Беш болали йигитча. Худойберди Тухтабоев
qo‘ygan ekan, men ketsam buni kim ham ichardi deb, bugun o‘sha chapaqay Xo‘janazar aka ikkovlari suzishgandi, choynakda olib kirib har joy-har joyga quyib chiqdim. Mehmonlarga sho‘rva tortgach, men ham ostona yoniga cho‘kib, kattalarning gapiga quloq solib o‘tirdim. Urushdagi ahvoldan, biznikilar juda qattiq jang qilayotganligidan, bozordagi narx-navo oshib borayotganligidan nolib gaplashishardi. Bir xil yurtlarda qattiq ocharchilik boshlanib ketibdi. Odamlar ko‘chalarda sulayib qolayotgan emish, qo‘shni qishloqda o‘n bir kishi shishib o‘libdi. Bittasi sholining to‘ponidan non yopgan ekan, tandirda yonib ketibdi. Qo‘shni qishloqlik Dehqon shapka degan odam Isfaradan bug‘doy olib kelayotgan ekan, yo‘lda o‘ldirib ketishibdi.
Parpi buvam uyida o‘tirolmadi shekilli, darrov orqasiga qaytib chiqib, davraga qo‘shildi-yu, qiziq-qiziq gaplardan gapirib odamlarni kuldirishga tushdi.
– Roziqvoy, bu Girmonni bitta ko‘zi oldida, bitta ko‘zi orqasida bo‘ladi deyishadi, shu rostmi? – so‘radi buvam.
– Men bunaqasini kurganim yo‘q, – deb qo‘ydi Roziq tog‘a sho‘rva ho‘plab.
– Yo‘q, men haligi lashkarboshisini aytyapman.
– Unisiyam siz bilan menga o‘xshagan bir odam.
– Sen uni o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi?
– Ko‘rganman.
– Ko‘rgan bo‘lsang, qani ayt-chi, o‘sha Girmon kofirmi, musulmonmi?
– Kofir.
– Kofir bo‘lsa, demak, bitta ko‘zi oldida, bitta ko‘zi orqasida bo‘lishi to‘g‘ri, sen payqamabsan. Qadimgi kitoblarda shunday deb yozilgan… Xo‘b, mayli, bunisini qo‘yaylik. Qani aytchi, o‘sha Girmonning har bitta o‘qi aravaning gupchagidek keladi, deyishyapti, shu to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – tasdiqladi Roziq tog‘am, – lekin biznikilar ham ularnikidan qolishmaydi.
– Demak biznikilar ham zo‘r degin?
– Bo‘lmasam-chi, shunday o‘qlarimiz borki, nima desam ekan, hovlidagi kelini ko‘rdingizmi?
– Ko‘rdim.
– Har bitta o‘qimiz ana o‘sha kelidek keladi!
– Bay-bay-bay, – deya yoqasini ushladi Parpi buvam, – o‘sha o‘q bilan ham o‘ldirib bo‘lmayaptimi? Joni to‘ng‘iznikidan ham qattiq ekanda. Ha, ishqilib hukumat omon bo‘lsin.
Musallasni hammadan ko‘ra ko‘proq To‘ron amaki ichib, hammadan oldin mast bo‘lib qolgan ekan, oldiniga ko‘zlarini g‘alati suzib kulimsiragancha o‘y surib o‘tirdiyu, keyin to‘satdan tutaqib ketdi. Katta mushti bilan dasturxondagi tozalanmagan suyakni bir urdi-da:
– Roziq! – deb chaqirdi.
– Nima deysan? – so‘radi Roziq tog‘a ham hushyor tortib.
– Nima deb aljiyapsan o‘zing?
– Aljiganim yo‘q.
– Mana, dushmanni mendan so‘ra, elliktasini o‘ldirganman! Yoki yolg‘onmi?
– G‘irt yolg‘on! – dedi Roziq tog‘am boshqalarga qarab ko‘zini qisib.
– O‘zing yolg‘onchisan… Men o‘n marta nayzabozlik jangiga kirdim, har kirganimda beshtadan nemisni o‘ldirdim, ko‘kragiga mana bunday qilib nayza sanchib o‘ldirdim, bildingmi? Sen… sen… Parpi buva, men bitta nemisni kallasini qiyiqqa tugib, olib kelayotgan edim… Mana shu o‘zimizning Qo‘qonga kelganda, ug‘irlatib qo‘ydim, kisovur bolalar o‘g‘irlab ketishibdi…
– Yolg‘on, qip-qizil yolg‘on! – deb Roziq tog‘am o‘tirganlarga birma-bir qarab chiqadi.
– Yolg‘onmi? – qo‘ltiqtayog‘iga suyanib o‘rnidan tura boshladi To‘ron amaki.
– Yolg‘on! Agar ellikta nemisni o‘ldirgan bo‘lganingda qahramon bo‘larding. Ko‘ksing to‘la orden bo‘lardi!
– Orden dedingmi?
– Orden bor.
– Qani ko‘rsat-chi?
