Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
ochishdi, ikki kishi endi behush bolani qamoqxonaga olib ketishga shaylangan ham ediki, to‘satdan xonaga eski qora kamzul kiygan, ko‘rinishidan xushodob, biroq kambag‘alroq keksa bir kishi otilib kirdi-yu, sudyaning stoliga qarab yurdi.
– Shoshmanglar! Olib ketmay turinglar uni! Xudo haqqi, bir daqiqagina shoshmanglar! – deya xitob qildi yangi kelgan kishi tez yurganidan halloslab.
Garchandki, bunday maskanlarda hukmronlik qiluvchi ruhlar erk-ozodlik ustidan, yaxshi nom-u obro‘-sha’n ustidan, oz bo‘lmasa hazrati oliylari ning fuqarolari (ayniqsa, faqir sinflar vakillarining) hayoti ustidan to‘liq hamda cheksiz hukmdorlik qilsalar-da va garchandki, bu devorlar ichkarisida kun-bakun hatto farishtalar ko‘z yoshi to‘kkuday aql bovar etmaydigan manzaralar sodir bo‘lib tursa-da, matbuotda chiqib qoladigan uncha-muncha narsani hisobga olmaganda bu ishlar jamoatchilikdan pinhon tutiladi. Ana shu sababdan ham mister Feng shunchalar nopisandlik bilan ushbu tartibni buzgan bu chaqirilmagan mehmonni ko‘rganida hazilakamiga achchiqlanmadi.
– Nima gap? Kim bu? Quvib chiqarilsin bu odam! Xona bo‘shatilsin! – o‘shqirdi mister Feng.
– Men gapirmoqchiman! – qichqirdi u kishi. – Meni quvib chiqarishlariga yo‘l qo‘ymayman! Men hammasini ko‘rganman. Men kitob do‘koni egasiman. Talab qilaman, menga qasamyod ettirishsin! Mening og‘zimni yumib qo‘yolmaysiz. Mister Feng, mening gaplarimga quloq solishingiz kerak. Yo‘q demasligingiz kerak, ser.
Bu kishi haq edi. Uning avzoyi qat’iy, ish esa, bosdi-bosdi qilib yuborishning imkoni qolmay, jiddiy tus ola boshlagandi.
– Qasamyod ettiringlar, bu odamni! – deya g‘oyatda adovatli ohangda to‘ng‘illadi mister Feng. – Xo‘sh, nima gaplari bor aytadigan?
– Gap bundoq: uch bola – ushlangan va yana ikki bola – manavi jentlmen kitob o‘qib turgan paytda ko‘chaning narigi betida ivirsib yurishganini o‘zim ko‘rdim. O‘g‘rilik qilgan boshqa bola. Bu qanday bo‘lganini o‘zim ko‘rib turgandim, innaykeyin, manavi bolakayning butunlay o‘zini yo‘qotib, dovdirab qolganini ham ko‘rgandim.
Bu paytga kelib, kitob do‘koni sohibi sal nafasini rostlab olgan va endi o‘g‘rilik qanday sharoitda sodir bo‘lganini picha ravon hikoya qila boshlagandi.
– Nega avvalroq kelmadingiz bu yerga? – so‘radi Feng bir nafas sukut saqlagach.
– Do‘konni tashlab kelgani odam bo‘lmadi, – javob berdi do‘kondor. – Menga yordam berishi mumkin bo‘lganlarning bari quv-quvga qo‘shilib ketishdi. Besh daqiqa burunroq ham hech kimni topolmadim qo‘yib kelgani, bu yoqqa bo‘lsa yo‘l bo‘yi yugurib keldim.
– Da’vogar kitob o‘qib turgan ekan-da, shundaymi? – surishtirdi Feng yana picha sukut saqlagach.
– Shunday, – javob berdi do‘kondor. – Qo‘lidagi mana shu kitobni.
– Xuddi shuning o‘zinimi? – dedi Feng. – Haqini to‘laganmidi o‘zi?
– Yo‘q, pulini bermagandi, – iljayib javob berdi kitobfurush.
– Yo Tangrim, butunlay esimdan chiqib ketibdi-ku! – soddadillik bilan xitob qildi faromushxotir keksa jentlmen.
– Nimayam derdik, bag‘oyat bohurmat zot ekanlar-u o‘zlari, yana sho‘rlik go‘dakni aybdor qilib yuribdilar-a! – dedi Feng kulgini qistatadigan tarzda o‘zini rahmdil qilib ko‘rsatishga urinib. – O‘ylaymanki, ser, siz ushbu kitobga sha’ningizga dog‘ tushiradigan va shubha tug‘diradigan vaziyatda ega bo‘lib olgansiz. O‘zingizni omadim bor ekan, deb hisoblayverishingiz mumkin, zotan, kitob egasining sizni sudga berish niyati yo‘q ko‘rinadi. Ushbu hol sizga bir saboq bo‘lsin, azizim, yo‘qsa, odil sud o‘zlari bilan shug‘ullanishi ham mumkin hali… Bola oqlanadi… Xona bo‘shatilsin!
– Jin ursin! – qichqirib yubordi keksa jentlmen ortiq g‘azabini jilovlay olmay. – Jin ursin! Men…
– Xona bo‘shatilsin! – dedi hakam. – Polismenlar, eshityapsizlarmi? Xona bo‘shatilsin!
