Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс

Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс


Скачать книгу
sinfi uchun umumvaqtichog‘lik maskani edi; haq to‘lanmaydigan oshxona; yil o‘n ikki oy tekin nonushta, tushlik, choy hamda kechlik taom; o‘yin-kulgidan bo‘lak yumushi yo‘q g‘isht va ohakdan bunyod etilgan jannat! «O‘-ho‘! – vajohat bilan nido solishdi kengash a’zolari. – Biz u yerda tartib o‘rnatmog‘imiz darkor. Biz darhol chek qo‘yamiz bunga». Xullasi kalom, kengash a’zolari shunday qarorga keldilarki: bunga binoan barcha yo‘qsillarga yo mehnat uylarida sekin-asta ochlikda o‘lishni, yo undan tashqarida tezgina o‘lim topishni tanlash (zero ular, turgan gapki, hech kimni majbur etishni istamas edilar) havola etilardi. Shu maqsadda ular cheklanmagan miqdorda suv bilan ta’minlanib turish uchun vodoprovod kompaniyasi, muntazam ravishda cheklangan miqdorda suli yormasi yetkazib berib turish uchun don sotuvchi agent bilan shartnoma tuzishdi va qavm ahliga kuniga uch mahal suyuq go‘ja, haftasiga ikki marta bir bosh piyoz, yakshanba kunlari yarimta kulcha berishga qaror qilishdi. Ular yana ayollarga tegishli son-sanoqsiz oqilona hamda insonparvarona ko‘rsatmalar berdilarki, bularni sanab o‘tirishning zarurati yo‘q shu tobda. Doktors-Kammonsda9 nikohni bekor qilish ishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajat-u chiqimlar katta bo‘lgani sababli ular marhamat ko‘rsatib, yo‘qsillarni xotinlaridan ajratishni o‘z zimmalariga olishga rozilik berdilar. Shu bilan ular ilgarilari qilganlaridek, odamni oilasini boqishga majbur etmay, uni bola-chaqasidan tortib olib, o‘zini bo‘ydoqqa aylantiradigan bo‘ldilar. Basharti, mehnat uyi bilan aloqador bo‘lmaganida, ana shu keyingi bandni nazarda tutib, jamiyatning barcha tabaqasiga mansub bo‘lgan qanchadan-qancha iltimosgo‘ylar nafaqa-madad so‘rab, ularga murojaat etishlari tayin edi; ammo kengash a’zolari uzoqni ko‘ruvchi tadbirkor odamlar bo‘lib, bunday mushkul ahvol yuz berishining oldini oluvchi tadbirlar chorasini ko‘rib qo‘ygandilar. Madad mehnat uyi hamda go‘ja bilan chambarchas bog‘liq edi, ushbu hol esa odamlarni cho‘chitib turardi.

      Oliver Tvist bu yerda paydo bo‘lganidan keyingi dastlabki yarim yil mobaynida ana shu tartibni zo‘r berib joriy eta boshladilar. Avvaliga bu tartibot ozmuncha sarf-u xarajatlarni talab etmadi, sababki, tobutsozga to‘lanadigan haq ortib ketdi va bir-ikki haftalik go‘jaxo‘rlikdan so‘ng cho‘p-ustixon bo‘lib qolgan yo‘qsillarning egnilaridagi kiyimlarni uzluksiz ravishda, qayta-qayta toraytirib tikishga to‘g‘ri keldi. Biroq ayni chog‘da, mehnat uyi istiqomatchilarining soni ham qashshoqlarning tanalari singari yupqa tortib bordi, kengash a’zolari esa xursandlikdan terilariga sig‘masdilar.

