Геология ва геоморфология. Ю. Иргашев

Геология ва геоморфология - Ю. Иргашев


Скачать книгу
relyef hosil bo‘lishdagi o‘rni

      Tog‘ jinslarining deformatsiyalanish mexanizmi va ularni dala sharoitida (lokal uchastkalarda) o‘rganish metodikasi ko‘pgina olimlar (V.V.Belousov. A.A.Bagdanov, N.I.Nikolayev, N.S.Shatskiy, N.N.Maslov va b.) tomonidan o‘rganilgan.

      Deformatsiya – geologiya fanida, tektonik kuchlar ta’sirida Yer po‘stining ayrim qismlarida avval hosil bo‘lgan tog‘ jinslarining buzilishini, hajmi va shaklining o‘zgarishini bildiradi. Deformatsiya tog‘ jinslariga gidrostatik bosimning muntazam ta’sir etishidan yuzaga keladi. Agar jinslarga bir tomonga yo‘nalgan kuch ta’sir etsa, jins shaklini o‘zgarishida deformatsiyani uch: elastik, plastik va uzilma turi paydo bo‘ladi.

      Elastik deformatsiyada jinsning shakli o‘zgaradi, tashqi kuch ta’siri to‘xtashi bilanoq, jinsning avvalgi shakli tiklanadi. Plastik deformatsiyada jins shaklining o‘zgarishi uzluksiz sodir bo‘ladi, tashqi kuch ta’siri tugaganda u asl holiga qaytmaydi. Bunday deformatsiya yerning chuqur qismlarida ma’lum bir yo‘nalishdagi differensial harakatlar ta’siridan vujudga keladi. Uzulmali deformatsiya yoriqlar va darzliklar ta’sirida jins yaxlitligining buzilishidan sodir bo‘ladi.

      Plastik va uzilmali deformatsiyalar yer yuzasi relyefining barpo bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yer po‘stida sodir bo‘ladigan deformatsiyalar qatlamlarning dastlabki yotish holatini o‘zgarishiga, Yer po‘stida yuzaga keladigan cho‘kishlar, ko‘tarilishlar va uning ayrim qismlarini gorizontal siljishiga olib keladi va relyefda katta o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi.

      Tog‘ jinslarining deformatsiyalanishiga turli omillar temperatura, eritmalar, vaqt ta’sir etadi. Temperaturaning ortishi jinslarning plastikligini kuchaytiradi; eritmalar minerallarning qayta kristallashishiga olib keladi. Tog‘ jinslarining fizik xususiyatlari qayd qilingan omillar ta’sirida sezilarli o‘zgarishlarga uchraydi va shu sababli, yer qa’ridagi tektonik harakatlarning faolligi ortadi.

      Barcha tog‘ jinslarining xususiyatlari vaqt davomida kuchli o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi. Nurash jarayoni tog‘ jinslarini yemiradi, parchalaydi, ularda darzliklar hosil qiladi, tabiiyki jinslarning xususiyatlari ham o‘zgaradi. Bu o‘z navbatida tektonik buzilishlar rivojlanishini jadallashtiradi, jinslarda esa plastik deformatsiyalar namoyon bo‘ladi.

      Plastik deformatsiyalar tog‘ jinslarida quyidagicha kechadi. Dastlab, bosim ta’sirida tog‘ jinsini tashkil etuvchi zarralar oralig‘ida siljish kuzatiladi, jinsning zichlashishidan zarralar orasidagi g‘ovaklik kamayadi. Jinsning deformatsiyalanishi ma’lum bir chegaraga yetganda unda darzliklar paydo bo‘ladi, so‘ngra jinsning buzilishi-parchalanishi kuzatiladi. Bunday buzilishlar yer qa’rida uzluksiz sodir bo‘lib, elastik, plastik va uzilmali deformatsiyalarni rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bunday deformatsiyalar kimyoviy reaksiyalar ta’sirida jins minerallarining erishi, mineral tarkibini o‘zgarishi va yangi minerallarning paydo bo‘lishi bilan kechadi.

      Tadqiqotlar mayda zarrali cho‘kindi jinslarning, ayniqsa, gillarning oson va kuchli deformatsiyalanishini ko‘rsatdi. Tarkibida gil fraksiyalari ko‘p bo‘lgan cho‘kindi jinslar plastik xususiyatga ega bo‘lib, boshqa tarkibli jinslardan yuqori darajada plastik xususiyatga egaligi va deformatsiyalanishi bilan ajralib turadi. Mayda zarrali jinslarda plastik deformatsiyalar bosim ostida yuzaga keladi, shu sababli zarralar ma’lum bir yo‘nalishda siljib, oqishi ham mumkin.

      Toshqotgan va kristall jinslarning tashqi kuch ta’sirida deformatsiyalanishi murakkab kechadi, unda darzlik va g‘ovaklarning ta’siri sezilarli bo‘ladi. Bunday jinslarning hajmiy kuchlanish holatlari katta bosimlar ta’sirida yuzaga keladi. Masalan, zich ohaktoshlar 675 MPa bosim bilan ikki oy davomida siqilganda hech qanday deformatsiya kuzatilmagan. Bosim 900 MPa ga yetganda jins ichidagi g‘ovaklarning bekilishi sodir bo‘lgan.

