Беш болали йигитча. Худойберди Тухтабоев
to‘xtashga buyruq berdi, burchimiz nimadan iborat ekanligini yana bir bor tushuntirib:
– Himoyada turganlar ham, hujum qilayotganlar ham shu tepalik ona Vatanimizning bir parchasi, uni dushmanga bermayman deb jang qilishi kerak! Tushunarlimi? – deb so‘radi oxirida.
– Tushunarli, – javob qaytardi askarlar.
– Menda savol bor? – qo‘l ko‘tardi Akrom, – Ayt-chi.
– Kim yaxshi jang qilsa o‘shanga ikki norma kartoshka beriladimi?
– Xuddi shunday.
– Oramizdan qo‘rqoq yoki xoinlar chiqib qolsa-chi?
– Bir xafta davomida kartoshka berilmaydi, tushuntirdi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni.
O‘z o‘rnimizni egalladik. Dushman qo‘shinlari tepalik atrofidagi okoplarga joylashib olishdi, granatalar shay, pulemyotlar o‘rnatilgan… Men ham o‘z askarlarim bilan hujum chizig‘iga saf tortdim.
Raketa – tosh tugilgan oq latta osmonga otildi, xuddi shu paytda qoidaga ko‘ra biz pulemyotlardan o‘t ochishimiz kerak ammo mening yonginamda yotgan Usmon o‘rnidan turib, «Ur-re» deb qichqirganicha dushman pozitsiyasiga qarab yugurib ketdi, o‘sha tomondan «paq-puq» degan miltiq ovozlari eshitildi. Tepalikda jang maydonini kuzatib turgan maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni:
– Usmon, sen o‘lding! – deb qichqirdi.
– O‘lganim yo‘q! – javob qaytardi Usmon.
– O‘q tegdi senga, yot!
– O‘q tekkani yo‘q, xudo ursin agar!
– Yot deyapman!
– Yotsam kartoshka bermaysiz-da?
– Yot, axmoq!
Bechora ukaginamga juda achinib ketdim, yo‘q o‘q tekkani uchun emas, yo‘q-yo‘q, u och edi, ertalab nonushta qilgani yo‘q, yaxshiroq urushsam ko‘proq kartoshka olarmikanman deb, hammadan oldin yugurgan edi u, mana kartoshkaga yetay-etay deganda bevaqt nobud bo‘lib ketdi u…
Yuz metr chamasi emaklab borgach, o‘rnimdan turib:
– Vatan uchun jangga!! – deb o‘z askarlarimga komanda berdim «Ur-ra!» deya qichqirishib, nayzabozlik jangiga tashlandik. Tepalik uchun chinakam jang boshlanib ketdi: avvaliga yog‘och miltiqlarning uchini urishtirib nayzabozlik qildik keyin o‘zimiz ham bilmagan holda miltiqlarni uloqtirib, qulochkashlab mushtlashishga tushib ketibmiz. Bunday qarasam, askarlar dushman tomon bilan aralashquralash bo‘lib ketibdi. Bir-birini bosib olgan kim, birbirini yoqasidan bo‘g‘ib olgan kim, qo‘ltig‘ining tagidan qo‘l o‘tka-zib pahlavonlardek kurash tushayotgan kim, bilib bo‘lmaydi.
– Endi chekininglar axir! – deb qichqiramiz.
– Ha, biz chekinsak kartoshka o‘zlaringga qoladi-daa! – deydi dushman tomondagilar.
– Hoy, sekinroq bo‘g‘, qusib yuboraman!
– Bo‘lmasa, siyohni to‘la, kecha siyohdonimni sindirib qo‘yuvding.
– Og‘zingga latta tiqmasammi, sen shaytonni!
– Mana senga shayton, mana! – degan gaplar ham eshitilib, turibdi. Bir mahal ukam Sulton (u dushman tomonda turib tepalikni himoya qilayotgan edi) yelkamga tarmashib yerga bosib olsa bo‘ladimi! Bilasiz-ku, u xirsdan ham kuchli! Shu harakat qilaman, qani endi tagidan chiqib keta olsam.
– Ahmoq, tur endi! – dedim siltanib.
– Omborxonaning kalitini ber, keyin turaman!
– Tur deyapman!
– Kalitni ber!!
