Беш болали йигитча. Худойберди Тухтабоев
aniq eshitdim.
– Nima, sen zambarakni uchiga tosh boylab otadigan sopqon deb o‘yladingmi! – dedi bobom zardasi qaynagandek bo‘lib, – uni qora po‘latdan quyishadi, bildingmi!
– Miyangiz aynab qopti! Shuncha pulni qayerdan topasiz?
– Xudo xohlasa topaman!
Bobom gapga juda chechan ekan, bora-bora xolamni og‘iz ochirtirmay qo‘ydi. Urushda yengib chiqishimiz mana shu bobom jo‘natadigan zambarakka bogliq. Xolamning o‘g‘illari Anorvoy akam, Bo‘rivoy akam, Dehqonboy akamlarning ham sog‘-salomat qaytib kelishlari mana shu zambarakka bog‘liq ekan, shu zambarak eson-omon urush maydoniga yetib borsa, qishlog‘imizdan ketgan uch yuz yigit ham tezroq qaytarkan, e boringki, shu kecha-kunduzda avj olib borayotgan ocharchilik ham mana shu zambarak tufayli daf bo‘lishi mumkin ekan…
– Ha bo‘pti, – dedi oxiri xolam rozi bo‘lgandek bo‘lib, – bilganingizni qiling!
Bobom pul sanashni bilmas edi, shuning uchun ertasiga bozorga meni o‘zi bilan birga olib ketadigan bo‘ldi. Kolxozdan ot-arava olib, ikki qop mayiz, uch qop o‘riq, to‘rt qop oq jo‘xori yukladik. Bozordagilar ham Parpi buvamning kelishini kutib turishgan ekanmi, olib borgan narsamizni, ishonsangiz, ko‘z yumib ochguncha talab ketishdi. Chorshanba bozoriga sigir bilan buzoqni ham xaydab borib pullab keldik, tomdagi ikki-uch yildan buyon qurib yotgan beda ham tuzukkina pul bo‘ldi. Nihoyat o‘tirib pulni hisoblab ko‘rgan edik mo‘ljalga yetmabdi.
– Endi nima qildik? – Mendan maslahat so‘rab qoldi bobom. Men nima deb maslahat berishni bilmas edim, shuning uchun yelkamni qisib qo‘ya qoldim.
– Xolangda pullasa bo‘ladigan narsalar bor, – dedi bobom, – akalaringni uylantiraman deb yig‘ib yuribdi beqasam, shoyi hammasidan bor… Lekin bermaydi-da…
– Yolvorib so‘rasak-chi? – deb maslaxat bergan bo‘ldim.
– Yo‘q bari bir bermaydi… Yashirib olsak bo‘ladi-yu…
– O‘g‘irlab olsak deysizmi?
– Yig‘lab-yig‘lab joyiga tushib qolarmikin deymanda.
– Bilmasam… – dedim men yana yelkamni qisib. Xu narida charx yigirib o‘tirgan xolam suhbatimizga zimdan quloq solib o‘tirgan ekanmi, jimgina o‘rnidan turib, omborxonaga kirib ketdi-yu, xiyol o‘tmay Dehqonboy akamga atab qilingan bannani katta qiyiqqa tugib chiqdi. «O‘g‘illarim eson-omon qaytib kelsa, bir amallab to‘ylab olarman» deb tugunni bizning oldimizga tashladi.
Bozor kuni bannani ham sotib keldik. Pul yana mo‘ljalga yetmagan edi, Parpi buvam bu gal negadir tutoqib ketdi. «Sen kallavaram, dadangga o‘xshamay o‘lgur, ko‘zingni ochibroq sana, bir xillarini shunday o‘tkazib yuboryapsan» deb andek bo‘lmasa meni quvlab chiqarayozdi.
– Bir xurjun pul mo‘ljalga yetmadimi, a?
– Yetmayapti, – deb qo‘ydim yana urishib berishidan qo‘rqib.
– Xo‘sh, qancha yetmaydi?
– O‘n ming deyapman-ku.
– Endi nima qildik sotadigan hech narsa qolmadi-ku?
– Qarz ola qolaylik.
– Boqqoldanmi? – ko‘zlarini katta-katta ochib so‘radi Parpi buvam.
Boqqoldan boshqa odamda pul bo‘larmidi? Pulning kattasi o‘shanda-da! Odamlarning aytishiga qaraganda pulning sassig‘iga yotolmay kechalari yurib chiqarmish. Lekin Parpi buvam Meli boqqolni yoqtirmaydi, ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q. Aslida-ku, boqqolni hech kim yoqtirmaydi-ya, yoqtirishmaydi-yu bari bir ishini o‘sha bilan bitirishadi. Bobom ham pulni Meli boqqoldan so‘rashga qaror qildi. Uning hovlisi ichkari-tashqarili, ichkarisida bola-chaqalari turadi, tashqarida mehmonxona, mehmonxonaning yonida kichkinagina eshikchasi ko‘chaga ochiladigan boqqolxona bor. Bu yerda lampa moyi-yu zig‘ir moy, arpa bo‘g‘do-yu qandqurslar, e boringki, eshakning taqasidan tortib qalampirmunchoqqacha hamma narsa topiladi.
