Геология ва геоморфология. Ю. Иргашев
va davrlarning qancha vaqt davom etganini aniq belgilash imkonini beradi. Nisbiy yoshni aniqlashda stratigrafik va paleontologik usullardan foydalaniladi.
Stratigrafik usul cho‘kindi, vulqon-cho‘kindi, ba’zan effuziv, intruziv va metamorfik tog‘ jinslarining tabiiy ketma-ketligini, geografik tarqalishini, Yer va organik dunyoning rivojlanish bosqichlarini o‘rganishda qo‘llaniladi. Uning asosiy vazifasiga quyidagilar kiradi: 1) kesimlarni tabaqalash – har bir olingan kesimda uzluksiz ketma-ket keladigan stratigrafiya bo‘limlarini ajratish; 2) kesimlarni taqqoslash – bir xil yoshli yoki stratigrafiya vaziyatiga ko‘ra o‘xshash straton chegaralarini belgilash; 3) tog‘ jinslari yoshini aniqlash – mahalliy va regional stratigrafik bo‘linmalarni umumiy stratigrafik shkala bilan taqqoslash. Masalan, gorizontal holatda yotgan qatlamlarni stratigrafiyasi 3.1-rasmda ifodalangan, unda 3-qatlam eng yosh hisoblanadi (3.1-rasm, a), pastki 1-qatlam esa qadimiy hisoblanadi. Agar qatlamlar tektonik harakatlar natijasida burmalangan bo‘lsa (3.1-rasm, b), qatlamlarning yotish tartibini aniqlash ancha qiyin bo‘ladi.
3.1– rasm. Cho‘kindi qatlamlarning yotish shakllari: a-gorizontal holatda (shurf devoridan) ko‘rinishi; b-burmalangan holatda (ochilmadagi relyef yonbag‘ridan) ko‘rinishi.
Paleontologik usul tog‘ jinslarida saqlanib qolgan organik qoldiqlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Yerning rivojlanish tarixining har bir davrida ma’lum turdagi organizmlar yashagan, ularning qoldiqlari shu davr yotqiziqlaridagina saqlanib qolgan. Shunday ekan, toshqotgan organizmlarning yashagan davrini bilgan holda ularning qoldiqlari yordamida cho‘kindi jinslarning yoshini aniqlashimiz mumkin.
Absolyut (mutlaq) yosh – tog‘ jinslarining qachon paydo bo‘lganini belgilaydi va million yillarda ifodalanadi. Bu yoshni aniqlashda, tog‘ jinslari tarkibida uchraydigan radioaktiv elementlarning (uran, kaliy, rubidiy va b.) parchalanishi uchun ketgan vaqtni aniqlash usulidan foydalaniladi. Yoshni hisoblash hozirgi vaqtdan boshlab, kamayib boruvchi tartibda olib boriladi, tog‘ jinslari va ularni tashkil qiluvchi hamda keyin paydo bo‘lgan minerallarning yoshi farqlanadi. Masalan, metamorfizm jarayonlari yoki yer po‘stining ayrim bloklarining ko‘tarilishi ta’sirida paydo bo‘lgan yangi turg‘un minerallarning yoshi. Ba’zi elementlarning yoshi million yillarda aniqlansa, boshqalariniki nisbatan qisqaroq bo‘ladi. Agar 1 g urandan bir yilda qancha miqdorda qo‘rg‘oshin paydo bo‘lishini bilsak, ma’lum bir mineral tarkibidagi uran va qo‘rg‘oshinlarning umumiy miqdorini aniqlash orqali mineralning absolyut yoshini belgilash mumkin bo‘ladi. Shunga ko‘ra, tarkibida ushbu minerallar bo‘lgan jinslarning yoshi ham aniqlanadi. 14C uglerodning parchalanish davri 5568 yilga tengligi aniqlangan, bundan foydalanib kaynozoy erasida paydo bo‘lgan yosh jinslarning yoshini aniqlash mumkin. Tog‘ jinslarining absolyut yoshiga qarab, Yer rivojlanish davrining geologik vaqti aniqlanadi.
3.2. Geologik yilnoma haqida tushuncha va geologik yilnoma jadvali
Yerning tuzilish va rivojlanish tarixini o‘rganish natijasida butun yer tarixini ma’lum bir davrlarga ajratish hamda absolyut va nisbiy yosh ma’lumotlariga ko‘ra geologik vaqt jadvali-geoxronologik jadval (3.1-3.2-jadval) tuzish mumkin bo‘ldi. Bu jadvalda geologik vaqt beshta eraga bo‘lingan bo‘lib, o‘z navbatida yer qobig‘ining hamma qatlamlari ham besh guruhga ajratiladi. Har bir era davrlarga, davrlar – zamon (epoxa) ga, eratema, sistema va yaruslarga bo‘linadi (3.1-jadval). Har bir vaqt bo‘laklari va unga mos keluvchi jins qatlamlariga nom va belgi berilgan. Geologik xaritalarda esa o‘zining rangiga egadir. Masalan, hozirgi davr – to‘rtlamchi davr deb ataladi, belgisi-Q; geologik xaritada kulrang – yashil rangda ko‘rsatiladi. Eng qadimgi davr – kembriydir.
