Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Beytsning tasavvuri butun manzarani haddan ziyod yorqin bo‘yoqlarda jonlantirgan edi. Shunday deya xitob qilgach, u yana pillapoyada u yoqdan-bu yoqqa dumalaganicha, battarroq xaxolayverdi.
– Fedjin nima deydi endi? – deb so‘radi Tullak sherigi kulaverib nafasi tiqilib qolgan paytdan foydalanib.
– Nima? – qaytarib so‘radi Charli Beyts.
– Xuddi shu – nima bo‘ldi deyishini aytyapman-da, – takrorladi Tullak.
– Xo‘sh, u nima deyishi mumkin? – so‘radi Charli xursandchiligi birdan ichiga tushib ketib, nega deganingizda, Tullakning avzoyi jiddiy edi. – Nima deyishi mumkin?
Mister Daukins bir-ikki daqiqa hushtak chalib turdi, so‘ngra shlyapasini yechib, boshini qashib, uch karra bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Nima demoqchisan o‘zi? – so‘radi Charli.
– Tarallabedod! Bema’ni gap bo‘ldi-ku, jin urgur! – dedi Tullak. Shu asnoda uning aqlli basharasida istehzoli kulgi paydo bo‘ldi.
Bu – odamni qanoatlantirmaydigan sharhlov bo‘ldi. Yosh Beyts aynan shunday deb topdi va takroran so‘radi:
– Nima demoqchisan o‘zi?
Tullak javob bermadi; shlyapasini kiyib, uzun kamzuli barini balandroq ko‘tardi-da, odaticha tili bilan lunjini olti martacha g‘urra qilib shishirib keyin ma’nodor qilib qanshariga sharaq etkizib tushirdi-yu, tovonida chir aylanganicha hovliga urib ketdi. Yosh Beyts o‘ychan qiyofada orqasidan ergashdi.
Ana shu suhbatdan bir necha daqiqa o‘tgach, g‘ijildoq zinapoyadan kelayotgan odim sharpalari o‘choq oldida chap qo‘lida arzon kolbasa bilan non, o‘ng qo‘lida esa buklama pichoqni ushlab o‘tirgan keksa quvnoq jentlmenning diqqatini tortdi; uchoyoqda qalayi kostryulka turardi. U qayrilib qarab qo‘ydi, keyin baroq malla qoshlari ostidan sergaklik bilan tikilgan ko‘yi eshik tomon burilib, quloq sola boshlaganida zahil yuziga jirkanch bir irshayish qalqdi.
– Qanaqasi bo‘ldi bu? – ming‘irladi juhud avzoyi o‘zgarib. – Ikkitasi qaytibdimi? Uchinchisi qayoqda qoldiykin? Ishlari pachava bo‘lishi mumkinmasdi-ku.
Odim sharpalari tobora yaqinlashib kelardi; mana, deyarli zinapoyaning tepadagi maydonchasidan eshitilyapti. Eshik astagina ochildi, Charli Beyts bilan birga ichkari kirgan Tullak uni yopib qo‘ydi.
O‘N UCHINCHI BOB
ZIYRAK KITOBXONNI YANGI SHAXSLAR BILAN TANISHTIRADI; SHU MUNOSABAT BILAN MAZKUR HIKOYATGA TAALLUQLI TURLI QIZIQARLI NARSALAR HAQIDA HIKOYA QILADI
– Oliver qani? – dag‘dag‘ali qiyofada so‘radi juhud o‘rnidan sapchib turarkan. – Bola qani?
Yosh o‘g‘rivachchalar o‘z ustozlariga, uning keskin harakatlaridan tahlikaga tushib tikilishar ekan, xavotirda bir-birovlariga qarab qo‘yishdi. Ammo ular churq etib javob qaytarishmadi.
– Bolaga nima bo‘ldi? – deya qichqirdi juhud Tullakning yoqasiga chang solib, keyin kurakda turmaydigan haqoratli so‘zlar bilan so‘ka ketdi. – Javob ber, bo‘lmasa bo‘g‘ib o‘ldiraman!
Mister Fedjin mutlaqo hazillashmayotgandi, shunda o‘z xavfsizligi g‘amini yeyishni ma’qul bilgan va keyin o‘zining ham bo‘g‘ilib o‘lish navbati kelishi tayin ekanini ko‘rib turgan Charli Beyts tiz cho‘kdi-yu, quturgan buqa bilan karnayning o‘kirig‘i oralig‘idagi o‘kiriqqa o‘xshash ovozda qattiq, to‘xtamay bo‘kiraverdi.
– Gapirasanmi, yo‘qmi? – ovozi boricha baqirdi juhud, Tullakni u shunday kuch bilan silkirdiki, bolaning nega keng kamzuli ichidan otilib chiqib ketmayotgani bir mo‘jizadek tuyulardi.
– Iskovuchlar ilintirib ketishdi, bor gap shu! – dedi Tullak zarda bilan. – Qo‘yvoring meni, eshityapsizmi?
Tullak bir yulqinib, keng kamzulini juhudning qo‘lida qoldirgancha ichidan sirg‘alib chiqdi-yu, bo‘g‘irsoq qovuradigan sanchqini ola solib, keksa quvnoq jentlmenning nimchasini mo‘ljallab turib daf qildi; mabodo, bu hamlasi muvaffaqiyatli chiqqanida bormi, qariya ancha-muncha quvnoqligidan ayrilishi turgan gap edi, keyin uning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmasdi.