Biz kirganda Meli boqqol oldida katta daftar, yonboshida chut bir narsalarni hisoblab o‘tirgan ekan.
Boqqol amaki, o‘zi pakana-yu lekin yuzi katta, peshanasi keng, yakkam-dukkam soqolli, burni puchuq, iyagi kalta bir odam. Qorni ham xaddan tashqari katta bo‘lgani uchun o‘tirganda xuddi bir qop go‘shtdek bo‘lib qoladi. O‘ziyam juda g‘alati odam, sergapmi, kamgapmi bilib bo‘lmaydi. Bir qarasangiz, qiziq-qiziq gaplardan gapirib odamlarni kuldirib o‘tiradi, yana bir qarasangiz xuddi shu kechasi tili yo‘q bo‘lib qolganday, gung bo‘lib boshini egib oladi. Shunaqangi qasamxo‘rki, asti qo‘yaverasiz, agar gapning birida «mozori sharif ursin» deb turmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi…
Xayriyat, bugun kayfiyati joyidaga o‘xshaydi, bizni shunaqangi xursand bo‘lib kutib oldiki, ishonsangiz, o‘tqizgani joy topolmay tor uyda pildirab qoldi, ammo bobom qarz so‘ragani chiqqanini eshitib, nafasi ichiga tushib ketdi.
– Pul yo‘q! – dedi xuddi uh tortganday qilib.
– Xudodan ko‘rqsangchi! – deb yolvorishga tushdi bobom.
– Parpi amaki, siz otamni ko‘rgan odamsiz, sizdan jonimni ham ayamayman pulim bo‘lganda o‘sha siz olmoqchi bo‘lgan zambarakni, xudo ursin agar, o‘zim olib bergan bo‘lardim.
– Men senga ikki barobar qilib qaytaraman.
– Aytdim-ku o‘zimda pul yo‘q deb.
– Birovdan bo‘lsayam topib berasan!
– Lekin u odam ikki barobarga ko‘nmas deb qo‘rqaman.
– Xo‘sh, o‘sha odaming qanchaga ko‘narkan?
– Ikki yarim barobar so‘rasa kerak deb qo‘rqaman.
– O‘sha odamga aytgin, men rozi! – dedi bobom ish o‘ngidan kelayotganiga o‘zida yo‘q sevinib.
Meli boqqol yana ancha mahalgacha uni-buni bahona qilib, talashib-tortishib o‘tirdi, qasam ustiga qasam ichib, o‘zimda bo‘lganda sizga, otamni ko‘mgan mehribon bir amakimga yeb ketarga bergan bo‘lardim, dedi. Oxiri katta qornini arang ko‘tarib, ko‘k beda yeb bo‘kib qolgan sigirdek pishillab zo‘rga o‘rnidan turdi-da, qayoqqadir chiqib ketib, bir osh hamlam fursat yo‘q bo‘lib ketdi… nihoyat yana inqillab, kimnidir imonsiz deb qarg‘ab qaytib keldi-da, bobomning oldiga bir dasta pul tashladi:
– Padar la’natini arang ko‘ndirdim!
Bobomning topshirig‘iga binoan pulni sanab ko‘rdim, bir haftadan buyon kechasi-yu kunduzi pul sanayverib o‘ziyam usta bo‘lib ketgan ekanman, ko‘z yumib ochguncha hisobini chiqarib:
– Uch yuz kam, – dedim.
Gapimga Meli boqqol ishonmay, o‘zi pulni qayta boshdan sanab ko‘ra boshladi. Oxiri «Obbo nomard-ey, aldabdi-ya, deb o‘sha qarz bergan odamni boplab bir so‘kib qo‘ydi. Lekin kamini bari bir to‘ldirmadi, olmasangiz olmang, men o‘rtada turganim uchun zarar ko‘rishni istamayman deb pulni qaytarib chuntagiga solayotgan edi:
– Ha mayli, kam bo‘lsayam bera qol, – dedi bobom shosha-pisha.
Ertasiga ishlarimiz juda tez yurishib ketdi. Pulni xurjunga solib, kolxoz idorasiga olib borgan edik kolxozning ona-bola raisi rayonga olib borib o‘z qo‘lingiz bilan topshirib kelasiz, boshliqlar xursand bo‘ladi deb yonimizga hisobchi amakini ham qo‘shib berdi…
Harbiy komissariatda bizni hu birda dadamga, eshagingizni minib kelganingizda otliq askarga yozib qo‘yardim, deb hazillashgan rus komandiri kutib oldi. Gap nimadaligini bilib, ichkaridan yana bitta komandirni boshlab chiqdi. Ichkaridan chiqqan katta komandir o‘zi o‘ris bo‘lsa ham o‘zbekcha gapirishni yaxshi bilarkan, Parpi buvamni quchoqlab peshanasidan, soqollaridan o‘pib:
– Yo‘q, biz urushda yengilmaymiz, sizga o‘xshagan otaxonlar, mana bu yigitchaga o‘xshagan askar bolalarimiz omon ekan, yanchib tashlaymiz, – deb qo‘ydi.
Pul bilan kecha uyda yozib qo‘yganimiz xatni ham qo‘shib