! Din-dilini, din-dilindin!
U sekin-asta yo‘lning o‘rtasidan chiqib, chetga yaqinlashib kelar edi.
– Orqaga! Dilin-dilin-din!
U go‘yo boshlig‘i oldida turgandek, qaddini rostlab, qo‘llarini yoniga mahkam bosib turdi.
– Orqaga tisarib yurgiz! Chapga bur! Chish-chish-chish!
Uning o‘ng qo‘li katta-katta doiralar chizib ko‘rsatar, chunki u, go‘yo aylanasi qirq fut keladigan g‘ildirakdek bo‘lib ko‘rinardi.
– Chap yonboshi bilan yurgiz! O‘ngga bur! Dilin-din-din! Chish-chish-chish!
Endi u chap qo‘li bilan doiralar chizdi.
– To‘xta, o‘ngga bur! Dilin-din-din! To‘xta, chapga bur! Sekinroq hayda! To‘g‘riga, o‘nga yurgiz! Arqonni tashla! To‘xta! Tez bo‘l! Din-dilin-din! Hoy, qirg‘oqqa qarab yurgiz! Chau! Chau! Chau! Nega to‘xtab turibsan? Arqonni tort! Arqonning halqasini mana shu qoziqqa il! Arqonni to-o-rt! Qo‘yib yubor! Mashina to‘xtadi, ser! Dilin-din-din!
– Sht! Sht! Sht! – U go‘yo bu bilan, jo‘mraklardan chiqib kelayotgan sovugan bug‘ning chirtillashiga taqlid qilar edi.
Tom,
3
Yard – inglizcha so‘z bo‘lib, uzunlik o‘lchovi demakdir; u 0,91 metrga baravar.
4
Mulatlar – negrlar bilan oqlardan tug‘ilgan odamlar.