      Bolalarni g‘ishtin devorli hayhotday xonada ovqatlantirar edilar; xonaning bir burchagiga qozon qurilgan bo‘lib, yemak vaqti belgilangan soatda oldiga peshband tutib olgan nazoratchi bir yoxud ikki ayol ko‘magida ana shu qozondan go‘ja suzib berardi. Har bir o‘g‘il bolaga ana shu ajoyib ataladan faqat bir tovoqchada tegardi, katta bayram kunlari bundan mustasno bo‘lib, bolaga atalaga qo‘shimcha ikki-yu chorak unsiya non ham berilar edi. Tovoqchani hech qachon, aslo yuvib o‘tirishga hojat qolmasdi. Bolalar uni qoshiq bilan yaltillab ketguday qirib-qirtishlab, chinniday qilib qo‘yardilar; bu yumushni ado etib bo‘lgach (u hech qachon ortiqcha vaqtni olgan emas, negaki qoshiqlar deyarli tovoqchalar bilan bab-baravar hajmda edi), ular go‘yo o‘choq g‘ishtlarini ham kemirib yuborguday qiyofada qozonga lo‘q bo‘lib tikilganlaricha, tasodifan yuqib qolgan go‘ja yuqini topish umidida barmoqlarini so‘rib o‘tiraverardilar. Odatda o‘g‘il bolalar o‘zlarining beqiyos ishtahalari bilan ajralib turadilar. Oliver Tvist va uning o‘rtoqlari chalaqursoqlik oqibatida asta-sekin o‘lim sari yuz tutib, uch oydirki iztirob chekardilar, nihoyat, ular ochlikdan shunchalik ochofatlashib hamda shunchalik eslarini yo‘qotib qo‘ydilarki, oqibatda yoshiga nisbatan bo‘ychanroq va bunday ahvolga ko‘nikmagan bir bolakay (uning otasining qachonlardir kichkina oshxonasi bo‘lgan) o‘rtoqlariga mungli tovush bilan, agar menga per diem go‘jadan yana bir tovoq qo‘shimcha bermasalar kechasi yonimda yotgan bemajol bolani bexosdan yeb qo‘ymasam deb qo‘rqaman, deya shama qilib qoldi. Shu tobda uning ko‘zlari vahshiyona, naq g‘ajib tashlagudek bejo alanglardi, buni ko‘rgan bolalar uning gapiga ko‘r-ko‘rona, chippa-chin ishondilar. Kengash qurdilar: shu oqshom kechlikdan keyin nazoratchining yoniga borib, qo‘shimcha go‘ja so‘rash uchun chek tashladilar. Qisqasi, chek Oliver Tvistning zimmasiga tushdi.

      Kech kirdi; bolalar o‘z joylarini egalladilar. Oshpaz libosidagi nazoratchi qozon oldiga joylashdi; uning qashshoq yordamchilari orqa tomoniga kelib turdilar. Go‘ja tovoqchalarga quyildi. Faqirona taom oldidan uzundan-uzun ibodat duolari o‘qildi. Go‘jalar zumda g‘oyib bo‘ldi; bolalar bir-birovlari bilan pichirlashib, Oliverga ko‘z qisib imo qila boshladilar, yaqinida turganlar esa uni turtishga tushdilar. Mushtdekkina Oliver ochlikdan umidsizlikka tushib, behudud alamdan es-hushini yo‘qotib qo‘ygandi. U stol yonidan qo‘zg‘aldi-da, tovoq va qoshig‘ini ko‘targanicha nazoratchiga yaqinlashib, o‘z beadabligidan salgina cho‘chinqirab, bunday dedi:

      – Kechirasiz, ser, tag‘in yegim kelyapti.

      Nazoratchi devqomat, baquvvat odam edi, shunga qaramay uning tusi pag‘a bo‘lib ketdi. Hayratdan dong qotib, mushtumdekkina isyonkorga bir necha soniya tikilib turdi-da, so‘ngra madad izlaganday qozonga suyanib qoldi. Yordamchi ayollar taajjubda, bolalar qo‘rquvda baqa bo‘lib serrayib qolishdi.

      – Nima deding?.. – dedi nazoratchi axiyri arang ovozi chiqib.

      – Kechirasiz, ser, – takrorladi Oliver, – tag‘in ovqat yegim kelyapti.

      Nazoratchi Oliverning boshiga cho‘mich bilan tushirdi, keyin qo‘lidan mahkam changalladi-yu, bo‘kirib bidlni chaqirdi.

