Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
an kechirganlari: roman
BIRINCHI BOB
OLIVER TVIST TUG‘ILGAN JOY VA UNING DUNYOGA KELISHIGA OID VAZIYAT HAQIDA HIKOYA QILADI
Talay sabablarga ko‘ra nomini tilga olmaslik ma’qul bo‘lgan, shuning uchun ham kamina hech qanday to‘qima nom bermagan bir shahardagi jamoatchilik binolari orasida, qadimdan deyarli barcha katta-yu kichik shaharlarda uchraydigan bino bor, bu – mehnat uyi1. Xuddi ana shu mehnat uyida ismi sharifi mazkur bobning sarlavhasida qayd etilgan isyonkor banda tug‘ildi – ushbu voqea qaysi kun-u qaysi soatda sodir bo‘lganini ma’lum qilishga urinib o‘tirmasam ham bo‘laveradi, chunki buning kitobxon uchun hikoyatimizning ayni bosqichida – zarracha ahamiyati yo‘q.
Qavm tabibi2 bolani kulfat va g‘am-anduh olamiga qabul qilib olganida, biron ism olish uchun bu murg‘ak tananing omon qolishi anchagacha dargumon bo‘lib turdi, basharti u olamdan ko‘z yumganida bormi, ushbu xotiralar hech qachon yozilmasligi turgan gap edi. Bordi-yu, bosilib chiqqan taqdirda ham ikki-uch sahifadan nariga o‘tmasdi. Shuning uchun ham u istalgan asr, istalgan mamlakat adabiyotida saqlanib qolgan tarjimayi hol asarlarining eng qisqa hamda eng haqqoniy andazasi bo‘lishi ehtimoldan xoli emasdi.
Zotan, mehnat uyida tug‘ilish inson bolasi peshonasiga bitilgan baxt, deya ta’kidlamasam ham, baribir hozirgi sharoitda buni Oliver Tvist uchun taqdirning eng a’lo in’omi, deb hisoblardim. Negaki, Oliver Tvistning nafas olishga ham kuchi yetmasdi. Holbuki, tabiat insonlarning sog‘lom yashashi uchun mazkur mashg‘ulotni shart qilib qo‘ygan. Murg‘ak jun to‘shakchada hayot bilan o‘lim o‘rtasida olishib, lekin keyingisi sari qat’iy yuz tutib, bir muddat nafas ololmay bo‘g‘ilib yotdi. Agar Oliver ana shu qisqagina muddat davomida kuydi-pishdi buvilar, bezovta amma-xolalar, tajribali hamshira-yu donishmand tabiblar qurshovida bo‘lganida bormi, uni shak-shubhasiz va muqarrar o‘ldirib qo‘yishlari tayin edi. Ammo tepasida odatdagidan ko‘proq pivo ichganidan boshi g‘ovlab turgan qashshoq kampir va shartnomaga muvofiq o‘z vazifasini ado etayotgan qavm tabibidan bo‘lak odam bo‘lmagani tufayli Oliver bilan tabiat ikkovlashib bu jangda g‘olib chiqishdi. Pirovardida, qisqagina olishuvdan so‘ng, Oliver nafas oldi, chuchkirdi va mehnat uyi istiqomatchilarini qavm zimmasiga yuklanayotgan yangi tashvishlardan ogoh etib, faqat o‘g‘il bolalardangina kutsa bo‘ladigan, bor-yo‘g‘i uch-u chorak daqiqagina muqaddam o‘ziga ato qilingan g‘oyatda foydali ehson quloqni teshgudek chinqiroq ovozda big‘illab yig‘lay boshladi.
Oliverning o‘pkasiga tegishli mana shu ilk erkin faoliyatdan so‘ng, temir karavot ustiga naridan-beri tashlab qo‘yilgan quroq ko‘rpa qimirlab, yoshgina juvon za’far tusli yuzini yostiqdan xiyol ko‘tardi-da, zaifgina ovoz bilan pichirladi:
– Menga bolamni ko‘rsatinglar, keyin o‘lsam ham mayli.
Tabib kamin oldida kaftlarini bir-biriga ishqab, isitib o‘tirardi. Juvon tilga kirganida u o‘rnidan turib, bemorning bosh tomoniga yaqinlashdi-da, hayratlanarli darajada muloyim ovozda dedi:
– Qo‘ying-e, o‘limni xayolingizga ham keltirmang!