      Tektonik strukturalarning paydo bo‘lishi endogen (ichki) va gorizontal ta’sir etuvchi kuchlarga bog‘liq. Endogen kuchlar og‘irlik kuchi bilan birgalikda turli petrografik tarkibli tog‘ jinslaridan tuzilgan litosferaning ayrim uchastkalarini deformatsiyalanishiga, ularning kengayishi va siqilishiga sabab bo‘ladi.

      V bob. QATLAMLARNING YOTISH HOLATLARI

      5.1. Qatlamlarning gorizontal va monoklinal holatda yotishi, ularning relyef hosil bo‘lishidagi o‘rni

      Cho‘kindi yotqiziqlari odatda gorizontal yoki biroz qiya holatda yotadi. Qatlamlarning bunday shaklda yotishi qayta-qayta buzilishlar, o‘zgarishlar va siljishlarga duchor bo‘lmagan hosilalarda keng tarqalgan.

      Кo‘pgina cho‘kindi yotqiziqlari u yoki bu darajada tektonik jarayonlar ta’siriga duchor bo‘lganliklari sababli gorizontal holatdan qiya holatga o‘tgan bo‘lib, buzilishlar yoki dislokatsiyalar ularga ta’sir ko‘rsatgan bo‘ladi. Dislokatsiyalarga uchragan qatlamlarning eng ko‘p tarqalgan shakllariga monoklinal yotish misol bo‘laoladi.

      Monoklinal burma qatlamlarning dastlabki yotish holatining eng oddiy o‘zgargan shakli bo‘lib, gorizontal sathga nisbatan qiyshayishi bir tarafga yo‘nalgan bo‘ladi. Bunda gorizontal holatdan qiya holatga o‘tgan har bir qatlamning qiyalik tekisligi belgilanadi. Uning ustki (ship) qismi va ostki (tag) qismi shartli ravishda belgilanadi, shunga ko‘ra makonda yotish elementlari: cho‘ziqlik chizig‘i, qiyalik azimuti va qiyalik burchagi ajratiladi (5.1-rasm).

      5.1-rasm. Qatlamlarni yotish elementlari: AB – cho‘ziqlik chizig‘i, vg – qiyalik chizig‘i; ABV (α) – qiyalik burchagi.

      Qatlamning cho‘ziqlik chizig‘i deb qatlamning yer yuziga chiqib qolgan va bir tarafga cho‘zilib ketgan qismi bo‘ylab, ularni gorizontal tekislikka tegib turishidan hosil bo‘lgan chiziqqa aytiladi.

      Qatlamning gorizontal tekislikka nisbatan og‘ishi qiyalik burchagi yordamida aniqlanadi. Uning qiymati 0 dan 900 gacha o‘zgaradi. Qiyalik burchagi aniqlangach, uning azimuti topiladi. Uni topish uchun tog‘ kompasining burchak o‘lchagichidan foydalaniladi.

      Qatlamning qiyalik azimuti meridian chizig‘i bilan qiya tomoni o‘rtasida hosil bo‘lgan gorizontal burchak orqali ifodalanadi. Qatlamlar holatini o‘lchash natijalariga ko‘ra, ularni quyidagicha ifodalash mumkin:

      G‘ShG‘ 2800 < 300. Demak, qatlamning yo‘nalishi g‘arb, shimoliyg‘arb tomonga 2800, qatlamlanish tekisligi esa gorizontal tekislikka nisbatan 300 burchak ostida yotadi. Qiyalik burchagi o‘lchangach, qiyalik azimuti o‘lchanmasa ham bo‘ladi, chunki bu ikkala azimut birbiridan 900 ga farq qiladi.

      Qatlamlarning yotish holatlarini bilishdan tashqari, ularning birbiriga nisbatan mos yoki nomos yotishini ham bilish lozim. Dengiz va okeanlarda cho‘kindi jins to‘planish jarayoni natijasida oldin hosil bo‘lgan qatlamlar ustiga birin-ketin yoshroq yotqiziqlarning parallel holda yotishi mos yotish deb ataladi (5.2-rasm, a).

      5.2-rasm. Qatlamlarning mos (a) va nomos (b) yotishi.

      Agar ma’lum geologik davrda hosil bo‘lgan qadimiy (qari) jins qatlamlari dislokatsiyaga uchrab yuqoriga ko‘tarilsa, unda cho‘kindi to‘planishi to‘xtaydi, keyinchalik shu maydon cho‘kib yana cho‘kindi yotqizilishi davom etsa, yotqiziqlarning ketma-ketligi hamda geoxronologik jadvalda ko‘rsatilgan davrlar ketma-ketligi buziladi. Qatlamlarning bu holda yotishi stratigrafik nomoslik hisoblanadi. To‘rtlamchi davr tog‘ jinslari burmalangan qatlamlar ustida gorizontal holda yotsa, bu tektonik nomoslikka misol bo‘laoladi (5.2-rasm, b).

      Qatlamlarning monoklinal yotishi Respublikamiz hududida ko‘p uchraydi. (Masalan, Surxondaryo tog‘lararo botig‘ida Bobotog‘ tog‘ tizmalarida).

      5.2. Qatlamlarni va yer yuzasi relyefini xaritada ifodalash usullari

      Gorizontal yotgan jinslarni tasvirlash. Agar tog‘ jinslari gorizontal holda yotgan bo‘lsa, u vaqtda qatlamlar orasidagi chegara chizig‘i gorizontal chiziq (bir xil absolyut balandlikdagi nuqtalarni birlashtiruvchi chiziq)qa parallel yotishi yoki ular bilan ustma-ust


Скачать книгу