Беш болали йигитча. Худойберди Тухтабоев
bolalaringizning nomini yozdirganman degan edi, otam tumorni olib shosha-pisha bo‘yniga osib oldi.
Men shu paytda negadir juda, juda ham xursand edim. Hozirgina uyimiz to‘la aziz mehmonlar, qadrdon kishilarimiz bo‘lgani uchunmi, butun oilamiz bilan hammamiz jamuljam o‘tirganimiz uchunmi yoki o‘zim ham bilmagan boshqa biror sababdanmi, har qalay men behad xursand, ta’riflab bo‘lmaydigan darajada shod edim. Shu xilda xursandligimcha uxlab qolibman. Tong pallasida uyg‘onib ketdim, ko‘zimni ochsam, opam otamning tizzasiga boshini qo‘yib piq-piq yig‘layapti, otam, qo‘y, qo‘ysang-chi, deb katta qo‘llari bilan opamning sochlarini avaylab silab o‘tiribdi…
– Polvon, uxlab qolmadingmi? – Parpi buvamning ovozi eshitildi tashqaridan.
«TEZROQ KELING, OTAJONIM!»
Barvaqt yo‘lga chiqdik.
Parpi buvam bilan To‘xta xolam o‘zlarining eshaklariga minishdi.
Zulayho, Usmon, Omon uchovlari bizning eshakka minishdi.
Otam to‘nining etagini qaytarib, orqasiga Robinisani solib oldi.
Sulton, oyim uchovimiz piyoda jo‘nadik.
Rayon markaziga borish uchun katta yo‘ldan ketsak ham bo‘lardi-yu, otam so‘qmoqdan bora qolaylik yo‘limiz olti chaqirimga qisqaradi, deb taklif qilib qoldi.
So‘qmoqdan yurdik.
Eshaklilar oldinga o‘tib olishdi. Hammamiz jim borayapmiz, qiziq, xuddi gaplashadigan gapimiz tamom bo‘lib qolgandek. Otam o‘zi aslida kamgap odam, so‘rasang javob beradi, bo‘lmasa xaftalab ham jim yuraveradi. Men bo‘lsam xuddi shu paytda dadajonimni gapga solsam, ko‘p narsalarni so‘rab bilsam, ovozlarini eshitib ketsam deyman. Yelkamdagi qopchiqni sal yuqoriroq ko‘tarish uchun ikki oyog‘imni kerib silayotgan edim:
– Charchadingmi? – deb gapirib qoldi otamning o‘zi.
– Charchaganim yuq, – dedim shosha-pisha.
– Orifjon!
– Labbay, ota!
– Senga qiyin bo‘ladigan bo‘ldi-da, o‘g‘lim!
– Nega unday deysiz?
– Hali ukalaring yosh, oying kun buyi dalada, butun ro‘zg‘or o‘zingga qolyapti-da, o‘g‘lim.
– Tashvishlanmang ota, men ishdan qochmayman.
– Rahmat o‘g‘lim, ishqilib o‘qishingni tashlab yubormagin. Ukalaringning ham o‘qishidan o‘zing boxabar bo‘lib tur… Endi shunaqa ekan-da… Ko‘pga kelgan to‘y, nima ham qilardik… Bo‘lmasa sizlarni o‘qitaman, katta maktablarda o‘qitaman, deb mo‘ljal qilib qo‘yuvdim… O‘qish kerak… Men ahmoq o‘qisam ham bo‘lardi-yu… haligi savodsizlarni tugatadigan maktabga olib borishsa, Nisormat maxsumning tapqi hovlisida shunaqa maktab ochiluvdi, derazadan tashlab qochibman-a.. Mana endi sizlarga xatni qanday qilib jo‘natar ekanman, deb o‘ylanib ketyapman.
– Sheriklaringizga aytib yozdirsangiz bo‘lmaydimi, ota?
– Endi, o‘g‘lim, sheriklar ham bir kun yozib berar, ikki kun yozib berar, oxiri zerikadi-da, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, ota!
– Shuni bilsang o‘qishni payidan bo‘l, haligi ko‘zoynak taqib, qizil papka ko‘tarib yuradigan katta domla bo‘lish payidan bo‘laver…
– Ota, siz miltiq otishni bilasizmi?
– E o‘g‘lim, mendan ketmon chopishni so‘ra. Rosmana milittsiya hali ko‘rganim ham yo‘q… Keyin, o‘g‘lim, yana bitta iltimosim shuki, opang bechorani xafa qilmanglar.
– Xo‘p!
– Kechalari ukang Omonni o‘zing olib yotgin, ertaklar aytib bergin… Ertak eshitmasa uxlay olmaydi u, shu ukang sal g‘alatiroq chiqdimi deyman, ertak bilan topishmoqni biram sevadiki, tavba!
– Ota, uningiz she’r to‘qishniyam biladi, she’rini eshitganmisiz ?
– Bir xillarini eshitganman. Ha mayli, xudo xohlasa eson-omon qaytib kelsam buniyam o‘qitamiz… Orifjon!
– Labbay, ota!