– Hoy Roziq, sen men bilan ko‘p pachakilashaver-ma, bildingmi! Men orden talashib urushganim yo‘q, qongaqon, jonga-jon deb urushdim, bildingmi. Gospitaldan chiqayotganimda yangi borgan askar bolalarga ordenlarimni esdalikka ulashib berdim. To‘ron tog‘angdek urushinglar dedim, bildingmi! Sen Roziq cho‘loq, razvedkachiman, shuhrat ordenim bor deb kerilaverma… Men… men serjant To‘ron O‘runov bo‘laman, generallar bilan qo‘l berib so‘rashganman! Serjant O‘runov slushayet, bildingmi..
To‘ron amaki to‘satdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Ko‘ksini yirtib, boshlariga ikki qo‘llab mushtlab, urushga birga ketgan o‘rtoqlarining nomini aytib chaqirib, shunaqangi uzoq yig‘ladiki, oxiri qo‘ltig‘idan olib uyigacha eltib qo‘yishdi.
Odamlar anchagacha bir-birlariga gap qo‘sholmay g‘alati bo‘lib o‘tirishdi, Hamma sukutda… xuddi to‘satdan tillari yo‘q bo‘lib qolganday oshni yeb bo‘lishguncha ham gaplari bir-birlariga qovushmadi. Nihoyat Roziq tog‘am:
– Polvon, shunday qilib erta junaysizlarmi? – deya sukunatni buzdi.
– Shunaqa shekilli… – yo‘tal aralash dedi dadam.
– Ishqilib o‘g‘lim, tagobli yigitlarning yuzini yerga qaratmagin-da, – nasihat qilgan bo‘ldi Parpi buvam, – astoydil urushgin, og‘zingdan kalimai shaxodat hech tushmasin, shunda senga o‘q kor qilmaydi… Tagoblilar bosmachilarga qarshi yomon urushmovdi, endi bunisigayam bo‘sh kelmanglar… O‘sha Girmon deganlari juda zo‘r bo‘lsa Ko‘rshermatcha bo‘larda… o‘shani yengdigu… Nima deding Roziqvoy?
– To‘g‘ri, amaki, – tasdiqladi Roziq tog‘a, – muhimi, Polvon, urushda shoshib qolma! Keyin, ruslarning yonida bo‘lishga harakat qil, ulardan o‘rganasan… Meniyam urush maydonidan o‘shalar olib chiqdi. Yetti yot begona o‘ris ko‘tarib chiqdi-ya!.. Qani, Parpi buva, bir duo qiling, sekin qo‘zg‘alaylik endi.
Parpi buvam cho‘kka tushib, ikki qo‘lini yuqori ko‘tardi:
– Iloyo omin, – shunday dedi-yu, nazarimda u yog‘ini esidan chiqarib qo‘ydi shekilli, bir nafas jim bo‘lib qoldi, – iloyo omin, oy borib, omon kelgin. Girmon otli bir ko‘zli yovni boshi tanidan judo bo‘lsin, hammalaringa xudo madadkor bo‘lsin, oblohu akbar!
– Oblohu akbar, – deyishdi boshqalar ham. Mehmonlar hovliga chiqib otam bilan quchoqlashib yuzko‘zlaridan o‘pishib, xayrlasha boshlashdi. Ayollar ulu tortib yig‘lab yuborishdi, ukalarim ham bo‘zlab yig‘lashga tushishdi…
Nihoyat mehmonlar tarqab, qop-qorongi hovlida o‘zimiz qoldik. Men mollarga xashak olgani og‘ilxonaga kirib ketdim. Opam hozirgina erkak mehmonlar o‘tirgan katta yorug‘ uyga hammamizga bitta qilib joy solibdi. Ilgari uchta uyda, uchga bo‘linib yotardik Usmon ikkimiz oshxonada, Omon bilan otam mana shu katta uyda, opam ukalarimni yoniga olib kichkina uyda uxlashardi. Bugun otam bilan so‘nggi kecha birga bo‘layotganimiz uchun opam joyni ataylab birga solibdi. Uyga kirsam, Omon bilan Robinisa otamning tizza-siga o‘tirib olib, topishmoq ayttiryapti. Opam Zulayhoning sochini maydalab o‘rib o‘tiribdi. Usmon mis laganning ustiga shaltoq daftarini yozib, ko‘ksini yerga bergancha inqillab rasm chizish bilan ovora.
Men halidan buyon razm solmagan ekanman, opam negadir saylga ketayotgandek yasanib olgan ekan, sandiqdagi hamisha behining hidi anqib turadigan atlas ko‘ylagi, qora baxmal to‘nini kiyib olibdi, peshanasida ko‘k shohi durra, sochini ham yuvib, silliq qilib tarab olibdi.
– Ishqilib xatni kanda qilmasangiz bo‘lgani, – deyapti opam.
– Bo‘lmasachi, sen ham tez-tez xat bitib turgin, – javob qilpti otam, – boqqolning pulini berdingmi?
– Berdim.
– Yaxshi qilibsan… Bundan keyin undan qarzga hech narsa olmanglar.
– Xudo