Xayriyat xuddi shu payt maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni teshik tog‘orani «dang-dung» qilib chalib, bizga chekinish uchun buyruq berib qoldi, bo‘lmasa kim biladi deysiz, aka-uka chinakam mushtlashib qolarmidik. Sapchib o‘rnimdan turib askarlarimga chekinish haqida qo‘shimcha buyruq berdim, yarador bo‘lganlarini yelkamizga opichlab, jang maydonini sharmandalarcha tashlab chiqib ketdik. Maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni oldimizga kelib, «Rahmat, chakana jang qilmadilaring, lekin taktika ishlatish kerak edi, bo‘lmasa dushmanni tepalikning naryogiga uloqtirib bo‘lmaydi» dedi.
Biz boshimizni qotira-qotira nihoyat bir hiyla o‘ylab topdik. Ya’ni yolg‘iz turgan dushmanga bir yo‘la uchtamiz hujum qilib qurshovga olamiz-da, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, navbatdagisiga tashlanamiz…
Yana osmonda raketa porladi, o‘rnimdan turib:
– Vatan uchun, xalq uchun! – deya ovozimning boricha qichqirdim.
Ishonsangiz, o‘ylab topgan hiylamiz juda qo‘l keldi, yarim soat o‘tar-o‘tmas battol dushmanning yigirma bir jangchisini asir oldik. Qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘zini yerga qilib yotqizib qo‘ydiq. Oxiri Sulton qo‘lga olindi, beliga minib olib:
– Xo‘sh, Sultonboy, omborxonaning kaliti kerak-mi? – deb so‘radim.
– Sen hali shoshmay turgin! – dedi Sulton pitillab.
Urush tugaganligi haqida yana tog‘ora chalindi. Hammamiz hozirgina og‘ir janglardan so‘ng qo‘lga kiritganimiz tepalikka to‘plandik yarador bo‘lganlar-u, o‘lganlarni ham o‘sha yerga sudrab olib chiqdik.
– Muallim, menda savol bor? – deb qoldi bir mahal dushman tomonning asir olingan komandiri Hayitkalla.
– Xo‘sh?
– Bular bizni aldadi.
– Aldab nima qildi?
– Urushdan oldin siz qo‘l-oyoqni bog‘lash haqida hech narsa demagan edingiz-ku?
– Bu – taktika, – dedim men.
– To‘g‘ri, – tasdiqladi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni, – ba’zan urushda mana shunaqangi kutilmagan usullarni ham qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Ochig‘ini aytsam, men bularning topqirligidan xursand bo‘ldim… Hammalaring ham chinakam qahramonlik ko‘rsatdilaring! Hayitvoy, sening askarlaring ham bo‘sh kelishmadi, rahmat sizlarga, har bir jangchi ana shunday fidoyilik bilan jang qilsa biz dushmanni majaqlab tashlaymiz.. Xo‘sh, bugungi jangda eng ko‘p qahramonlik ko‘rsatgan kim bo‘ldi?
– Sulton.
– Sulton Mirzayev! – deb qichqirishdi askarlar.
Maktab qo‘shinlari qo‘mondonining buyrug‘i bilan noma’lum tepalik uchun bo‘lgan jangning qahramoni Sulton Mirzayevga eng oliy mukofot – ikki norma kartoshka beriladigan bo‘ldi.
– Endi, hurmatli askarlar, – murojaat qildi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni, – eng so‘nggi tepalik – kartoshka qaynab turgan dosh qozonni qurshab olish uchun olg‘a! Bir-ikki-uch…
– Birlikdadir kuch!
– Qozon tomon uch!
– Kartoshkalar puch!
– Kim u gapirayotgan? – tartibga chaqiradi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni.
– O‘zingiz gapirdingiz, – javob qaytaradi Mahmudxon.
OTAMIZDAN XAT KELDI
Rostini aytsam, otam ketgandan buyon xuddi yetim bolalardek mung‘ayib qolganmiz. Uyimizda tuzukroq bir xursandchilik ham yo‘q. Har kuni bir dilisiyohlik. Omon kech kirishi bilan ko‘cha eshik oldiga o‘tirib olib, «Ota keling, non olib keling» deb yig‘lash-ga tushadi. Bir amallab qornini to‘yg‘azib qo‘ysam, «Ota keling, ertak aytib bering…» deb yig‘isining ikkinchi qismini boshlab yuboradi. Ba’zan qo‘ni-qo‘shnilar, Omonboy, nega hadeb yig‘layverasan deb so‘rashsa, nima qilay axir boshqa ishim bo‘lmasa, deb qo‘yadi. Goho yig‘lay-yig‘lay og‘zida noni bilan ostona tagida uxlab qoladi.
Opam bo‘lsa hamon daladan beri kelmaydi. Sulton aytganidek u traktorni o‘ziga o‘g‘il qilib olgan, o‘shani silab-siypaydi, onda-sonda kelsa ham, esnab-esnab o‘tirish yoki