Беш болали йигитча. Худойберди Тухтабоев
«hujum» darsida qatnashib birbirlarining betini timdalab, sochlarini yulib olishgan, hatto uylariga qaytib borgandan keyin ham tinchishmay, bir-birlarini rosa yumdalashibdi. O‘shandan buyon ular harbiy darsga butunlay kiritilmaydigan bo‘lishgan.
Birinchi sinfdan to yettinchi sinfgacha bo‘lgan jamiki o‘g‘il bolalar oltinchi «A»ning xonasiga to‘plandi. Sinf xonasi xuddi uzumga qora yaloq tushgandek shovqinsuron bo‘lib ketayotuvdi, xayriyat, ostonada yog‘och oyoqlarini qo‘qon aravaning gupchagidek g‘ichirlatib Roziq tog‘am ko‘rinib qoldi:
– Bu nima to‘polon! – dedi u qo‘ltiqtayogi bilan ostonani urib.
Sinf suv quygandek jimib qoldi. Roziq tog‘am muallimlar stuliga o‘tirib, sinfga ko‘z yugurtirib chiqdi, qo‘ltig‘idan buklangan daftar olib oldingi partada, menga biron ish buyurib qolmasmikan, deb umidvor bo‘lib ko‘zini lo‘q qilib o‘tirgan Hamroqulga uzatdi:
– Ma, bor bolalarning familiyasini yozib qo‘y.
– O‘tgan jangda halok bo‘lganlar ham yoziladimi? – so‘radi Hamroqul.
– Yoziladi.
– Bedarak yo‘qolganlar-chi? – savol berdi orqada o‘tirganlardan biri.
– Ahmoq! – dedi Roziq tog‘am ovoz chiqqan tomonga qarab.
– Domla, ahmoqlar qaysi ro‘yxatga yoziladi? – deb so‘radi boshqa burchakda o‘tirganlardan biri. Sinfda yengilgina kulgi ko‘tarildi, Roziq tog‘am ham kulib qo‘ydi. Kula-kula sekin o‘rnidan turayotgan edi, sinf yana jim bo‘ldi. Nega desangiz, Roziq tog‘am kulib-kulib odamning jonini oladi. Qulog‘ingdan cho‘zib, bo‘yi barobar ko‘taradi-da, to dodlab yubormaguningcha ushlab turaveradi. Xayriyat, bu gal unaqa qilmadi, yana o‘rniga o‘tirib:
– O‘tgan darsda nimani o‘tuvdik? – deb so‘radi.
– Nasriddin afandining sarguzashtlarini, – javob qaytardi bir bola.
– Til ushlab kelishni.
– Akromning og‘ziga latta tiqishni!
– Toshtemirning boshiga mushtlashni… – deya har tomondan chuvillab qolishdi bolalar. Muallim qarasa bo‘lmaydigan, shartta o‘rnidan turdi-da, oyog‘i bog‘langan xo‘rozdek hakkalab kelib, Toshtemir bilan Akromning qulog‘idan cho‘za boshladi:
– Xo‘sh, qaysi darsni o‘tuvdik?
– Qulog‘imni qo‘yib yuborsangiz keyin aytaman, – yig‘lamsirab dedi Akrom.
– Qaysi darsni o‘tuvdik deyapman! – quloqlarini battarroq cho‘zdi muallim.
– Domla, o‘tgan darsda quloq cho‘zmani o‘tganmiz! – deb yana qiziqchilik qila boshladi Toshtemir. Shu paytda qiziq voqea yuz berdi, muallim ikkovining qulog‘idan battarroq cho‘zish, o‘tirganlarning yuragiga ko‘proq qo‘rquv solish o‘rniga to‘satdan qo‘yib yuborib, qaytib o‘rniga utirdi. Qiziq, u sinfdan ko‘zlarini olib qochyapti, qilgan ishidan xijolat bo‘ldimi, yoki qalbida shu yarim och, yarim yalangoch o‘tirgan, ochlik hissini qiziqchilik bilan bosayotgan bolalarga nisbatan beqiyos rahm-shafqat uyg‘ondimi bilib bo‘lmaydi. Cho‘ntagidan popukli xaltacha olib maxorka o‘ray boshladi. Qo‘llari tinmay qaltirab maxorkani to‘kib yuboryapti, sinf jim, pashsha uchsa eshitilgudek jimlik… Roziq tog‘amga rahmim kelib ketdi, unga qiyin, juda ham qiyin, armiyadan qaytishi bilan xotini tashlab ketib qoldi, bitta cholga erga tegib ketdi, Roziq tog‘am yolg‘iz, hech kimi yo‘q. Uyi ham bo‘m-bo‘sh, eski sholcha, qora qumg‘on, jo‘mragi qadoqlangan choynak – boshqa hech narsasi ham yo‘q. Bir oyog‘i yo‘q, kechalari kesilgan joyi zirqirab og‘rib chiqarmish, buning ustiga o‘ng qo‘li ham yaxshi ishlamaydi… Qiyin juda qiyin unga! Biz bo‘lsak uni oq ko‘ngil, yumshoq tabiatli, sal qiziqchiroq bo‘lgani uchun mayna qilganimiz-qilgan…
Bir mahal mening ukam Usmon qo‘l ko‘tarib:
– O‘tgan darsni men aytsam maylimi? – deb so‘radi sekingina.