– E, nimalar deyapsiz, xudoning o‘zi asrasin! – gapga aralashdi uy burchagida ichidagi suyuqlikni ochiqchasiga huzur qilib qultillatayotgan kampir, qo‘lidagi ko‘k shishani shosha-pisha cho‘ntagiga tiqar ekan. – Xudo saqlasin! U hali mening yoshimga borsin, ser, o‘n uchta bo‘qachog‘in tug‘sin, ulardan ikkitaginasi qolsin, o‘sha omon qolganlariyam o‘zi bilan birga mehnat uyida turadigan bo‘lsin, ana o‘shanda aqli kirib, sal narsani sirtiga yuqtirmaydigan, salga ezilmaydigan bo‘ladi!.. Jonginam, ona bo‘lish nimaligini bir o‘ylab ko‘ring-a! Bolangiz biram yoqimtoyki!
Aftidan, dilga tasalli berguvchi bu onalik istiqboli bemorga qittak ham ta’sir ko‘rsata olmadi. Bemor bosh chayqab, qo‘llarini chaqalog‘iga cho‘zdi.
Tabib chaqaloqni ona og‘ushiga qo‘ydi. Rangi quv o‘chgan ona muzdek lablarini mehr-la chaqalog‘ining peshonasiga bosdi, yuzini qo‘li bilan siladi, chaqchayib atrofga alangladi, keyin seskanib, o‘zini yostiqqa tashladi… va joni uzildi. Uning ko‘kragini, chakkalarini ishqashdi – bari befoyda! Ko‘nglini ko‘tarib, yupatuvchi allanimalar deyishdi. Lekin juvon allaqachon o‘lgandi.
– Hammasi tamom bo‘ldi, missis Tingami! – dedi nihoyat tabib.
– Ha, hammasi tamom bo‘ldi. Voy sho‘rlikkina-ya! – deya uning gapini tasdiqladi kampir, bolani olaman deb engashganida yostiqqa tushgan ko‘k shisha tiqinini olayotib. – Sho‘rlikkina-ya!
– Chaqaloq yig‘laydigan bo‘lsa, menga odam yuborib o‘tirmanglar, – dedi tabib qo‘lqopini kiyarkan. – Judayam besaranjom, yig‘loq bo‘lishi ham mumkin. Yig‘laganida suyuq bo‘tqa qilib bering. – U shlyapasini boshiga qo‘ndirib, eshikka qarab yurarkan, karavot yonida pichagina tutilib, qo‘shib qo‘ydi: – Istarasi issiqqina juvon ekan… Qayoqdan kelib qolibdi o‘zi?
– Uni nozirning buyrug‘i bilan kecha kechqurun keltirishgandi, – javob berdi kampir. – Ko‘chada yiqilib qolgan joyida topib olishibdi. U olisdan kelgan ko‘rinadi, boshmog‘i yeyilib, titilib ketibdi, Lekin qayoqdan kelayotgani va qayoqqa ketayotganini hech zog‘ bilmaydi.
Tabib marhuma uzra engashib, uning chap qo‘lini ko‘tardi.
– Odatdagi ashula, – dedi u boshini sarak-sarak qilib. – Nikoh uzugi yo‘q… Xo‘p, yaxshi yotib turing!
E’tiqodli tabib tushlik qilgani uyiga jo‘nadi, kampir bo‘lsa ko‘k shishadan yana bir qultum yutib olib, kamin oldidagi pastak kursiga o‘tirdi-da, chaqaloqni kiyintirishga tutindi.
Kiyim-kechakning qudrati nimalarga qodirligini jajji Oliver Tvistning ahvolidan bilish mumkin edi. Oliver shu vaqtgacha yakka-yu yagona kiyimi bo‘lgan yo‘rgakda yotar ekan, aslzoda oila farzandimi yoki gado farzandimi – buni farqlash mumkin emasdi. Bu turishida eng aslzoda odam ham uning jamiyatdagi o‘rnini oldindan belgilay olishi amrimahol edi. Ammo endilikda chaqaloqqa eskirib, sarg‘ayib ketgan kolenkor ko‘ylakcha kiydirilgach, unga tavqi la’nat osildi-qo‘ydi. Shu lahzadan boshlab, bola jamiyatdagi havas qilib bo‘lmaydigan o‘rnini – umri bo‘yi do‘lday yog‘ilajak kaltag-u nordon shapaloqlar bilan siylanadigan, hamma jirkanadigan, hech yerda hech kimdan shafqat-muruvvat ko‘rmaydigan, qavmga boqindi bola, mehnat uyidagi yetimcha yetti kulcha, itoatkor, och-nahor tirikchiligini o‘tkazuvchi yugurdak o‘rnini egalladi.
Oliver big‘illab yig‘lardi. Mabodo, u cherkov oqsoqollari va nozirlarining homiyligiga tashlab ketilgan sag‘ir ekanini bilganida bormi, bundan ham qattiqroq chinqirgan bo‘lardi.