Stratigrafik shkala
3.1-jadval
Yerning geologik vaqt shkalasi
3.2- jadval
Davrlar – epoxaga (bo‘limga) bo‘linadi. Masalan, trias davri –T; pastki (T1), o‘rta (T2) va yuqori trias (T3) epoxalariga bo‘linadi. Har bir epoxa-asrlarga (yaruslarga) bo‘linadi. Hozirgi to‘rtlamchi davr quyi, o‘rta va yuqori to‘rtlamchi epoxalariga bo‘linadi, ular rim raqamlari bilan ko‘rsatiladi – QI, QII, QIII, QIV. To‘rtlamchi davr belgisining oldiga jinslarining paydo bo‘lish yo‘lini – genezisini ko‘rsatuvchi belgi qo‘yiladi. Masalan, aQIII– allyuvial genezisi, VQIII– eol genezisi, m QIdengiz genezisi va hokazo.
Tog‘ jinslarining yosh belgilari va genezisi geologik va geomorfologik xaritalarda, kesim va kesmalar tuzishda keng qo‘llaniladi.
IV bob. TEКTONIК HARAКATLARNING TURLARI VA TOG‘ JINSLARINING FIZIК XUSUSIYATLARI
4.1. Tektonik harakatlarning turlari va ularning relyef hosil bo‘lishidagi o‘rni
Tektonik harakatlar odatda Yer yuzasining relyefida aks etuvchi, yer qobig‘idagi va yuqori mantiyada (tektonosferada) bo‘ladigan hamda qatlamlarning dastlabki yotish holatini o‘zgartirib yuboradigan kuchlar hisoblanadi. Yer qa’ridagi tog‘ jinslarining joylashishini va unda sodir bo‘ladigan harakatlarni o‘rganish natijasida tektonik harakatlarning tebranma, to‘lqinsimon va burmali turlarini ajratish mumkin.
Tebranma harakatlar yer yuzasining juda katta hududlarida namoyon bo‘ladi, buning natijasida quruqliklarni suv bosishi (trangressiya) va quruqliklardan suv qaytishi (regressiya) kuzatiladi. Кichik tebranma harakatlar dengiz ostida hosil bo‘layotgan qatlamlarda qatlanishlarni yuzaga keltiradi.
To‘lqinsimon harakatlar yer yuzasida uzluksiz sodir bo‘ladi va ular ayrim uchastkalarning ko‘tarilishiga, boshqalarining esa cho‘kishiga olib keladi. Bunday harakatlar yer po‘stining geologik tuzilishida va relyefning o‘zgarishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning sodir bo‘lishi natijasida botiqlik joylarda juda katta qalinlikdagi cho‘kindi jinslar to‘planishi (masalan, Farg‘ona tog‘lararo botig‘ida 9,0 km qalinlikda), shuningdek, ko‘tarilmalar barpo bo‘lgan zonalarda qadimiy cho‘kindi, vulqon, metamorfik hosilalarning yuvilib, ketishi kuzatiladi. To‘lqinsimon harakatlarda hosil bo‘lgan ko‘tarilmalar va cho‘kishlar amplitudasi taxminan ulardan avval barpo bo‘lganlarinikiga mos keladi. To‘lqinsimon harakatlar natijasida geologik kesimning vertikal yo‘nalishidagi cho‘kindilarning litologik tarkibi keskin o‘zgaradi.
Burmachan harakatlar qatlamlarni plastik deformatsiyalanishiga olib keladi. Natijada qatlamlar yuqoriga ko‘tariladi, pastga cho‘kadi, ya’ni antiklinal va sinklinal burmalar hosil bo‘ladi, shuningdek, qatlamlarning butunligi buzilib ularda yoriqlar paydo bo‘ladi, qatlamlar yoriqlar bo‘ylab yuqoriga siljishi (vzbros), pastga siljishi (sbros), yon tomonga siljishi (nadvig) mumkin, shuningdek, darzliklar shakllanadi.
Qayd qilingan tektonik harakatlar har qanday hududda birgalikda va ketma-ketlikda rivojlanadi, shu sababli u yoki bu maydonning tektonik rejimi yer po‘sti harakatining bir turi bilan belgilanmaydi.
To‘lqinsimon harakatlar ta’sirida barpo bo‘lgan yirik struktura shakllaridan farqli o‘laroq, burmalar nisbatan tez so‘nadi yoki chuqurlik sari shaklini o‘zgartirib boradi.
Yer qobig‘ida vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladigan tektonik harakatlar natijasida yuzaga keladigan barcha o‘zgarishlar tektonik buzilishlarga olib keladi, ular yer po‘stidagi struktura shakllarini, tog‘ jinslarining joylashishini va yer yuzasi relyefini o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Yer qobig‘ining ayrim uchastkalarini geologik rivojlanish tarixini o‘rganish natijasi tektonik buzilishlar yer po‘stining ayrim qismlarini ko‘tarilishi va cho‘kishi, burmalar, darzliklar, yoriqlar hosil bo‘lishi va magmatik eritmalarni jinslar ichiga kirib kelishi orqali sodir bo‘lishini ko‘rsatdi. Relyefning asosiy shakllari – yirik ko‘tarilmalar va egilmalardan iborat bo‘lib, to‘lqinsimon harakatlar