– Qo‘ying tug‘sa sigirni sotib yuboringlar, qo‘yning sutini amallab turarsizlar, oyingga ham aytdim… Sigiring qarib qoldi, endi yolchitib sut bermaydi… Bolasini olib qolinglar…
Oldinda ketayotgan eshak uynoqlab, andek bo‘lmasa Zulayho bilan Usmonni ustidan ko‘tarib urayozdi. Umuman, yo‘lga tushganimizdan buyon tuzuk yurmayapti u. Goh chopgisi kelib oldingi ikki oyog‘ini osmonga ko‘tarib nag‘ma ko‘rsatadi, goh «nos chekib», engashib, yerni hidlab turgan joyida gir aylanadi, hala qilsa, shattalab yana bezor qiladi. Aslida ayb o‘zimda, kecha musallas suzganimizda katta tog‘ora bilan liq to‘la chori chiqqan edi. Tog‘orapog‘orasi bilan eshakning oxuriga qo‘yuvdim, paqqos tushirib olgan ekan, mast bo‘lib qolganga o‘xshaydi, ha-ha mast bo‘lib qolibdi u! Ana, ikki oyog‘ini osmonga ko‘taryapti yana!
– Otajon! – qichqirib yubordi Zulayho. Eshak uchov ukamni ustidan itqitib tashlab, chap tomonga – shudgor qilingan yerlarga qarab yugurdi, hamma yoq qiy-chuv bo‘lib ketdi. Tasodifni qarangki, shoshilib eshakdan tushayotib Parpi buvam bilan To‘xta xolam ham ketmaket gupillab yiqilib tushishdi. Ukalarimning joni qiynalganini ko‘rib opam ham yig‘lab yubordi.
Otam ikkovimiz eshakni quvib ketdik ortimizdan Sulton ham yugurdi. Eshak xaydalmagan taqir yerga chiqib olgach o‘ynoqlab, shataloq otib, xuddi bizga o‘yin ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek g‘alati-g‘alati qiliqlar qilib qocha boshladi. To‘xtab, biz tomonga tumshug‘ini cho‘zib turadi-da, yetay-etay deganimizda yana o‘ynoqlashga tushadi. Sulton bizga qaraganda chopag‘onroq ekan, ikki marta yetib olib tizginini ushladi-yu, ammo eshak siltanib chiqib ketdi. Ikki soat chamasi ovora bo‘ldi quva-quva baland-past qirlarga borib qolibmiz. Tepalikdan u yog‘i terak bo‘yi keladigan jarlik. Shu yerda ushlab olarmiz deb xalqaga olib yaqinlashib kelayotgan edik eshak ikki oyog‘ini ko‘tarib, jarlikka shunday sakradiki, otam:
– Eh, – deb uh tortib yubordi.
Eshak jarlik tubiga gupillab urildi-yu, baqadek yalpayib qolgandek bo‘ldi.
– Tamom! – dedi otam bosh chayqab.
Otam bilan Parpi buvam bizga juda ilxaq bo‘lishibdi. Ehtimol dasht orqali rayonga jo‘nab ketgandir deb ham o‘ylashibdi.
– Ro‘zg‘orga yarab turuvdi, – xuddi kechirim so‘ragandek bir ohangda dedi otam.
– Mayli, Polvon, qayg‘urma, bolalaringning boshiko‘zidan sadaqa, – otamning ko‘nglini ko‘tardi buvam, – eshagim tug‘sa bolasini berarman, endi tezroq jo‘naylik tag‘in hukumatdan gap eshitib yurmagin.
Harbiy komissariatning hovlisiga choshgoh mahalida yetib bordik. Hamma yoqqa odam demagani sig‘may ketibdi. Chol-u kampirlar, yosh-yosh qiz-u juvonlar, men tengi, mendan kichkina bolalar – igna tashlasang yerga tushmaydigan bo‘lib ketibdi.
Otam tengi, undan yoshroq ikki yuz chog‘li kishini hovlining qoq o‘rtasiga ikkitadan qilib safga turg‘izib qo‘yishibdi. Safdagilarning bir xillari tartibga rioya qilib tikka turibdi, bir xillari bor-e, oyog‘im tolib ketdi, qo‘lingdan kelganini qilmaysan-mi deb, qopining ustiga o‘tirib olibdi, atrofdagilar bo‘yinlarini cho‘zib, bir xillari qo‘lini og‘ziga kuvacha qilib safdagilarga gap ham qo‘shib turishibdi:
– Dada, dadajon, men bu yerdaman!
– Hakim, bora solib adresingni jo‘natgin!
– Bolaginam, bemahalda ko‘chaga chiqmagin!
– Akajon, rasmingizni jo‘natib yuboring, oyimga darmon bo‘ladi.
– Adasi, bolalaringizdan ko‘nglingiz tinch bo‘lsin, bir yaxshi qilib olib o‘tiraman.
Otam Parpi buvam bilan quchoqlashib xayrlashdi, bolalarimni sizga, sizni xudoga topshirdim, dedi. Hammamizni bir-bir bag‘riga bosib peshanamizdan o‘pdi. Opam bo‘lsa otamning