IKKINCHI BOB
OLIVER TVISTNING QANDAY O‘SGANI VA QANDAY TARBIYA TOPGANI HAQIDA HIKOYA QILADI
Oliver keyingi sakkiz-o‘n oy mobaynida aldam-qaldamlik qurboni bo‘ldi. Uni so‘rg‘ich bilan ovqatlantirardilar. Mehnat uyi mutasaddilari eng zaruriy narsalardan mahrum, och-nahor qolayotgan chaqaloq haqida qavm ma’murlariga xabar qildilar. Qavm ma’murlari esa o‘z mavqelariga munosib tarzda mehnat uyi mutasaddilaridan mazkur maskanda istiqomat qiluvchilar orasida Oliver Tvistni parvarishlab, yedirib-ichira oladigan zaifa zotidan biron xonim topilish-topilmasligini surishtirdilar. Mehnat uyi mutasaddilari, bunday xonim yo‘q, degan javobni berdilar. Shunda qavm ma’murlari olihimmatlik va odamoxunlik ko‘rsatib, Oliverni «fermaga» yoki boshqacha qilib aytganda, mehnat uyining taxminan uch milcha nariroqda joylashgan, qashshoqlik haqidagi qonunni buzgan3 va na ovqat, na ust-bosh to‘g‘risida o‘ylamaydigan yigirma-o‘ttiz chog‘li bolalar uzzukun qoq yerda uymalashib yotadigan bo‘linmasiga joylashtirishga qaror berdilar; bu yerda ular bebosh bolalarni jon boshiga yetti yarim pens4 evaziga qabul qilib oladigan keksaroq bir xonimning onalarcha nazorati ostida edilar. Haftasiga yetti yarim pens – bitta bolani parvarish qilish uchun bemalol yetadigan pul; yetti yarim pens – qorinni oqibati xunuk tugashi mumkin bo‘lgan darajada to‘latishga bemalol yetadi. Zaifalar namoyandasi bo‘lmish keksa xonim oqila va tajribali ayol edi, shu boisdan bu ishi bolalar uchun koni foyda ekanini bilardi. Xullas, xonim bu narsa o‘zi uchun ham foydali ekanini aqli barkamollik bilan anglab yetgandi. Shu sababli u haftalik nafaqaning mo‘maygina qismini o‘z hamyoniga urar, qavmning voyaga yetayotgan navnihol avlodiga esa tayinlangan ulushdan o‘lmasning kunigagina yaraydigan qismini ajratar edi. Boshqacha qilib aytganda, u o‘zining ulug‘ faylasuf ekanini namoyon etib,
1
Mehnat uyi – Angliyada qashshoqlar uchun boshpana (yetimxona). Dikkens romanda tasvirlagan manzara ingliz mehnat uylarining tuzilishi za ulardagi joriy qamoqxona tartib-qoidalarini haqqoniy tarzda jonlantiradi.
2
Qavm tabibi – «qavm» xizmatidagi vrach. Angliyada ilgarilari cherkov ma’murlari aholidan anglikan davlat cherkovi foydasiga soliq yig‘ish huquqi bilan ruhoniyni boshliq qilib tayinlagan rayon qavm deb atalgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan shahar va qishloqlardagi iqtisodiy-xo‘jalik hayoti grajdanlar tomonidan saylanadigan kengash ixtiyoriga bo‘ysunadigan kichikroq rayonlar qavm deb atala boshlagan. Dikkens zamonida Angliyada o‘n besh yarim ming qavm bo‘lgan. Qavm ishlarini boshqarishga ishchi va dehqonlar yo‘latilmagan, zero, mulkdor aholigina saylash huquqiga ega bo‘lgan, xolos.
3
…qashshoqlik haqidagi qonunni buzgan… bolalar… – Dikkens 1834-yilgi qonunni nazarda tutgan, bu qonunga binoan mehnat uyi kambag‘allarga yordam ko‘rsatish tarmog‘ining markazida turgan; qavm ma’murlariga faqat ayrim hollardagina yetimlarni mehnat uyiga emas, fermalarga joylashtirish ruxsat etilgan; shuni aytib o‘tish lozimki, bu fermalarda ham xuddi mehnat uylari kabi ularga hech qanday g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmas edi. Shunday qilib, Oliverni fermaga jo‘natishlari 1834-yil qonunidan bir qadar chekinish edi, shu sababdan ham Dikkeks fermadagi go‘daklarni «qashshoqlik qonunini buzgan bolalar», deb ataydi.
4
Pens – chaqa, sterlingning 240 dan bir qismini tashkil qiluvchi ingliz chaqasi. (