– Ayt-chi, – maxorka tutunini chuqurroq tortib dedi Roziq tog‘am.
– Razvedka.... – xuddi esidan chiqarib qo‘yayotgandek shoshilib dedi Usmon.
– To‘g‘ri, – tasdiqladi muallim, – xo‘sh, razvedka-chi qanaqa bo‘lishi kerak?
– Botir.
– Yana?
– Qo‘rqmas.
– Yana?
– Mushuk… – Bu so‘z Usmonning og‘zidan chiqishi bilan sinfda yana sekingina, bilinar-bilinmas kulgi ko‘tarildi. Roziq tog‘am ham kulimsirab «ya’ni mushukdek chaqqon bo‘lishi kerak demoqchisan, shundaymi?» deb so‘radi. Usmon, ha, deb tasdiqlagach, unga besh yozib qo‘y deb tayinladi Hamroqulga.
– Endi, bolalar, yangi dars boshlaymiz, – sekin o‘rnidan turayotib dedi muallim. Ammo bolalar yana chuvillab qolishdi, afandi aytib berasiz, afandining urushdagi sarguzashtlaridan so‘zlab berasiz deb, partalarni chalib to‘polon ko‘tarishdi, Ishonsangiz, o‘zim ham shuni talab qila boshladim, chunki Roziq tog‘am qishlog‘imizning eng usta latifachisi, kattalar bilan o‘tirganda hammani sharaqlatib kuldirgani-kuldirgan. Hozir foydalanib qolmasak, keyin bizga hecham aytib bermaydilar.
– To‘g‘ri! Afandi bo‘lsin!
– Afandi aytib bermaguningizcha tinchimaymiz! – deb qichqira boshladik.
– Ha, mayli… – nihoyat rozi bo‘ldi muallim. U afandi boshlashdan oldin odatda bir kulib olardi, hozir ham shunaqa bo‘ldi, kulib, obbo senlar-ey, deb qo‘ydi. – Mulla Nasriddin armiyaga chaqirilgan ekan, komandir granata otish, nayza sanchish, o‘z-o‘zini himoya qilish mashqini o‘ta boshlabdi. Bir mahal komandir bunday qarasa, Nasriddin okopga tushib cho‘zilib yotgan emish, ha afandi nega yotibsiz, desa:
– Men o‘lishni mashq qilyapman! – dermish afandi.
Bir oz kulishib olganimizdan so‘ng yangi dars boshlandi. Bugun biz, ya’ni pishirilgan kartoshka qachon ulashilar ekan deb so‘lagini yutib, ko‘zini lo‘q qilib o‘tirgan shu qirq ikki nafar askar dushmanning mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, noma’lum bir tepalikni egallashimiz kerak ekan. Muallim qanday qilib mudofaa qilish, nayzabozlik jangini qanday o‘tkazish, qanday qilib granata irg‘itish yo‘llarini o‘rgata boshladi, u shunday berilib, shunaqangi bir shavq-zavq bilan gapirar ediki, nazarimizda biz o‘zimizni chinakam askarlardek his qilib o‘tirardik.
– Oyoqqa! – baqirib yubordi bir mahal, hammamiz sapchib o‘rnimizdan turib, to‘polon, ur-yiqit bilan hovliga chiqib, ko‘z yumib-ochguncha, safga ham tizilib bo‘ldik. Maktabimizda qirqta yog‘och miltiq, o‘nta yog‘och granata, ikkita yog‘och pulemyot bor edi. Bu qurollar chinakam qurollardan hech qolishmasdi, faqat otayotganda og‘zing bilan «paq-paq», «gumbir», «tirrtaqa-taqa-taqa» deb turishing kerak ana shunda har qanday yovni ko‘z yumib ochguncha qirib tashlasa bo‘ladi.
– Muxtorali akaning devoriga qarang! – buyruq berdi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni. Askarlar Muxtorali akaning devori tomonga, ya’ni o‘ngga burilishdi. O‘ng qatordagilar mudofaada turadigan, chap qatordagilar hujum qiladigan bo‘ldi, mudofaada turganlarga Hayitkalla, hujum qiluvchilarga, tasodifni qarangki, meni komandir qilib tayinlashdi. Qurollar teppa-teng taqsimlandi.
– Maktabning orqasiga qarab yuring! – buyruq berdi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni.
Chinakam askarlarga o‘xshab tap-tup qadam tashlab yurib ketdik.
– Bir-ikki-uch! – deb qo‘yadi bosh qo‘mondon oyoq tashlashimizga moslab.
– Birlikdadir kuch! – deydi askarlardan biri.
– Qanot boylab uch! – deydi ikkinchisi.
– Xayollaring puch! – masxara qiladi uchinchisi.
Yog‘och oyoqlarini g‘ichirlatib xuddi oyog‘i bog‘langan qushdek hakkalab-hakkalab kelayotgan bosh qo‘mondon:
– Kim u gapirgan? –