Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс

Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс


Скачать книгу
darajada ichadigan odati bo‘lmaganidami, bundan u talay naf ko‘rishi, bu menga bo‘hton yog‘diradi, deb o‘z turqi ustidan sudda ish qo‘zg‘ab, ko‘rgan zarari evaziga mo‘maygina siylov undirib olishi ham mumkin edi.

      Keksa jentlmen ehtirom-la ta’zim bajo keltirdi-da, sudyaning stoliga yaqinroq borib:

      – Mana mening ism-sharifim bilan turarjoyim, ser, – deya tashrifnomasini uzatdi.

      Keyin ikki qadam chekinib, yana bir bor ehtirom-la jentlmenona ta’zim bajo qildi-da, so‘roqni kuta boshladi.

      Shundoq hol sodir bo‘ldiki, aynan shu soniyada mister Feng tonggi gazetaning o‘zining yaqin kunlardagi hukmi qarorlaridan biri tilga olingan va Ichki ishlar ministriga uch yuz elliginchi marta bunga alohida hamda maxsus e’tibor berish taklif etilgan bosh maqolasini diqqat bilan o‘qiyotgan edi. Uning kayfiyati buzuq edi, shu bois chimirilib, zarda bilan boshini ko‘tardi.

      – Kim bo‘ladilar o‘zlari? – so‘radi mister Feng.

      Keksa jentlmen xiyol ajablanib, o‘z tashrifnomasiga qarab imo qildi.

      – Polismen, – dedi mister Feng nafrat-la tashrifnomani gazetaga qo‘shib nariga itqitar ekan, – bu nusxa kim?

      – Mening ism-sharifim, ser, – dedi qariya jentlmenlarga xos so‘zlash tarzida, – mening ism-sharifim, ser, Braunlou… O‘z lavozimi panohida e’tiborli bir keksa odamni hech qanday asossiz hamda behudadan-behuda haqorat qilayotgan hakamning ism-sharifini bilsak bo‘ladimi, ijozatlari bilan.

      Shu so‘zlarni aytar ekan, mister Braunlou xuddi o‘zi talab qilayotgan ma’lumotni olsa bo‘ladigan biron odamni izlayotgandek, xonaga alangladi.

      – Polismen, – takrorladi mister Feng bir varaq qog‘ozni chetga qarata uloqtirib, – bu nusxa nima vaj bilan ayblanayotir?

      – U hech nimada ayblanayotgani yo‘q, muhtaram janob, – javob berdi politsiyachi. – U manavi bolakayga qarshi ayblovchi bo‘lib kelgan, muhtaram janoblari.

      Muhtaram janoblari esa buni juda yaxshi bilib turardi: ammo bu guvohning jig‘iga tegishning ajoyib, ustiga-ustak, mutlaqo xavfsiz usuli edi.

      – Bolaga qarshi ayblovchi bo‘lib keldi degin-a? – dedi Feng mister Braunlouga boshdan-oyoq nafratomuz nazar tashlab chiqar ekan. – Qasam ichiring unga!

      – Qasam ichirishlaridan avval bir og‘izgina so‘z aytishimga ijozat so‘rayman, – dedi mister Braunlou, – chunonchi: mabodo, o‘z tajribamdan o‘tkazib, ishonch hosil qilmaganimda, men hech qachon inonmasdimki…

      – Tilingizni tiyib turing, ser! – dedi mister Feng amirona ohangda.

      – Istamayman buni, ser! – javob berdi keksa jentlmen.

      – Hoziroq tilingizni tiying, yo‘qsa, sizni bu yerdan quvib chiqarishlarini buyuraman! – o‘shqirdi mister Feng. – Surbet ekansiz-ku! Sudyaga betgachoparlik qilishga qanday jur’at etdingiz?

      – Nima dedilar? – qichqirib yuborayozdi keksa jentlmen qizarib.

      – Bu odamga qasamyod ettiringlar! – dedi Feng o‘z xodimiga. – Ortiq bir og‘iz so‘zini eshitgim yo‘q. Qasamyod ettiringlar unga.

      Mister Braunlouning qahr-u g‘azabi had-hududsiz edi-yu, lekin basharti, his-tuyg‘umga erk berib yuborsam, balki bolakayga faqat jabr qilib qo‘yarman, degan mulohazaga borib, g‘azabini jilovladi-da, itoatkorlik bilan qasamyod etdi.

      – Xo‘sh, – dedi Feng, – bu bolakayni nimada ayblashyapti? Nima deya olasiz bu borada, ser?

      – Men kitob do‘konida turgandim… – deya so‘z boshladi mister Braunlou.

      – Uningizni o‘chiring, ser, – dedi mister Feng. – Polismen! Polismen qay go‘rda qoldi?.. Ana u. O‘sha polismenga qasam ichiring… Xo‘sh, polismen, nima gap?

      Politsiyachi munosib tarzda itoatgo‘ylik-la aybdorni qanday qo‘lga olganini, Oliverni qanday tintib, yonidan hech nima topa olmaganini, keyin bu borada boshqa narsani bilmasligini ma’ruza qildi.