Buyruq ado etildi. Jazavasi qo‘zigan, g‘azab va nafratdan joni bo‘g‘ziga kelgan mister Braunlouni bir qo‘lida kitob va ikkinchi qo‘lida hassasi bilan xonadan chiqarib qo‘yishdi. U hovliga chiqdi-yu, shu ondayoq jazavasi tarqadi-ketdi. Ko‘ylagi tugmalari yechiq, boshi-chakkalari ho‘l mitti Oliver Tvist tosh yotqizilgan hovlida yotardi; yuzi murdadek oqargan, butun a’zoyi badani qaltirayapti.
– Bechora bola, sho‘rlik bolagina-ya! – dedi mister Braunlou uning ustiga engashib. – Izvosh! Iltimos, birortanglar izvosh chaqiringlar. Tezroq!
Izvosh yetib keldi, Oliverni avaylab o‘rindiqqa yotqizishgach, keksa jentlmen ikkinchisiga o‘tirdi…
– Siz bilan birga ketishimga ruxsat etasizmi? – iltimos qildi kitobfurush izvosh ichiga mo‘ralab.
– Yo Tangrim, albatta-da, qadrdon! – tez javob qildi mister Braunlou. – Sizni unutibman. E xudoyim-a, xudoyim-a! Bu baxti qaro kitob hanuzgacha qo‘limda ekan-ku! Tezroq chiqa qoling! Bechora bolakay! Biron daqiqani behuda ketkazib bo‘lmaydi.
Kitobfurush usti yopiq izvoshga chiqdi va ular yo‘lga tushishdi.
O‘N IKKINCHI BOB
OLIVERGA UMRI BINO BO‘LGANIDAN BERI KO‘RMAGAN G‘AMXO‘RLIKNI KO‘RSATGANLARI HAQIDA VA YANA QUVNOQ KEKSA JENTLMEN BILAN UNING YOSH DO‘STLARI TO‘G‘RISIDA HIKOYA QILADI
Izvosh deyarli Oliver Tullak hamrohligida ilk marta Londonga kirib kelgan o‘sha yo‘ldan taraqaturuqlab borib, Izlingtondagi «Farishta»ga yetgach, boshqa tomonga burildi va nihoyat, Pentonvil yaqinida, serdaraxt osuda ko‘chadagi ozodagina uy oldida to‘xtadi. Bu yerda darhol Oliver uchun o‘rin to‘shaldi, yosh do‘stini unga avaylab yotqizishlarini mister Braunlouning shaxsan o‘zi kuzatib turdi; bu yerda bolakayga benihoya mehr-u oqibat hamda g‘amxo‘rlik bilan parvona bo‘ldilar.
Biroq Oliver do‘stlarining mehribonchiliklarini talay kunlargacha sezmay-payqamay yotdi. Quyosh chiqaverdi, yana botaverdi, bu talay marta davom etdi; bola esa hamon ilgarigidek tanni qaqshatadigan isitma xurujida o‘rinda to‘lg‘anib yotaverdi. Qurt-qumursqa murda tanasida o‘z yumushini bu tirik vujud bo‘ylab imillab o‘rmalayotgan haroratchalik ishonch-la ado etolmaydi.
Joni qiltillab, eti ustuxoniga yopishib ketgan va rangida rang qolmagan bolakay bamisoli yilday uzoq davom etgan behalovat uyqudan uyg‘onganday bo‘ldi.
– Bu qanaqa xona? Meni qayerga olib kelishdi? – so‘radi Oliver. – Men bu yerda sirayam uxlamagandim.
U nihoyatda holdan toygan va zaiflashgandi, shu bois bu so‘zlarni shivirlabgina aytdi-yu, lekin shu zahotiyoq uni eshitishdi. Darrov karavotning bosh tomonidagi parda surildi va shundoqqina karavotga taqab qo‘yilgan yumshoq kursida chevarlik qilib o‘tirgan ozoda hamda odmigina kiyingan mehribon keksa xonim o‘rnidan turdi.
– Jim, bo‘talog‘im, – dedi keksa xonim mehribonlik bilan. – Tinch, qimir etmay yotishing kerak, bo‘lmasa tag‘in mazang qochib qoladi. Ahvoling judayam chatoq edi, shundoq chatoq ediki, bundan battari bo‘lmaydi. Yot, aqlli bola bo‘l!
Shu so‘zlar bilan keksa xonim Oliverning boshini avaylabgina yana qayta yostiqqa qo‘ydi-da, peshonasiga tushgan sochini surarkan, unga shunday bir mehribonlik va ko‘ngilchanlik bilan tikildiki, bolakay nimjon qo‘li-la xonimning qo‘lidan ushlab, beixtiyor o‘zining bo‘yniga chirmashtirdi.
– O‘zingning rahming kelsin, ey Xudoyim! – ko‘zlarida yosh miltillab dedi keksa xonim. – Qanday oqko‘ngil, qanday yaxshi bola ekan-a! Bordi-yu, mening o‘rnimda shuncha paytdan beri boshida onasi o‘tirgan bo‘lsa-yu, unga hozir mana shunday tikilsa, naq yurakchasi yorilib ketarmidi-ya!
– Balki u hozir meni ko‘rib turgandir, – shivirladi Oliver qo‘llarini ko‘ksida qovushtirib. – Balki u tepamda o‘tirgandir. Nazarimda, nuqul boshimda o‘tirganga o‘xshab ko‘rinaverdi.
– Isitmada shunday ko‘ringan senga, jonginam, – dedi keksa xonim muloyimgina.
– Ehtimol,