      Mister Bambl hayajon og‘ushida xonaga hovliqqanicha otilib kirib kelganida kengash a’zolari tantanali majlis o‘tkazmoq niyatida to‘plangan edilar. Mister Bambl baland kresloda o‘tirgan jentlmenga murojaat qildi:

      – Mister Limkins, afv etgaysiz, ser! Oliver Tvist go‘jadan yana berishlarini so‘rabdi!

      Hozir bo‘lganlarning jami gangib qolishdi. Barchalarining basharalari dahshatdan qiyshayib-bujmaydi.

      – Yana go‘ja so‘rabdi?! – qaytarib so‘radi mister Limkins. – O‘zingizni bosing, Bambl, keyin menga bafurja, aniq qilib javob bering. U tegishli ulushini yeb bo‘lganidan so‘ng qo‘shimcha go‘ja so‘ragan, sizni to‘g‘ri tushunibmanmi, shundaymi?

      – Xuddi shundoq bo‘pti, ser, – javob berdi Bambl.

      – Bu bolakayning umri dorda tugaydi, – dedi oq nimchali jentlmen. – Bilaman, bu bolakayning umri sirtmoqda tugaydi.

      Bu jentlmenning payg‘ambarona bashoratini hech kim rad etib o‘tirmadi. Oliverni zudlik bilan avaxtaga tashlashga farmoyish berildi; ertasiga ertalab darvozaga, qavmni Oliver Tvistdan xalos etish istagini bildirgan har qanday kishiga besh funt mukofot taklif etiladi, degan mazmunda e’lon yopishtirib qo‘yildi. O‘zgacha qilib aytganda, besh funt mukofot bilan Oliver Tvist biror kasb-kor, tijorat yoki boshqa yumush bilan shug‘ullanuvchi va shogird bolaga muhtoj istagan erkak yoxud ayolga tortiq sifatida taklif etilgandi.

      – Hech qachon va hech narsada, – dedi oq nimchali jentlmen ertasiga ertalab darvozani taqillata turib, e’lonni o‘qir ekan, – bu bolaning o‘z hayotini sirtmoqda tugatishiga ishonganimchalik iymonim komil bo‘lgan emas.

      Kelgusida oq nimchali jentlmenning haq yoxud nohaqligini ko‘rsatish niyatida men ushbu hikoyamni maroqli jihatlardan mahrum etib (aminmanki, u bunday sifatga ega) o‘tirmayman va binobarin, Oliver Tvistni bunchalar dahshatli o‘lim kutayotibdimi yoki yo‘qmi, bunga biron-bir ishora bilan shama qilishga ham botinolmayman.

      UCHINCHI BOB

      OLIVER TVISTNING KELGUSIDA SERDAROMAD VA OSON ISH BO‘LA OLMAYDIGAN O‘RINGA JOYLASHISHIGA BIR BAHYA QOLGANI XUSUSIDA HIKOYA QILADI

      Qo‘shimcha ovqat so‘rashdek beadabona va sharmisorona jinoyat sodir bo‘lganidan keyingi hafta davomida Oliver kengashning oqilona va muruvvatli amri farmoni bilan o‘zini avaxta qilishgan zimiston hamda huvillagan xonada qamalib o‘tirdi. Bir qarashda, basharti, u oq nimchali jentlmenning bashoratiga munosib ehtirom bilan qaraydigan bo‘lsa, unda dastro‘molining bir uchini devordagi ilgakka bog‘lab, ikkinchi uchiga o‘zini osib, mazkur jentlmenning payg‘ambarona zakovatini abadul-abadga tasdiqlarmidi, deb taxmin


Скачать книгу

<p>9</p>

Doktors Kommons – alohida – oilaviy ajralish, vasiyatnomalarni tasdiqlash hamda meros janjallari, shuningdek, ba’zi bir xil ishlar ko‘riladigan cherkov sudida advokatlik xizmatini o‘taydigan yuristlar korporatsiyasi (jamiyati) ushbu nom bilan atalgan. Yuristlarning mazkur jamiyatining nomi yuristlar idoralari joylashgan va o‘zlari ham turadigan uylarga ko‘chirilgan, keyin esa ana shunday uylardan birida joylashgan va yuqorida qayd qilingan ishlarni ko‘radigan sudga ham shu nom berilgan (bu sud faqat 1857-yildagina tugatilgan).