      – Yana guvohlar bormi? – surishtirdi mister Feng.

      – Boshqa hech kim yo‘q, ser, – javob berdi politsiyachi.

      Mister Feng bir necha daqiqa sukut saqladi, so‘ngra esa jabrdiydaga o‘girilib, darg‘azab dedi:

      – Bu bolakayga qanday ayb qo‘yayotganingizni bayon etish niyatingiz bormi yoki bunday niyatingiz yo‘qmi? Siz qasamyod etdingiz. Basharti, guvohlik berishdan bosh tortadigan bo‘lsangiz, sizni sudga hurmatsizlik ko‘rsatgan shaxs sifatida jazolayman. He, o‘sha sizni…

      Bu jumlaning oxiri chala qoldi, zotan, aynan kerakli paytda sud xodimi bilan turma nazoratchisi qattiq-qattiq yo‘talib qolishdi va ulardan birinchisi – tasodifan, albatta – og‘ir kitobni yerga tushirib yubordi-yu, buning oqibatida gapning davomini eshitib-anglab bo‘lmadi.

      Dam-badam og‘ziga urib, ustma-ust haqorat eshitib turgan mister Braunlou amallab bu ish qanday sodir bo‘lganini, oldiniga shoshib qolib, qocha boshlagan bolakayning ortidan quvishga tushganini gapirib berdi; keyin sudyaning bolakayni o‘g‘rilikda emas, balki o‘g‘rilar bilan sheriklikda ayblab, qonunni buzmagan holda, unga shafqat ko‘rsatajagiga umid bildirdi.

      – U shundoq ham jazosini yedi, – dedi oxirida keksa jentlmen. – Yana shu narsadan qo‘rqamankim, – qizg‘inlik bilan qo‘shimcha qildi u sudyaga nigoh tashlab qo‘yarkan, – rosti bilan tobi qochib qoldi chog‘i deb qo‘rqib turibman!

      – Bo‘lmasam-chi, albatta-da! – dedi mister Feng masxaraomuz irshayib. – Hoy daydi, maynavozchilikni bas qil! Baribir foydasi yo‘q. Isming nima?

      Oliver javob berishga urindi, lekin tili itoat etmadi unga. Rangi murdadek pag‘a bo‘lib ketgandi, nazdida, xonadagi jamiki narsa ko‘z oldida charxpalakdek aylanayotganday tuyuldi.

      – Hey o‘ng‘almas bezori, oting nima? – so‘radi mister Feng. – Polismen, uning ismi nima?

      Bu savol panjara yonida turgan qo‘polroq, ko‘rinishidan oqko‘ng‘il, yo‘l-yo‘l jiletkali qariyaga qaratilgan edi. U Oliverga engashib, savolni takrorladi, ammo bola chindan ham gapini tushunadigan holatda emasligiga ishonch hosil qildi va bolaning indamayotgani sudyani beshbattar quturtirib yuborib, qattiqroq hukm chiqarishiga sabab bo‘lishini anglab, tavakkaliga javob qilishga jazm etdi.

      – U aytyapti, ismim Tom Uayt deyapti, muhtaram janoblari, – dedi bu yumshoqko‘ngil o‘g‘rilar ovchisi.

      – O‘, hali gapirishni ham istamayaptilarmi? – dedi Feng. – Yaxshi, juda soz. Qayerda turarkan u?

      – To‘g‘ri kelgan joyda, muhtaram janoblari! – dedi politsiyachi, go‘yo bu gal ham Oliver o‘ziga javob qilgandek.

      – Ota-onasi hayot ekanmi? – surishtirdi mister Feng.

      – U, men judayam yoshligimda o‘lib ketishgan, deyapti, muhtaram janoblari, – deya javob qildi politsiyachi odatdagidek tusmollab.

      So‘roq shu yerga yetganda Oliver boshini ko‘tardi-da, iltijoli nigoh tashlab qo‘yib, arang eshitiladigan qilib bir qultum suv so‘radi.

      – Bema’ni qiliq! – dedi mister Feng. – Meni laqillataman deb xomtama bo‘lma!

      – Nazarimda, uning rostdan ham tobi yo‘qqa o‘xshaydi, muhtaram janoblari, – e’tiroz bildirdi politsiyachi.

      – Menga yaxshiroq ayon, – dedi mister Feng.

      – Yordamlashib yuboring unga, polismen, – dedi keksa jentlmen beixtiyor qo‘lini o‘sha yoqqa cho‘zib, – hozir yiqilib tushadi.

      – Chetroq turing, polismen! – qichqirdi Feng. – Agar xohlasa, mayli, yiqilaversin.

      Oliver bu iltifotli izndan foydalanib, hushidan ketdi-yu, shilq etib yiqildi. Shu yerda hozir bo‘lganlar bir-birlari bilan ko‘z urishtirib olishdi-yu, biroq birortalari qimir etishga botinmadi.

      – Mug‘ombirlik qilayotganini o‘zim ham bilib


Скачать книгу