Aynan shu tahlikali lahzada juhud bunday zaif va to‘kilib turganday ko‘ringan odamdan kutish qiyin bo‘lgan bir chaqqonlik bilan chetga sapchidi-yu, ko‘zani ola solib, raqibi boshini mo‘ljallab baland ko‘tardi. Biroq xuddi shu soniyada Charli Beyts rostdan ham odamning kapalagini uchirib yuboradigan bo‘kirig‘i bilan diqqatini tortib qoldi-yu, chol to‘satdan fikridan qaytib, ko‘za bilan yosh jentlmenlardan o‘shanisini tushirdi.
– Bu qanaqangi mashmasha! – deya to‘ng‘illadi kimdir. – Buni kim uloqtirdi? Yaxshiyamki ko‘zaning o‘zimas, ichidagi pivosi tegdi menga, bo‘lmasa, birortalaringni abjaqlaringni chiqarib qo‘yardim-a!.. Xuddi shundoq! Bu jin chalib, jabbor urgur boy, talonchi, qari juhuddan boshqa kim ham shundoq ichimlikni uvol qilardi? Ehtimol, suvni to‘kar, o‘shandayam mabodo, har uch oyda Vodoprovod kompaniyasini aldab tursagina… Nima gap, Fedjin? Obbo, sharfim pivo tegib shiltayi shalabbo bo‘ldi-da!.. Beri kel, hoy pastkash maxluq, xuddi o‘z egangdan uyalayotganday, nimaga eshikning orqasida o‘ralashyapsan. Kir, bu yoqqa!
Bu so‘zlarni aytayotgan nusxa o‘ttiz besh yoshlar chamasidagi qora chiyduxoba kamzul, isqirt kalta cholvor, tizimchali boshmoq va kulrang ip paypoq kiygan barvasta yigit bo‘lib, paypog‘i ostidan boldiri bo‘rtib turardi – basharti, uni kishan bezab turmagan bo‘lsa, bunday kiyinilganda unaqangi oyoqqa nimadir yetishmayotganday tuyuladi hamisha. Yigitning boshida jigarrang shlyapa; bo‘yniga o‘rab olgan olachipor sharfining uzun uchi bilan esa pivo sachragan aftini artardi. Bu ishini tugatarkan, dag‘al, yapasqi yuzi ko‘rindi, soqoli esa bir necha kundan buyon ustara ko‘rmagan; ko‘zlari g‘amgin; bir ko‘zi tegrasini yaqindagina yegan zarbasidan dalolat beruvchi rang-barang dog‘-dug‘lar qurshab olgan.
– Bu yoqqa deyapman, eshityapsanmi? – to‘ng‘illadi bu yoqimtoy nusxa.
Xonaga tumshug‘i tirnalgan, oppoq baroq junli it jilpanglab kirib keldi.
– Nega oldinroq kirmading? – dedi yigit. – Men bilan odamlarning ko‘ziga ko‘rinishdan or qiladigan bo‘lib, juda-a dimoqlari shishib ketibdi-da, a? Yot!
Buyruq tepki hamrohligida yangradi, jonivor it xonaning narigi burchagiga borib tushdi. Lekin it bunga ko‘nikib ketgan shekilli: jimgina, g‘ing demay, sovuq ko‘zlarini har daqiqada yigirma martalab pirillatib yumib-ochgancha burchakda pusibgina yota qoldi, u go‘yo xonani nazardan o‘tkazishga jazm qilganga o‘xshardi.
– Nimalar qilyapsiz bu yerda: qurumsoq, ochofat, yebto‘ymas chol, o‘g‘rilik mollar gumdonchisi, bolakaylarni qiynab yotibdilarmi deyman-a? – so‘radi barvasta yigit, xotirjamgina kursiga cho‘kar ekan. – Bularning shu paytgacha sizni gumdon qilib qo‘ya qolishmaganiga hayronman! Ularning o‘rnida bo‘lsam, albatta, shundoq qilardim! Ha, allaqachon shundoq qilgan bo‘lardim, sizning shogirdingiz bo‘lganimda… va… e-yo‘q, sotolmasdi sizni, nimagayam yarardilar o‘zlari?! Faqat noyob bedavo nusxa sifatida shisha bankada asrasa bo‘larku-ya, lekin bunaqangi katta shisha bankalarni yasashmaydi chog‘i.
– Sekinroq, – dedi juhud qaltirab. – Mister Sayks, bunaqangi shang‘illamang.
– Qo‘ying o‘sha mister-pisterlaringizni! – javob qaytardi barvasta yigit. – Mana shunaqangi balandparvoz gapira boshladingiz deguncha doim dilingizda bironta shum niyat bo‘ladi. Mening ismi sharifimni biladilar o‘zlari, shundoq ekan, o‘z otimni aytavering-da! Vaqti-soati yetganda unga dog‘ tushirmayman, ishonavering!
– Barakalla, ayni haq gap, Bill Sayks, – dedi juhud qabihona yaltoqilik bilan. – Kayfiyatingiz buzuq ko‘rinadimi, Bill?
– Balkim shundaydir, – javob qildi Sayks. – Men sizga aytsam, o‘zlariniyam kayfiyatlari joyidamasroq shekilli yoki ko‘zani uloqtirganda hech kimga ziyon keltirmayman, deb hisoblaydilarmi, yoki…
– Esingiz joyidami o‘zi? – ovozini xiyol balandlatdi juhud yigitning yengidan ushlab, bolalar tomonga ishora